Jahon | 20:52 / 25.12.2025
1457
7 daqiqa o‘qiladi

Falastinni parchalash: G‘arbiy sohil xaritasi qanday o‘zgaryapti?

Isroil hukumati Falastin yerlarini bosqichma-bosqich egallash siyosatini davom ettiryapti. 21 dekabr kuni G‘arbiy sohilda yana 19 ta yahudiy mavzelari qurilishi e’lon qilindi. Bu posyolkalar bosqin ostidagi mamlakatni yanada parchalaydi va Oslo kelishuvlarini inkor qiladi. Voqelikni Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida professor Farhod Karimov xaritalar uzra sharhlab berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— 19 ta yangi aholi punkti qayerlarda joylashgan va ular Falastin shaharlarini bir-biridan qanday ajratmoqda?

Hozirgi paytda G‘arbiy sohilda Isroil tomonidan qurilgan bunday aholi punktlari soni 70 taga yaqin. Ular Falastin nazoratidagi hududlarni o‘rab olish va bo‘lib tashlash maqsadida joylashtirilgan bo‘lib, bu jarayon 1993 yildan buyon izchil davom etmoqda. Yangi e’lon qilingan 19 ta aholi punktidan 5 tasi amalda allaqachon mavjud, biroq Isroil hukumati ularni rasman tan olmagan. Yana 2 ta punkt ilgari buzilgan bo‘lsa-da, hozir qayta tiklanmoqda. Qolgan 12 tasi – yangi qurilishlar hisoblanadi.

Mazkur aholi punktlari asosan shimoldan janubga cho‘zilgan to‘rtta strategik hududda joylashtirilmoqda. Birinchi hudud – Jyenin atrofi. Jyenin Isroilning Livan yo‘nalishidagi asosiy tranzit nuqtasi bo‘lgani sababli, bu yerda turargohlar qurilishi Falastinning shimoliy yo‘nalishlar bilan aloqasini cheklashga xizmat qiladi.

Ikkinchi va eng yirik hudud – Nablus atrofidir. Bu yerda Duma, Jalud va Qusra qishloqlari muhim ahamiyatga ega. Mazkur qishloqlar Nablusni shimol, janub, sharq va g‘arbdan bog‘lab turuvchi hududlar bo‘lib, aynan shu yerlar orqali Isroil aholi punktlarini kengaytirish rejalashtirilgan. Rejaga ko‘ra, ko‘p qavatli uylar va kottejlar qurilib, bu hududlarga asosan harbiylar joylashtiriladi. Natijada Nablus Falastin hududlari bilan bevosita aloqadan uzilib qoladi.

Uchinchi muhim hudud – Ramalloh atrofi. Ramalloh Falastinning ma’muriy markazi bo‘lib, siyosiy boshqaruv aynan shu shahardan amalga oshiriladi. Deir Ammar, Ras Karkar va Sinjil hududlarida yangi posyolkalar qurilishi Ramallohni shimoliy, g‘arbiy va janubiy yo‘nalishlardan ajratib qo‘yishni ko‘zda tutadi. Xususan, Sinjil orqali savdo va oziq-ovqat oqimi nazorat ostiga olinishi mumkin.

To‘rtinchi hudud – Al-Xalil atrofidir (Isroil bu shaharni ibroniycha Hebron deb nomlagan). Bu yerda Yatta tumani va unga tutash qishloqlar strategik ahamiyatga ega. Rejaga ko‘ra, ushbu hududlar orqali Al-Xalil – Ramalloh va janubiy Falastin hududlaridan uzib qo‘yiladi. Natijada shahar to‘liq Isroil nazorati ostidagi yo‘laklar bilan o‘rab olinadi.

Agar ushbu to‘rtta hududda qurilish ishlari to‘liq amalga oshirilsa, Jyenin qisman, Nablus, Ramalloh va Al-Xalil esa deyarli tamoman tashqi dunyodan uzilib qoladi. Shaharlar o‘rtasidagi harakat faqat Isroil harbiylari nazorati ostida amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, A1 xalqaro magistrali – Al-Xalildan Ramalloh orqali Jyenin tomon cho‘zilgan asosiy yo‘l Isroil nazoratiga olinishi rejalashtirilmoqda. Bu yo‘l orqali Falastin shaharlarining o‘zaro bog‘liqligi butunlay izdan chiqariladi.

