O‘zbekiston | 12:09 / 08.12.2020
42258
3 daqiqa o‘qiladi

«Mehr-3» operatsiyasi: Suriyadan yana 98 kishi O‘zbekistonga qaytarildi

8 dekabr kuni - mamlakat muhim bayramni nishonlayotgan tongda O‘zbekiston prezidentining tashabbusi va nazorati ostida o‘tkazilayotgan «Mehr» operatsiyalarining uchinchisi doirasidagi samolyot Toshkent aeroportiga qo‘ndi.

Shifokorlar, harbiylar, jamoatchilik, turli idoralar vakillari va OAV ishtirokida Suriyadan qaytarilgan 98 nafar o‘zbekistonlik kutib olindi. Samolyot zinasidan yig‘lab tushib O‘zbekiston tuprog‘ini o‘payotgan 25 ayolning yonida 73 nafar bolalarning borligi, ularning 14 nafari chin yetim ekanligi operatsiyaning insonparvarlik ahamiyatini tushuntirgandek bo‘ladi.

Zero, 2019 yilda «Mehr» operatsiyalari doirasida jami 220 kishi O‘zbekistonga qaytarilishi turlicha talqin qilingan, ularga bo‘lgan e'tibordan hayron bo‘lingani ham haqiqat. Ammo o‘zi tushunmagan g‘oyalar ortidan Yaqin Sharq taloto‘plarida sarson bo‘lgan o‘zbekistonliklarning bolalarida gunoh yo‘q. Aynan mana shu jihat bu masalaga davlat darajasida e'tibor qaratilishiga sabab bo‘ldi. Yana bir tomoni, hamma davlatlar ham o‘z fuqarolarini qaytarishga oshiqmadi. Pandemiya davri, jangovar harakatlar hanuz davom etayotganiga qaramay bu operatsiya amalga oshirilgani uzoq davom etgan diplomatik jarayonlar natijasidir.

«Mehr-3» operatsiyasi doirasida qaytarilganlar bugunning o‘zida maxsus sanatoriylarga joylashtirilib, issiq ovqat va kiyim-kechak bilan ta'minlanadi. Endi ular bilan shifokorlar, ruhshunoslar va ustozlar muntazam ish olib boradi.

Shuningdek, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ham tegishli ishlar amalga oshiriladi. Kelgusida esa ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga to‘laqonli ijtimoiy moslashuvi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

O‘zbekistondagi manzaradan hayratga tushayotgan, biror hamrohsiz yolg‘iz yurgan bolani suhbatga tortdik. U o‘zbek tilining bizda uchramaydigan lahjasida quyidagilarni gapirdi:

– Otam halok bo‘lgan, onam ham yo‘q. Men otamning ikkinchi xotini qo‘lida qoldim. Asli qo‘qonlikmiz. O‘zbekistondan kichkinaligimizda ketganman. Ozgina eslayman xolos...

Kutib olish jarayonida ishtirok etgan Toshkent shahar bosh imom xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarovning fikrlari bilan qiziqdik:
– Bu operatsiyalar doirasida O‘zbekistonga qaytarilganlar qilgan ishlaridan afsusdaligi yuz-ko‘zlaridan ko‘rinib turibdi. Ular vatan tuprog‘ini o‘pib, shukrona sajdasini qilmoqdalar. Endi bularning jamiyatga moslashib singib ketishlari uchun butun jamoatchilik, hammamiz ishlashimiz kerak. Qaytarilgan 73 nafar bolaning 14 nafari chin yetimligi masalaning naqadar jiddiyligini ko‘rsatadi. Endi ularning ta'limiga, tarbiyasiga alohida e'tibor berilishi, ustozlar, ruhshunoslar chuqur ishlashi zarur.

Abror Zohidov, tasvirchi Mirvohid Mirrahimov. 

Mavzuga oid