Jahon | 07:23 / 16.05.2022
28587
10 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, dunyo munosabati, yordam va sanksiyalar

Rossiya armiyasining Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq voqea-hodisalarga oid so‘nggi rasmiy xabarlar va yangiliklarning ertalabki qisqacha sharhlari bilan tanishing.

Ukraina tomonining bayonotlari

Volodimir Zelenskiy an’anaviy tungi murojaatida kelayotgan hafta ichida odatdagidek xalqaro faollikni oshirishi haqida ta’kidlagan. Jumladan, u bugun AQShning yetakchi universitetlari talabalari oldida chiqish qiladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua

«Eng asosiysi — bu Ukraina uchun qurol-yarog‘ va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash. Moliyaviy qo‘llash faqat ayni damda barqarorlikni saqlash uchungina emas, Rossiya tomonidan vayron qilingan joylarni tiklash uchun ham kerak.

Shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish bo‘yicha ham ish olib boramiz. Hamkorlarimiz har hafta Rossiyaning dunyo bilan aloqalarini cheklash to‘g‘risida qaror chiqarishlari kerak. Bosqinchilar o‘zlari uchun urushning bahosi qanday ortib borayotganini doimo his qilib turishlari kerak.

Hozir birinchi galdagi vazifa — neft embargosi. Moskvadagilar bu qarorni qanchalik buzishga harakat qilishmasin, Yevropaning Rossiya energiya resurslariga bog‘liqlik davri o‘tib bormoqda.

Urush qanchalik cho‘zilgani sayin ahamiyati oshib boraveradigan yangi bir vazifa — jahon afkor ommasining bizga, Ukrainaga diqqati maksimal darajada bo‘lishi uchun barcha ishni qilamiz. Bizning ehtiyojlarimiz to‘g‘risidagi muhim axborot barcha davlatlarning yangiliklarida aks etishi kerak. Doimo va har kuni», — degan Zelenskiy urushning 81-kunidagi o‘zining tungi murojaatida.

Zelenskiy Ukraina xalqi bosqinchilarni voqelikni to‘liq tan oldiradigan kunlar albatta kelishini aytgan.

«Bosqinchilar hanuz oxiri berk ko‘chaga kirib qolishgani, ularning maxsus operatsiyasi tanazzulga uchraganini tan olishmayapti. Lekin Ukraina xalqi ularni haqiqiy voqealikni to‘liq tan oldiradigan kunlar albatta keladi», — degan Zelenskiy.

Ukrainaning Kalush Orchestra rep guruhi «Eurovision» 66-tanlovining g‘olibi bo‘ldi.

Tanlovda g‘olib chiqqan Kalush Orchestra guruhi. Foto: imag.one

Ukraina moliya vaziri o‘rinbosari Aleksandr Kava «Ukraina-24» telekanali efirida mamlakat po‘lat va cho‘yan eksporti bo‘yicha imkoniyatining teng yarmidan, shuningdek, temir rudasini qayta ishlash qobiliyatidan mahrum bo‘lganini e’lon qildi. Bunga u Mariupoldagi «Azovstal» zavodi qo‘ldan ketganini asosiy sabab qilib ko‘rsatdi.

Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan natijalar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Dushmanning 17 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.
  • 3 ta tank, 1 ta artilleriya tizimi, 6 ta harbiy zirhli texnika, 1 ta transport vositasi yo‘q qilingan.
  • Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida ko‘pmaqsadli Ka-52 va Mi-28 vertolyotlarini, shuningdek, 5 ta «Orlan-10» tipidagi pilotsiz uchar qurilmalarni urib tushirgan.
  • O‘tgan hafta ichida Birlashgan kuchlar dushmanning 93 ta hujumini bartaraf etgan. Bitta zenit raketa kompleksi, 58 ta tank, 26 ta artilleriya tizimlari, 98 ta harbiy zirhli texnika, 7 ta maxsus texnika, 33 transport vositasi va bitta zenit qurilmasi yo‘q qilingan. Havo hujumidan mudofaa tizimlari 4 ta vertolyot va 27 ta pilotsiz uchar qurilmalarni urib tushirgan.

«Sxid» («Sharq») tezkor-taktik guruhining ma’lumotlari:

  • Rossiya qo‘shinlarining 5 ta hujumi bartaraf etilgan. Dushmanning yo‘qotishlari: 84 nafargacha shaxsiy tarkib, 1 ta tank, 4 ta piyodalar zirhli mashinasi (BMP), 1 ta vertolyot, 1 ta pilotsiz uchar qurilma.

Rossiya tomonining bayonotlari

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘andan Mariupoldagi «Azovstal» zavodidan harbiylarni evakuatsiya qilish fikridan qaytishni so‘radi:

«Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma’muriyati «Azovstal» yerto‘lalariga qamalgan «Azov» bataloni natsistlarini evakuatsiya qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Turkiya prezidenti Erdo‘g‘anga murojaat qilaman: azovchilar — sizga Rossiya tajovuzining aybsiz qurbonlari sifatida taqdim etishmoqchi bo‘lishayotgan qotillar va xudosizlar. Sizning yordamingiz bilan sud va muqarrar jazodan qochib qolishga harakat qilayotgan jinoyatchilarga aldanib qolmang», — deb yozgan Qodirov.

