Konstitutsiya qishloq xo‘jaligi yerlarini xususiylashtirishga to‘siq bo‘lmasligi kerak
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni xususiylashtirish bosqichiga nihoyat yetib keldi. Biroq tasodifni qarangki, shu ulkan islohot ro‘y bergan 2022 yilda boshqa bir jiddiy xatoga yo‘l qo‘yilishi mumkin: rasmiylar Konstitutsiyaga qishloq xo‘jaligi yerlari xususiylashtirilishini imkonsiz qilib qo‘yadigan normalarni kiritmoqchi.
Yuristlar Ilhom Azizov va Umida Haqnazar Kun.uz uchun yozgan maqolasida tarixga mo‘’jaz nazar tashlab, qishloq xo‘jaligining mustamlakachilik shakliga ta’rif berdi hamda yer islohotining dunyo tajribasidagi namunaviy modellarini sanab o‘tdi. Mualliflar yer boshqaruvining sotsialistik uslublaridan voz kechishi bo‘yicha O‘zbekiston oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Yer sayyorasida aholi soni oshgan sari ekin maydonlari qisqarib boryapti, shu bilan birga yer hosildorligini oshirish uchun xarajat va investitsiyalar tobora o‘sib boryapti. Ayni paytda, yerga egalik huquqi himoyalanmagan va yerni olib qo‘yish tahlikasi saqlanib qolgan holatda, masalan, ijara yoki mulkchilikning mustahkam bo‘lmagan boshqa turidagi shaklida qishloq xo‘jaligi sektorini moliyalashtirish qiyin bo‘ladi.
Davlat tomonidan qo‘riqlanadigan va ta’minlanadigan egalik huquqi bo‘lmas ekan, ishlab chiqaruvchilardan investitsiyalar kiritish va yer hosildorligini tiklash bo‘yicha urinishlarni kutish o‘zini oqlamaydi. Ushbu oddiy mantiqdan kelib chiqqan holatda, yerga egalik huquqini taqdim etishni har tomonlama rag‘batlantirish lozim, degan xulosaga kelish mumkin.
Mustamlakachilik davri
Mustamlakachilar yer ustidan nazorat va arzon ishchi kuchi kerakligini yaxshi anglaganlar – dehqonlarga yerga egalik bo‘yicha erkinlik ta’minlanadigan bo‘lsa, ularning o‘zlari fermerlik bilan shug‘ullanishni afzal ko‘radilar.
Qishloq odamlariga yerga egalik qilishda erkinlik va ularga mustaqil ravishda xo‘jalik yuritish imkoniyatini berish – daromadlarning adolatli tarzda qayta taqsimlanishiga olib kelar, bu esa oxir-oqibat mustamlakachilarga xizmat qiladigan feodallarning monopoliyasiga va arzon yollanma ishchi kuchlari hisobiga maksimal darajada daromad olish imkoniyatiga barham berardi.
Qayd etish joiz, bular nafaqat mustamlakachilik rejimlarga, balki mustamlakachilikdan qutulgan rivojlanayotgan mamlakatlar tarixiga ham taalluqlidir. Bu mamlakatlarda mahalliy elitalar ekinzorlarni hamda o‘z manfaatlari yo‘lida ish kuchlarini xuddi mustamlaka bo‘lgan mamlakatlardagi kabi nazorat qilishar va buning oqibatida qishloq joylarida qashshoqlik va yersizlik yuzaga kelardi.
Mahalliy elitalarning yer resurslari ustidan nazorati muayyan tarixiy amaliyotlarning qo‘llanishi evaziga ta’minlanadi. Masalan:
- Hosildor/sug‘oriladigan yerlarga egalik huquqi faqat hukmron elitalar vakillariga taqdim etiladi, qolganlarga esa faqat unumdorligi past, infratuzilmalari umuman yo‘q yoki rivojlanmagan chekka hududlardagi yer uchastkalari beriladi.
- Yirik yer egalari uchun korporativ soliqlarni pasaytirish yoki bekor qilish, ularning yollanma ishchilariga ham xuddi shunday imtiyozlar berish. Mustaqil va erkin dehqonlar hamda ularning yollanma ishchilari uchun esa soliqlarni ko‘paytirib qo‘yish. Bu kabi iqtisodiy siyosat G‘arbiy Yevropada feodalizm davrida, O‘rta asrlarda Yaponiya, Xitoy, Hindiston va Usmoniylar imperiyasida hamda boshqa mustamlakachi davlatlarda keng qo‘llangan.
