Jamiyat | 11:00 / 07.08.2025
5392
4 daqiqa o‘qiladi

Xorijga viza olish va ishga jo‘natishni va’da qilgan firma odamlarni aldab ketgani aytilmoqda

Kun.uz’ga murojaat qilgan fuqaroga ko‘ra, ADWorld firmasi har bir odamdan salkam 6 mlndan 26 mln so‘mgacha pul olgan, ammo shartnomaviy xizmatlarni ko‘rsatmagan. To‘lovni qaytarishning esa imkoni bo‘lmayapti. Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, avvalroq bu firmaga huquqiy chora ko‘rilgan.  

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

Publikatsiya ot Kun.uz (@kun.uz)

Yevropa davlatlariga ishga jo‘natish, viza olishda yordam qilishni va’da qiluvchi firma ko‘plab odamlarni chuv tushirgani aytilmoqda.

Tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, mashhur blogerlar yordamida o‘zini reklama qilib, mijozlarni to‘plagan ADWorld firmasi kishi boshiga salkam 6 mlndan 26 mln so‘mgacha to‘lov qildirgan, ammo bu to‘lovga yarasha shartnomaviy xizmatlarini ko‘rsatmagan. Fuqarolar pullarini qaytarib ololmayotganidan norozi.

“5 oydan beri sarson bo‘lib yuribmiz, pullarimizni ham qaytarishmayapti, Yevropaga viza ham qilib bera olishmadi. Bu firmadagilarning ofisidagi hamma narsasini yig‘ishtirib olib chiqib ketyapmiz”, – deydi videomurojaat yo‘llaganlardan biri.

Ayni vaqt mashhur blog yurituvchi tomonidan ADWorld reklama qilingan video firmaning instagram sahifasidan o‘chirib tashlangan. Kun.uz shu firmadan shikoyat qilgan fuqarolardan biri bilan bog‘landi. Uning aytishicha, aldanganlar yuz nafardan ortiq.

"Bu kompaniya bizga viza, aviachiptalar va ish joylarini va’da qilgan. Ishchilar “100% kafolat”, “vizasiz pul qaytadi” deb aytishgan. Ayrim bloggerlar bu kompaniyani ishonchli deb targ‘ib qilgan. Ammo oradan oylar o‘tdi, viza ham yo‘q, xizmat ham yo‘q, pullar ham qaytarilmadi.

Biz bu masalada 2025 yil 27 iyunda Toshkent shahridagi ADWorld ofisiga borib, 102 raqamiga murojaat qildik. Kompaniya vakili Fayzulloh degan yigit yozma majburiyat xatini yozib berdi: "Iyul oyida hammaning pulini qaytaramiz", dedi.

Lekin iyulda yana aldash davom etdi. Endi 31 iyulga qoldirishdi. Hozir esa yana bahona “kutinglar” deyishmoqda. Ayrimimiz Jizzaxdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza berdik, ayrimlar 102ga qo‘ng‘iroq qildik, lekin hozirgacha hech qanday natija yo‘q.

Bizning umumiy zararlangan summa 60–70 million so‘mdan oshgan. Bu faqat biz bilgan odamlar. Yana qancha fuqaro aldanayotganini bilmaysiz", – deydi tahririyatga murojaat qilgan jizzaxlik fuqaro.

ADWorld firmasi haqida Kun.uz'ning instagram sahifasida video e’lon qilingach, firma rahbari Dilmurod Yusupov Kun.uz bilan bog‘lanib, uni o‘chirib tashlashni so‘radi. Uning aytishicha, holat xato talqin qilingan. Hozirda jabrlanganlarga to‘lov summalarini qoplab berish jarayoni ketmoqda. Ammo Yusupov ularning soni va zarar summalari qancha ekanini ochiqlashni istamadi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchi huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 18 iyun xorijda ishlash va o‘qish uchun “oson” borishni va’da qilayotgan talaygina konsalting firmalardan ehtiyot bo‘lishni ma’lum qilgan.

Xususan, Yevropaning Irlandiya, Angliya, Daniya, Norvegiya kabi davlatlariga ishga yuborish to‘g‘risida e’lonlar berib, fuqarolarga konsalting xizmatlari emas, aynan xorijga ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelayotgan firmalar qatorida ADWorldʼga ham huquqiy choralar qo‘llangan.

Mavzuga oid