Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoydagi parad oldidan intriga: super qurollar namoyish etiladimi?
Xitoy II jahon urushida Yaponiyaning taslim bo‘lganiga 80 yil to‘lishini 26 ta davlat rahbari ishtirokidagi katta parad bilan nishonlaydi. Unda yangi qurollar ham ko‘z-ko‘z qilinishi mumkin. Paraddan avvalgi kunlarda ShHT sammiti va ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. “Geosiyosat” dasturi ekspertlari dunyo e’tiborida turgan Xitoydagi tadbirlar haqida so‘z yuritdi.
— Xitoyda bo‘ladigan harbiy parad nega global hamjamiyat diqqat markazida turibdi?
Shuhrat Rasul: Menimcha, bu oddiygina an’ana. Ba’zi davlatlarda harbiy paradlar har yili muntazam o‘tkaziladi. Masalan, Rossiya Federatsiyasi va ayrim MDH mamlakatlarida, jumladan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda 9 may arafasida paradlar o‘tkazish odat tusiga kirgan. O‘zbekistonda esa mustaqillikdan keyin bunday tadbir an’anaga aylantirilmagan, bu qarorni to‘g‘ri deb hisoblayman.
Xitoydagi parad Ikkinchi jahon urushi yakuni bilan bog‘liq. Gomindan va Kommunistik partiya birgalikda Yaponiyani mag‘lub etib, keyinchalik Gomindan Tayvanga chekinishga majbur bo‘lgan. Shundan beri Xitoy g‘alabani nishonlashda paradlar o‘tkazib keladi. Ayrim kuzatuvchilar Xitoy paradlarini yangi qurollar namoyishi sifatida ko‘radi. Masalan, 2021 yilda ular gipertovushli raketalarni ilk bor ochiq ko‘rsatishgan. So‘nggi paytda esa Xitoyning yangi “superdron platformasi” haqida ko‘p yozilmoqda. Bu ulkan uchuvchi apparat Boeing samolyotlaridan ham kattaroq bo‘lib, ichida turli vazifalarni bajaradigan yuzlab dronlarni olib yurishi mumkin. U uzoq masofalardan boshqariladi, buyruq markazi vazifasini bajaradi va kichik razvedka dronlaridan tortib, strategik hujum uchun mo‘ljallangan dronlargacha tashiy oladi deyilyapti.
Kamoliddin Rabbimov: Geosiyosiy maydonda AQSh va Xitoy o‘rtasida misli ko‘rilmagan raqobat shakllanib bo‘ldi. Amerikada prezidentlar almashayotgan bo‘lsa-da, bu qarama-qarshilik yanada kuchayib, aniq shakl kasb etmoqda. Donald Tramp hokimiyatga kelganidan keyin esa Kollektiv G‘arb tushunchasi yemirila boshladi. Bugun AQShning an’anaviy ittifoqchilari bilan ham savdo-iqtisodiy urushlar va keskin aytishuvlar kuchaygan bir pallada, Pekinga 26 davlat rahbarlari tashrif buyurmoqda. Ya’ni G‘arbga qarshi turuvchi yoki neytral pozitsiyada bo‘lgan ko‘plab davlatlar aynan Xitoyda yig‘ilmoqda. Bu safda Rossiya prezidenti, Hindiston, Eron va Shimoliy Koreya rahbarlari, Markaziy Osiyo prezidentlari bor. Shuningdek, shu kunlarda Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti ham o‘tkazilmoqda. Sammit davomida uchta yirik yo‘nalish bo‘yicha yig‘ilishlar bo‘lishi kutilyapti.
Shu fonda Xitoyning harbiy parad o‘tkazishi alohida ahamiyat kasb etadi. Pekin bayonot berib, ilgari hech qachon namoyish qilinmagan harbiy texnikalarni taqdim etishini ma’lum qildi. Yuzlab G‘arb jurnalistlari voqeani yoritish uchun Xitoyga kelyapti. Biroq ayrim yevropalik siyosatchilar, xususan, Putinning ishtiroki sababli bu tadbirni boykot qilishmoqda. Shunday bo‘lsa-da, Xitoyning o‘z qudratini namoyish etishi geosiyosiy jihatdan katta ahamiyatga ega.
Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
20:52 / 25.12.2025
Falastinni parchalash: G‘arbiy sohil xaritasi qanday o‘zgaryapti?
11:12 / 25.12.2025
Ukrainaning taklifi va frontdagi vaziyat | "Geosiyosat"
09:13 / 25.12.2025
Zelenskiy: Rossiya Xitoy sun’iy yo‘ldoshlari ma’lumotidan foydalangan bo‘lishi mumkin
15:21 / 22.12.2025