- Bozorlar, yo‘llar va hokazo jamoatchilik boyliklaridan foydalanish huquqini faqat hukmdor guruhlarning xo‘jaliklariga taqdim etish. Ko‘p hollarda bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini monopollashtirish bilan bo‘ladi. Masalan, Mozambikda “prazo” tizimi ishchi ishlatishga, mahsulotni bozorlarga chiqarishga, yer resurslariga monopoliyani o‘z ichiga olgan edi. Keniyada mustamlakachi hukumat 1950 yillargacha mahalliy tub aholiga qahva yetishtirishni taqiqlab kelgan. Hozirgi Malavi va Zimbabve hududlaridagi tamaki sotuvchi Yevropa monopoliyalari mazkur mamlakatlar mustaqillikka erishganidan so‘ng yirik fermaga aylantirildi. Ba’zi holatlarda monopoliyalarni saqlab qolish uchun ularga to‘g‘ridan to‘g‘ri subsidiyalar to‘langan, natijada ular yuqoriroq iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishgan dehqonchilik xo‘jaliklariga nisbatan raqobatda ustun kelgan.
- O‘z-o‘zini band qilgan dehqonlar mehnati ziddiga chet mamlakatlardan jalb qilingan arzon mehnatdan yoki qullardan keng foydalanish. Bu holat mustaqil xo‘jalik yurituvchi mayda va o‘rta xo‘jaliklarni tashkil etishga to‘sqinlik qilardi. Ushbu amaliyotdan foydalanish hasiyendalarni tashkil etishga olib keldi.
Hasiyenda – bir qarashda ozod, ammo zamindorga ishlashga majbur “batrak”lar biriktirilgan yirik xususiy yer xo‘jaligi.
Hasiyenda – Jazoir, Misr, Keniya, Janubiy Afrika va Zimbabveda, Boliviya, Chili, Gonduras, Meksika, Nikaragua, Peru hamda Lotin Amerikasining boshqa mamlakatlarida, shuningdek, Filippinda, Prussiyada va Sharqiy Yevropaning boshqa qismlarida uzoq vaqt davomida eng yangi tarix davriga qadar qishloq xo‘jaligini yuritishning asosiy shakli bo‘lib qoldi.
O‘ziga tegishli yerida ishlab, tirikchilikni o‘tkazish imkoniyati bor ekan, ishchi va fermerlar yirik zamindorlarning dalalarida chorikorlik qilishdan, arzimagan pulga ishlashdan bosh tortib kelishgan. Dehqonlarni mustaqil ravishda fermer xo‘jaligi yuritish imkoniyatidan mahrum qilish hamda hukumat intervensiyalarini qo‘llash hisobiga ularni yirik plantatsiyalarda yollanib ishlaydigan arzon ishchi kuchiga aylantirish mayda fermerlarni raqobatdagi ustunlikdan mosuvo qilar edi. Tor doiradagi yirik zamindorlarning juda katta foyda ko‘rishlarini ta’minlash maqsadida dehqonlarning katta guruhini arzimagan ish haqi evaziga ishlaydigan mardikorlar safida ushlab turish siyosati eng yangi tarix davrigacha odatiy hol bo‘lib keldi.
Yer islohotlari modellari
Yer islohotini o‘tkazish jarayonida (shu jumladan, qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan) yer islohoti turli vaziyatlarda turlicha talqin qilinishi mumkin. Tarixdan o‘rin olgan yer islohotining ikki modelini alohida ajratish mumkin.
Bozor mexanizmlariga asoslangan birinchi modelga ko‘ra, davlat yerni dehqonchilik (bog‘bonchilik) qilish uchun avvalgiga qaraganda kichikroq o‘lchamlarda sotishi yoki ijaraga berishi mumkin (taqsimlovchi islohot).
Sotsialistik deya ataluvchi ikkinchi model ishlaganda yerga birgalikda ishlov beriladi, uning uzufrukti (foydalanish va daromad qilish) kooperativ, kollektiv va davlat fermalari ishchi-xodimlari tomonidan birgalikda amalga oshiriladi (kollektiv model).
