O‘zbekiston | 11:54 / 17.07.2024
23527
5 daqiqa o‘qiladi

Qabuldagi mojaro: Testlarda darslikka kiritilmagan savollar ham tushyaptimi?

Huquqshunoslik yo‘nalishida abituriyentlardan biror qilmish uchun kodekslarda qanaqa jazo belgilangani so‘ralyapti. Shunga qaramay, Bilim va malakalarni baholash agentligi testlarni tuzishda o‘quv dasturlaridan chetga chiqilmaganini iddao qildi. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev bu bayonotni “yolg‘on va safsata” deb atadi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda professional va oliy ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun davlat imtihonlari 14 iyul kuni boshlangan edi. Huquqshunoslik fanidan test yechgan abituriyentlarning Kun.uz'ga aytishicha, test savollarini tuzishda belgilangan adabiyotlardan chetga chiqilgan.

Abituriyentlarga ko‘ra, Bilim va malakalarni baholash agentligi tavsiya etmagan qonun va kodekslardan savol-topshiriqlar berilgan.

Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi madhiyasiga hurmatsizlik ko‘rsatganlik uchun qanaqa jazo tayinlanadi? Kitobda bunaqa ma’lumot yo‘q. Madhiya to‘g‘risidagi qonunni ochib ko‘rsam, eng kam oylik ish haqining 25 baravarigacha jarima 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari ekan. Yana bir testda prezidentlik saylovi va referendum paytida madhiya soat nechada aytiladi? Boshqasida esa moliyaviy nazorat organlari so‘ralgan”, – deb yozgan murojaatchilardan biri.

Shuningdek, bunday murojaatlar ijtimoiy tarmoqlarda ham aylanib yuribdi. Jumladan, bir murojaatda davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunlar (bayroq qachon ko‘tarilishi, madhiya soat nechada aytilishi va h.k.), davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunlar so‘ralgani aytiladi.

Bilimini tekshirish uchun testga kirib chiqqan bir yurist ham savollarni ko‘rib hayron qolganini yozgan. “Savollar meni qiynab qo‘ydi. Alamlisi, metrodan foydalanish qoidalarini buzsa, jarima miqdori so‘ralgan. Viloyatlik bola metrodan foydalanishni bilmaydi, ko‘rmagan bo‘lsa, jarimani qayerda bilsin. Bundan tashqari sanksiyalarni hatto professor yuristlar yoddan bilmaydi”, – deb yozgan u.

Tarmoqlarda tarqalgan bir o‘quv markazi xodimi abituriyentlariga huquq fanidan berilgan 30 ta savolning 15 tasi Ma’muriy javobgarlik va Jinoyat kodeksidan tushganini, bunday holat boshqa abituriyentlar bilan ham sodir bo‘lganini ma’lum qilgan.

Noroziliklar ko‘paygach, holatga Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy munosabat bildirdi. Agentlik tavsiya etilgan darsliklar va o‘quv adabiyotlari ro‘yxatini o‘z saytiga avvaldan joylashtirganini eslatgan.

Shuningdek, agentlik amaldagi davlat ta’lim standatlari va o‘quv dasturlaridan chetga chiqish holatlari bo‘lmaganini ma’lum qilgan.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev esa agentlikning bu bayonotini “yolg‘on va safsata” deb atadi.

BMBA saytida huquqshunoslik fanidan tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxatida faqat 5 ta manba berilgan xolos. Ularning 4 tasi darslik, 1 tasi O‘zbekiston Konstitutsiyasi. Ushbu manbalarda mavjud bo‘lmagan birorta savol berishga BMBAning haqqi yo‘q”, – deb yozgan u.

Shuningdek, bayonotda savol tuzishda qonun hujjatlariga belgilangan tartibda o‘zgartirish kiritilganda qonunning asl manbayi – lex.uz saytiga murojaat qilinadi deyilgan. Xushnudbek Xudoyberdiyev agentlik shu jumlani noto‘g‘ri talqin qilyapti degan fikrda.

Ya’ni izohda savollar eng oxirgi o‘zgarish va qo‘shimchalarni inobatga olib tuziladi deyilgan. Lekin bu degani biz istalgan normativ-huquqiy hujjatdan savol tuzishga haqqimiz bor, degani emas. Bu shunchaki yuqoridagi 5 ta manbadan savol tuzilayotganda qonunchilikdagi o‘zgarishlarga qaraymiz degani. BMBAning bu ishi huquqiy asosga ega emas va bu qonunbuzilishi deb baholanishi kerak”, – deb yozgan huquqshunos.

Bundan tashqari, agentlik savolda qaysidir qilmish uchun JK va MJtKda qanaqa jazo berilgani, ya’ni sanksiyasi so‘ralganini to‘g‘ri deb hisoblashini aytgan. Bunga javoban huquqshunos sanksiyalar yuridik oliygoh talabalariga ham yodlatilmasligi, sanksiyalar sudyalar va organ xodimlarining imtihon va attestatsiyalarida ham so‘ralmasligini ta’kidlagan.

O‘zimiz yoshlarga shunaqa ahmoqona savollarni beramiz-da, keyin PISA kabi xalqaro imtihonlarda o‘quvchilarimizning fikrlashi eng oxirgi o‘rinlarda ekanidan hayron bo‘lamiz. Aslida mana shunaqa savollar tushayotgan test tizimi yoshlarimizni zombiga aylantirib, mantiqiy fikrlashini o‘ldiryapti”, – deb yozgan u.

Mavzuga oid