Ramzan Qodirov. Foto: doshdu.com

Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning tungi brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Rossiya Ukraina qo‘shinlarining 2 ta S-300 o‘ch ochish qurilmasini, radiolokatsion postini yo‘q qilgan. «Tochka-U» taktik raketasi hamda 11 ta «Smerch» snaryadlari urib tushirilgan.
  • Ukrainaning 15 ta pilotsiz uchar qurilmasi urib tushirilgan.
  • Yuqori aniqlikdagi raketalar bilan ikkita boshqaruv punkti, 11 ta rota tayanch punktlari, 4 ta raketa-artilleriya va o‘q-dori omborlari yo‘q qilingan.

Ukrainaga ko‘mak

AQSh Senatidagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonel Senat Ukrainaga 40 mlrd dollar yordam berish haqidagi qonun loyihasini 16 may kuni ko‘rib chiqishi, qonun esa 18 may kuni qabul qilishidan umid qilayotganini aytgan, deb xabar beradi Reuters.

Senator Mitch Makkonel. Foto: thefederalist.com

Ukrainaga harbiy jinoyatlar bo‘yicha surishtiruv qilish uchun Xalqaro jinoyat sudining 42 ta tergovchisi keladi, deya XJSning bosh prokurori Karim Xonning so‘zlarini keltirmoqda Le Mone nashri. Tergovchilar guruhiga Niderlandiyadan 30 nafar mutaxassis, jumladan sudmedekspertlar va tahlilchilar kiritilgan.

Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari

Yevropa Ittifoqi gaz importchilariga Rossiyadan zangori yoqilg‘i sotib olishda sanksiyalarni aylanib o‘tuvchi qarorni taqdim etish niyatida.

Bloomberg’ning yozishicha, YeI vakillari juma kuni o‘tgan yopiq majlisda hukumatlarga yangilangan yo‘riqnomalar kompaniyalarga «Gazprombank»da yevro yoki dollarda hisobraqam ochishga xalaqit bermasligi xabar qilishgan. Bu chora YeIning Rossiyaga nisbatan joriy etgan sanksiyalarini buzmasdan gaz xarid qilish imkonini yaratadi.

Iqtisodiy sanksiyalar Belarusning YeI va Shimoliy Amerikaga eksportini 16–18 mlrd dollarga qisqartirgan. Bu haqda Belarus bosh vaziri Roman Golovchenko aytib o‘tgan.

Belarus bosh vaziri Roman Golovchenko. Foto: mirtesen.ru

Rossiya iqtisodiy xudkushlikka qo‘l urgan, deb hisoblaydi nemis iqtisodiyoti instituti direktori Mixael Hyuter.

«Prezident Putin o‘z mamlakatining barcha istiqbollarini o‘g‘irlamoqda, Rossiya siyosiy jihatdan degradatsiyaga uchramoqda va o‘zining harbiy maqsadlariga erisha olmayapti», — degan Hyuter Stuttgarter Nachrichten nashriga.

Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, Germaniya kelgusida hech qachon Rossiyadan gaz xarid qilmaydi. Hyuterning aytishicha, Germaniya boshqa davlatlardan keltiriladigan suyultirilgan gazga o‘tishi muqarrar, chunki suyultirilgan gaz importi uchun qimmatbaho infratuzilma qurilishi allaqachon boshlangan va undan foydalanishni rad etish o‘ta samarasiz bo‘ladi.

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini qo‘llamayotgan Serbiya «ulkan to‘lov» qilayotganini ta’kidlagan.

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich. Foto: TASS

«Bularning barchasi maoshlar va pensiyalarda o‘z aksini topmoqda. Hozir hamma «Mana, Vuchich ham sanksiyalarni joriy etishni e’lon qilmoqda», deyishi mumkin. Yo‘q, biz o‘z siyosatimizni saqlab qolishga imkonimiz yetadigan vaqtgacha kurashishda davom etamiz», — degan Vuchich.

Finlandiya ortidan Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lish haqida ariza topshirishi haqida rasman e’lon qildi. Bu haqda mamlakatda hukmron sotsial-demokratik partiya bayonotida aytiladi.

Bayonotda qayd etilishicha, sotsial-demokratlar agar ularning arizasi Shimoliy Atlantika alyansi tomonidan qanoatlantiriladigan bo‘lsa, Shvetsiya o‘z hududida yadroviy qurol va doimiy xorijiy harbiy bazalarni joylashtirmaslik huquqini saqlab qolish ustida ishlashadi.

Yevropa parlamentining yetakchi fraksiyasi Yevropa xalq partiyasi rahbari Manfred Veber agar Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini bloklaydigan bo‘lsa, Turkiya NATOda bloklanishi bilan ogohlantirdi.

«NATOdagi birdamlik masalasini savol ostiga olib kelgan har qanday kishi hamjamiyat ichida ixotalanadi. Har ikki davlat alyansga a’zo bo‘lishni o‘zi istar ekan, Finlandiya ham, Shvetsiya ham uning bir qismi bo‘ladi, bu haqda savol bo‘lishi mumkin emas. Buni sekinlashtirish yoki bloklash uchun hech qanday asos yo‘q», — degan Veber.

Mavzuga oid