Birinchi model – taqsimlovchi model doirasida turli maqsadli kategoriyalar mavjud, ularni quyidagi asosiy kategoriyalarga ajratish mumkin: “ijtimoiy yer islohoti”, “iqtisodiy yer islohoti”, “siyosiy yer islohoti” va “ekologik yer islohoti”. Real hayotda ular tez-tez kombinatsiyalanadi, o‘zida ikki va undan ko‘proq unsurlarni mujassamlashtiradi.
Ijtimoiy yer islohoti
Ijtimoiy yer islohoti tarafdorlari qishloqda ishsizlikni qisqartirishni birinchi o‘ringa qo‘yishadi, islohotlardan kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy adolatga erishishga intiladilar. Ular aholisi zich joylashgan hududlardagi vaziyatni yengillatish, qashshoqlikni qisqartirish, kambag‘al va yersiz dehqonlarni qo‘llab-quvvatlash, ular dehqonchilik uchun yer ko‘p bo‘lgan hududlarga ko‘chib borishiga yordamlashish, ocharchilikka barham berish kabi nishonlarga alohida urg‘u berishadi. Masalan, Braziliya, Malavi, Janubiy Afrika va Zimbabveda.
Iqtisodiy yer islohoti
Iqtisodiy yer islohoti tarafdorlari unchalik katta bo‘lmagan fermalar, shu jumladan, oilaviy fermalarning mahsuldorlik sohasidagi ustunligini ta’kidlab kelishadi. Bu iqtisodiy yer islohoti oldida yerni adolatliroq taqsimlash va shu yo‘l orqali qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish, bu ishlarning natijasi o‘laroq ishchi o‘rinlarini yaratish, o‘z o‘zini band qilishni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish kabi muayyan maqsadlarni o‘z ichiga oladi (Braziliya, Xitoy, Hindiston, Filippin, Janubiy Afrika va Zimbabve).
Siyosiy yer islohoti
Siyosiy yer islohoti tarafdorlari birinchi navbatda feodallarcha ishlab chiqarish munosabatlarini tugatishga hamda yirik yer uchastkalari bir necha hukmdorlarga yaqin guruhlar qo‘lida jamlanishini to‘xtatishga intilishadi.
Siyosiy yer islohoti oldida turgan konkret maqsadlar siyosiy barqarorlik va tinchlikni barpo etishdan iborat. Postkonflikt davrda (postkonflikt – harbiy harakatlar to‘xtagan va qayta tiklash ishlarini boshlashga imkon beruvchi vaqt) bu yerni urush faxriylariga yoki qochqinlarga va shuningdek, urush tufayli ko‘chirilgan odamlarga (masalan, Zimbabveda) berilishini ko‘zda tutadi.
Postkolonial vaziyatlarda siyosiy maqsadlar, shuningdek, restitutsiyani, ya’ni musodara qilingan yerlarni avvalgi egalariga qaytarishni (Sharqiy Yevropa, sobiq SSSRning Boltiqbo‘yi respublikalari) hamda yerga egalikning irqiy disbalansini to‘g‘rilash (masalan, Jazoirda, Afrikaning sharqi va janubida), yangi elita a’zolari uchun huquq va imkoniyatlarini kengaytirishni (Keniya va Zimbabve) o‘z ichiga oladi.
Ekologik yer islohoti
Ekologik yer islohoti tarafdorlari yerni, o‘rmonlarni va yovvoyi tabiat zaxiralar egaligini tegishli tarzda qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini qo‘llay oladigan omilkor fermerlar guruhlariga topshirish yo‘li bilan barqaror ekologik boshqaruvga intiladilar.
Xalqaro tajriba: egalik huquqi va yerdan foydalanish siyosatida ustunliklar transformatsiyasi
Ko‘plab mamlakatlar mustaqillikka erishib, mustamlakachilik tugatilishi bilan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy qarama-qarshiliklarni maksimal darajada kamaytirish maqsadida yer islohotlari amalga oshirila boshlandi. Rivojlangan mamlakatlarda yer sohasidagi munosabatlarning liberallashuvi ancha oldinroq, XVIII-XIX asrlarda amalga oshirilgan.
Masalan, AQShda konstitutsiyaga “Olib qo‘yish to‘g‘risida” (1791 yilgi “Huquqlar to‘g‘risida”gi bill) beshinchi o‘zgartirish qabul qilinishi bilan xususiy mulkning mustahkamligi to‘g‘risidagi tamoyil qabul qilindi, ya’ni xususiy mulk davlat tomonidan (jamoatchilik manfaati yo‘lida, “public needs”) adolatli kompensatsiyasiz olib qo‘yilishi mumkin emas. 1864 yilda Konstitutsiyaga 13-o‘zgartirish kiritilishi bilan qullik va majburiy mehnat bekor qilindi. Mazkur tamoyillarning hech kim daxl qila olmaydigan huquq sifatida qabul qilinishi – yerga egalik huquqining himoya qilinishini mamlakat iqtisodiy va siyosiy tizimning asosi sifatida ko‘rilishidan davlat ham manfaatdorligini namoyish etib qo‘ydi.
Keyinroq AQSh Oliy sudi tomonidan mazkur tamoyillarni mustahkamlovchi bir qator sud qarorlari qabul qilindi, keyinroq ular alohida shtatlar va hududlarning yerdan foydalanish va hududlarga ajratish (ya’ni yerlarni sanoat, qarorgohlik, qishloq xo‘jaligi va boshqa) kodifikatsiya qilingan hujjatlari sifatida qabul qilindi.
Yevropada 1879 yilgi Buyuk fransuz inqilobi yakunlari bo‘yicha feodal egalik, krepostnoylik huquqi, feodal sudlar hamda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq og‘ir to‘lovlarni bekor qiluvchi yer islohoti amalga oshirildi va ularning o‘rniga uchta yangi – yerga egalik, mulk va savdo-sanoat faoliyati bo‘yicha soliqlar joriy etildi.
Rivojlangan mamlakatlarda “mulk shakli” kabi tushunchalar, sobiq SSSR ittifoqdosh respublikalari qonunchiliklaridagi kabi mulkni “xususiy” va “davlatniki”ga ajratish amaliyoti mavjud emas. Avvalo mulkchilik shakli emas, balki mulk egalarining turfa xilligi tan olinadi, negaki yerga jismoniy shaxslar ham, sheriklik ko‘rinishidagi yuridik shaxslar, korporatsiyalar, notijorat tashkilotlari yoki masalan mahalliy jamoalar ham egalik qilishlari mumkin.
Qishloq xo‘jaligida “davlat mulki” degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Buning o‘rniga yerga public land, public property – jamoatchilik yeri, jamoatchilik mulki kabi tushunchalar ishlatiladi. AQShda jamoatchilik ehtiyoji uchun foydalanadigan yerlar mavjud bo‘lib, ularning qatoriga qo‘riqxonalar, milliy bog‘lar yoki yaylov uchun yashil hududlar yoxud tog‘li hududlar, ko‘llar, dengizlar, daryolar va hokazolarni kiritish mumkin.
Yevropadagi ba’zi mamlakatlarda, shuningdek, common land – “umumiy yer” degan tushuncha mavjud. Ba’zilarida utilized agricultural area degan tushuncha bor va mahalliy hokimiyat organlariga tegishli bo‘lgan, qishloq xo‘jaligi maqsadida foydalanadigan yerni anglatadi. Bunaqa yerlarda, shuningdek, boshqa shaxslar ham umumiy va qo‘shma huquqlarni amalga oshirishi mumkin. Biroq Yevropa ittifoqining hamma mamlakatlarida ham jamoatchilik yerlari yo‘q, negaki ulardagi barcha yerlarga jismoniy va yuridik shaxslar egalik qiladi.
Shunday qilib, ko‘plab mamlakatlarda amalga oshirilgan agrar islohotlarning eng muhim elementi – yerni xususiy mulkka aylantirishga qaratilgan qonunlarning joriy qilinishi bo‘ldi. Nafaqat yerga egalik qilishning eng adolatli shakli sifatida, balki undan foydalanishning eng yuqori darajada samaradorligiga erishish va uzoq vaqt davomida foydalanish uchun avaylab asralishini ta’minlaydigan holat yuzaga keltirildi.
Yerni xususiylashtirish amalga oshirilmagan mamlakatlarda ham yerni uzoq muddatga ijaraga va subarendaga berish zarurati borligini anglab yetdilar.