Shuningdek, Isroil – Suriya, Iordaniya va Qizil dengiz tomondan keluvchi savdo-tranzit yo‘llarini Tel-Aviv va O‘rta dengiz portlariga bog‘lovchi yirik infratuzilma loyihalarini ham ilgari surmoqda. Bu loyihalar Suvaysh kanaliga muqobil savdo yo‘lagi yaratishni ko‘zlaydi. Aynan shu yirik geosiyosiy va iqtisodiy loyihalar fonida Isroil Falastinning cheklangan hududlarida ham aholi punktlari qurishni jadallashtirib, hududiy nazoratni mustahkamlash siyosatini davom ettirmoqda.

Isroil hukumatining amaldagi harakatlari Oslo kelishuvlari nuqtayi nazaridan qanday baholanadi?

1993 yilda Norvegiyaning Oslo shahrida Falastin hududlarida o‘zini o‘zi boshqarish huquqini berishga doir kelishuv imzolangan. Uning 2-bosqichi – Oslo-2 kelishuvi 1995 yil iyun oyida tasdiqlangan. Aynan ushbu hujjat G‘arbiy sohil hududlarining boshqaruv mexanizmini belgilab berdi. Oslo–2 kelishuviga ko‘ra, G‘arbiy sohil uchta toifaga – A, B va C kategoriyalarga bo‘lindi. A kategoriyaga kiruvchi hududlar to‘liq Falastin ma’muriyati nazoratiga o‘tkazildi. 1995 yilda bu hududlar G‘arbiy sohilning qariyb 18 foizini tashkil etgan, hozirga kelib sezilarli kamaygan.

B kategoriyadagi hududlarda esa fuqarolik boshqaruvi Falastin tomonida bo‘lsa-da, xavfsizlik masalalari Isroil bilan qo‘shma nazorat ostida qoldi. Aynan shu hududlarda keyinchalik Isroilning aholi punktlari paydo bo‘ldi va ularning soni 60 taga yaqinlashdi.

C kategoriyadagi hududlar to‘liq Isroil armiyasi va Isroil hukumati nazoratida. Ya’ni Oslo kelishuvlari Falastinga G‘arbiy sohilni to‘liq topshirishni nazarda tutmagan. Hatto eng qulay davrda ham Falastin nazoratidagi hududlar umumiy maydonning atigi 18 foizini tashkil etgan. Bugungi kunga kelib esa A kategoriyadagi hududlar ham 10 foizdan kamroq maydonga qisqarib ketgan. Aynan shu sababli Yosir Arafot keyinchalik ayrim doiralarda xiyonatda ayblangan. Biroq u bu kelishuvlarni Falastin davlatchiligiga olib boradigan vaqtinchalik bosqich sifatida ko‘rgan va kelgusida B hamda S kategoriyadagi hududlarni qaytarib olishni rejalashtirgan edi.

2023 yil 7 oktyabr voqealaridan so‘ng vaziyat tubdan o‘zgardi. Bugungi kunda Oslo-2 kelishuvi asosida B kategoriyaga kirgan hududlar ham bosqichma-bosqich Isroil nazoratiga o‘tkazilmoqda. Bu holat Oslo kelishuvlarini, shuningdek, aynan shu kelishuvlar asosida qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining ikkita muhim rezolyutsiyasini ochiqdan ochiq inkor etish degani. Vaholanki, aynan shu rezolyutsiyalar Isroilning xalqaro maydondagi legitimligini ta’minlagan va o‘nlab davlatlar tomonidan tan olinishi uchun asos bo‘lgan edi. Bugun esa Isroil aynan o‘sha legitimlikka asos bo‘lgan hujjatlarga zid ravishda G‘arbiy sohilda 19 ta yangi aholi punktini barpo etmoqda.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid