Mojarning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqining Ukrainaga kredit ajratish haqidagi qarori yana dekabr oyidayoq qabul qilingan va yangi hukumat “avval olingan majburiyatlarga muvofiq izchil harakat qilishni istaydi”.
Bir kun avval bo‘lib o‘tgan saylovlarda mag‘lubiyatga uchragan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 2025 yil oxirida Yevropa Ittifoqi yetakchilari sammitida Ukraina uchun kreditni ma’qullagan, ammo keyinchalik bu kelishuvdan voz kechgan edi. Uning aytishicha, Ukraina Rossiya neftini Vengriyaga yetkazib beradigan quvurni ta’mirlamagunicha, mablag‘ ajratilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Orban Kiyevni ta’mirlash ishlarini ataylab cho‘zayotganlikda ayblagan.
Mojarning qo‘shimcha qilishicha, hatto Vengriya kredit ajratilishiga ruxsat bergan taqdirda ham, mamlakatning o‘zi bu mablag‘ni ajratishda ishtirok etmaydi.
“Men bu masalani Yevropa yetakchilari bilan muhokama qilaman, lekin shaxsan men Vengriya bu jarayonda ishtirok etishdan voz kechishi kerak, degan fikrdaman. Vengriya juda og‘ir vaziyatda. Biz yanada ko‘proq qarz ola olmaymiz, Vengriya budjeti taqchilligi 2010 yildan buyon uch barobarga oshgan”, — dedi u.
Mojar matbuot anjumanida Vengriya iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan Yevropa Ittifoqi mablag‘lari tez orada qayta ochilishi bo‘yicha qaror qabul qilinishiga umid bildirganini aytdi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, u bu masalani Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen bilan muhokama qilmoqchi.
Financial Times nashri ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa komissiyasi allaqachon 35 milliard yevroga yaqin mablag‘ni qayta ochish masalasida Mojar bilan “darhol muloqot”ni boshlagan. FT’ning Yevropa Ittifoqi diplomatik doiralaridagi manbalariga ko‘ra, Bryussel Ukraina uchun kreditni qayta ochish va Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketi bo‘yicha vetoni bekor qilishni bo‘lajak bosh vazirning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni tiklashga intilayotganining asosiy belgisi deb hisoblamoqda.
FT manbalariga ko‘ra, Bryussel Ukrainaga kredit ajratishga tayyorgarlikni allaqachon boshlab yuborgan, shunda Mojar lavozimga kirishishi bilan mablag‘ ajratish haqidagi qarorni darhol qabul qilish mumkin bo‘ladi.
Mojar, shuningdek, bo‘lajak hukumati korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishini, sud tizimi mustaqilligini tiklashini va matbuot erkinligini ta’minlashini va’da qildi.
“Biz qonun ustuvorligi, plyuralistik demokratiya va tiyib turish hamda muvozanat tizimini tiklash uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz”, — dedi u.