Masalan, kommunistik Xitoyda 1978 yildan keyin yer avvaliga norasmiy ijara shartnomasi bilan 15 yilga berilgan, keyinchalik bu muddat 30 yilgacha uzaytirilgan. Vetnamda ham 1998 yilda qabul qilingan “Yer to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, bir yillik ekinlar uchun yer ijarasi har 20 yilda, ko‘p yillik o‘simliklar uchun esa har 50 yilda avtomatik tarzda yangilanib borishi ko‘zda tutilgan. Ya’ni ijara huquqi tijorat aylanmasiga kiritilgan hamda chet elliklarga muayyan shartlar asosida yerni ijaraga olishga ruxsat beradi. Ijara shartnomasining muddati yaqinlagan sari uning uzaytirilishi borasida ishonchsizlik investitsiyaviy rag‘bat darajasini pasaytirib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun ham ijara shartnomasi muddatini uzaytirish qoidalarida shaffoflik va adolatning ta’minlanishi mulkka egalik huquqi himoyalanishining muhim mexanizmi bo‘lib qolgan (ushbu holatda ijaraga).
Dunyoning aksariyat mamlakatlarida davlat (qishloq xo‘jaligi yer bozorining tijorat ishtirokchisi sifatida) samarasi past bo‘lgan xo‘jalik funksiyalarini bajarishdan voz kechib, bu vazifani xususiy sub’yektlarga yuklab qo‘ygani va shu bilan birga, jamoatchilik manfaati yo‘lida regulyativ funksiyalarini saqlab qolgan, degan xulosaga kelish mumkin.
Qishloq xo‘jaligini tartibga solishda davlat rolining transformatsiyasi
Davlat qishloq xo‘jaligi sohasida (qishloq xo‘jaligi yer bozorida tijorat ishtirokchisi sifatida) xo‘jalik funksiyalarini bajarmay qo‘ygan ekan, davlatning asosiy funksiyasi jamoatchilik manfaati yo‘lida regulyativ, ya’ni tartibga soluvchi rol bo‘lib qoladi. Masalan, agar xususiy yer uchastkasining egasi hududlashtirish to‘g‘risidagi qonunni buzgan holda o‘rmonni kesib yo‘qotmoqchi yoki qurilish taqiqlangan hududlarda bino va inshootlarni barpo etayotgan bo‘lsa, ya’ni jamoatchilik manfaatlari (public interess) buzilayotgan bo‘lsa, davlat o‘zining regulyatsiya funksiyalarini bajarishga kirishadi.
Bundan tashqari, davlatning qishloq xo‘jaligidagi yana bir regulyativ funksiyasi – qishloq xo‘jalik sektoriga rivojlanish, zamonaviylashtirish va yangi bozorlarga turli subsidiyalar, marketing tadqiqotlari, qishloq xo‘jaligining umumiy infratuzilmalarini yaxshilash va hokazolar. Masalan, davlat suv ta’minoti tizimini qo‘llash, kushxonalarni zamonaviylashtirish, laboratoriyalarni jihozlash, yo‘l infratuzilmalarini qurish, tuproq unumdorligini asrash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi ekinlari, urug‘larining yangi navlarini yaratish, zararli organizmlarga qarshi kurashning zamonaviy uslublarini qo‘llash, zarur qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini, fermerlar uchun ta’lim dasturlarini joriy etish va boshqalar ham shular jumlasidan.
Sanoatlashtirish o‘sishi va zamonaviy texnologiyalarning rivojlanishi bilan zamonaviy rivojlangan iqtisodiyotlarda qishloq xo‘jaligi sohasining ulushi xalq xo‘jaligi ko‘lamida ancha kamayib bormoqda. Iqtisodiyotda sanoat va xizmatlar segmentlarining hajmi o‘sdi, qishloq xo‘jaligi zamonaviylashtirildi va oqibatda ishchi o‘rinlarining muhim manbasi sifatida ahamiyati kamaydi. Masalan, AQShda qishloq xo‘jaligining yalpi ichki mahsulot hajmidagi ulushi 1 foizga yaqin, qishloq xo‘jaligi sektoridagi bandlik ulushi esa 1,3 foizdan yuqori emas.
Shunday qilib, yuqori darajadagi sanoatlashtirish hamda iqlimning o‘zgarishi, yer zaxiralarining tugashi, aholi sonining o‘sishi, davrning o‘sib borayotgan yangi tahdidlari ko‘plab mamlakatlarda qishloq xo‘jaligi yerlarini tartibga solishda birinchi navbatda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar qayta ko‘rib chiqilishiga olib keldi. Tartibga solish ishlari ko‘proq barqaror rivojlanish masalalariga qaratilmoqda, ya’ni “yashil texnologiyalar”ni rivojlantirishga hamda qishloq xo‘jaligida yuqori texnologiyali innovatsiyalarni o‘zlashtirishga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda va bu faqat yerga egalik huquqi himoyalangan holatda amalga oshirilishi mumkin.
Dunyoda yerga egalik huquqi himoya qilinishining ishonchli mexanizmlarini tatbiq etishning maqsadga muvofiqligi borasida tortishuvlar to‘xtab bo‘lgan.
Yerga xususiy mulk egaligi, uzoq muddatli ijara va subarenda huquqlari bilan bir qatorda, samarali qishloq xo‘jaligini ta’minlash maqsadidagi, ayniqsa zamonaning o‘sib borayotgan tahdidlari qavatida eng muhim mexanizmlaridan deya tan olingan.
Shunga qaramay, turli mamlakatlar orttirgan tajriba shuni ko‘rsatib turibdiki, yerga xususiy mulk egaligi va uzoq muddatli ijara huquqi joriy qilinganiga qaramay, hamma joylarda ham yer islohotlari muvaffaqiyatli kechib, o‘z maqsadlariga erisha olmagan. Buning sababi esa islohot agrar sektorning samarali rivojlanishi uchun ahamiyati kam bo‘lmagan hamroh mexanizmlar bilan ta’minlanmaganida. Bu kabi zarur va o‘ta muhim mexanizmlar qatorida quyidagilarni sanab o‘tish mumkin:
1. Hududlashtirish (zonalashtirish – yerlarning qishloq xo‘jaligi, sanoat va tegishli podkategoriyalarini toifalash). Hududlashtirish samarali ravishda joriy qilingan mamlakatlarda (AQSh, YeI mamlakatlari) yerni musodara qilish bo‘yicha tortishuvlar kamroq va hokazo.
2. Yerni kadastr shaklida rasmiylashtirishning shaffof mexanizmlari hamda huquqni belgilovchi hujjatlar. Ba’zi mamlakatlarda mulk egasini aniqlashga hamda ipoteka kabi ikkilamchi moliyaviy hujjatlarning paydo bo‘lishiga imkoniyat beruvchi, huquqlar borasida bahslashish huquqlarini taqdim etishning himoya qilinishini ta’minlaydigan huquqni belgilovchi hujjatlarni rasmiylashtirishning shaffof mexanizmlari yo‘qligi uchun agrar islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha rejalar chippakka chiqdi. Huquqlarni rasmiylashtirish bo‘yicha tranzaksiyaviy xarajatlar man etadigan darajada yuqori va/yoki haddan ziyod byurokratik bo‘lmasligi muhim, aks holda ish qorabozorlar paydo bo‘lishiga olib keladi hamda huquqlarni aniqlash va kredit olish bo‘yicha imkoniyatlarni murakkablashtirib qo‘yadi va hokazo.
3. Shu jumladan, huquqlarni himoya qilish bo‘yicha tortishuvlarni ko‘rib chiqadigan sud tinglovlari va sud qarorlarini ijro etish bo‘yicha huquqiy tatbiqning samarali mexanizmlari mavjudligi. Agar huquqlar buzilganda sud orqali mojaroni hal qilish qiyin kechadigan bo‘lsa, da’vo arizalarini ko‘rib chiqish muddati haddan ziyod cho‘zilib ketsa yoki porasiz ishni bitirish imkoniyati bo‘lmasa yoxud muayyan uchastka bo‘yicha chiqarilgan sud qarorining ijrosi tegishli organlar tomonidan amalga oshirilmasa, huquqni belgilovchi hujjatlarning mavjudligi o‘z-o‘zidan yetarli bo‘lmay qolishi mumkin.
4. Moliyaviy infratuzilmaning mavjudligi. Mayda xo‘jaliklar va hokazolarga kredit taqdim etilishini ta’minlovchi sharoitlar ham shu jumladan.
5. Yer/agrar islohoti uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli markaziy organning mavjudligi. Ko‘plab hokimiyat organlarining funksiyalarini bo‘lak qismlarga ajratish – vakolatlarining (o‘sha bir necha organlar orasida) takrorlanishiga, shaffoflikdan mosuvo bo‘lishga, yuqori xarajatlarga va korrupsiyaviy sxemalarning paydo bo‘lishiga olib keladi.
6. Yer resurslaridan samarali foydalanish suv resurslaridan ratsional foydalanishga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador. Qishloq xo‘jaligida pulli suv ta’minotiga o‘tilishi yer bozoridagi bozor mexanizmlarining rivojlanishi uchun juda muhim omil sanaladi.
Yuqorida bayon etilganlardan tashqari, agrar islohot o‘tkazilib, yer xususiy mulkka taqsimlanayotganda: 1) yer ko‘pchilik yer egalari orasida haddan ziyod tarzda parchalanishi yoki aksi bo‘lishi mumkin; 2) sanoqli mulk egalarining qo‘li ostida jamlanishi mumkin, degan xavotirlarni eshitib qolamiz.
Birinchi turdagi tahdid ortidan yerlar mayda yarimnatural xo‘jaliklarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Bunaqangi xo‘jaliklar bozor va eksportga, zamonaviy texnologiyalar va sifat standartlarini joriy etishga moslashmagan bo‘ladi. Shunaqangi holat yuzaga kelmasligi uchun hamda bir vaqtning o‘zida ijobiy natijalarga erishish uchun mayda va o‘rta fermerlar orasida agrokooperatsiyani rivojlantirish zarur. Agrokooperatsiya innovatsiyaviy texnologiyalarni joriy etish, sektor uchun konsalting va ilmiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga hamda eksportga yo‘naltiriladigan mahsulot sotishga mo‘ljallangan infratuzilmalarning rivojlantirilishiga ko‘mak beradi.
Ikkinchi tahdid – cheklangan yirik zamindorlar qo‘li ostida yerlarning jam bo‘lishi latifundiyaga, bu esa ayniqsa aksariyat ulushi qishloq aholisiga to‘g‘ri keladigan mamlakatlarda ijtimoiy taranglikni hamda agrar islohotlar oldida turgan iqtisodiy maqsadlarga yetishmaslikka olib kelishi mumkin.
Shuningdek, yerni xususiylashtirishda korrupsiya darajasi yuqori bo‘lsa, yerni ikkilamchi bozorda qayta sotilishida esa tranzaksiyaviy xarajatlar yuqori qilib qo‘yilsa, bu – katta yerlar samarali faoliyat yuritadigan mulk egalarining qo‘liga tushishiga to‘siq bo‘ladi. Shuning uchun ham bir-biri bilan bog‘liq jismoniy va yuridik shaxslarga yerga egalik qilishda cheklovlar o‘rnatish muhim. Bu kabi cheklovlar bo‘lmasa, samarasi past mulk egalari boshqarayotgan latifundiyalarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Masalan, shu kabi holat Qozog‘istonda yuzaga kelgan.
Qayd etish joiz, yerlarning jamlanishi (konsentratsiyasi) ba’zida davlat faol ravishda qishloq xo‘jaligini qo‘llayotgan sharoitlarda sodir bo‘lmoqda. Yerga egalik qilish unumdorlik va mahsuldorlikka bog‘liq bo‘lmagan gektar hisobiga beriladigan subsidiya ko‘rinishidagi daromadlar manbayi bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonning joriy fursat vazifalari
O‘zbekistonda sovetlar davrida yer munosabatlarining sovetcha modeli qo‘llab kelingan. Ittifoq parchalanib ketganidan keyin yer munosabatlarining konseptual asoslari o‘zgarmay qoldi. Hozirda amal qilayotgan Konstitutsiyaning 55-moddasida yer umummilliy boylik deb belgilangan.
Konstitutsiyaning 2-moddasiga binoan, davlat xalq irodasini ifoda etadi va uning manfaatlari uchun xizmat qiladi. Mazkur ikki modda yer va boshqa milliy boyliklarning egasi aslida xalq ekanligini va bu boyliklarni boshqarish uchun davlatga ishonib topshirganini aytadi – davlat bu boyliklarga egalik qiladi va ularni xalq manfaatlari yo‘lida tasarruf qiladi.
Konstitutsiyani o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasidan bosh qomusning 55-moddasi ham joy olgan. Taklif etilayotgan talqinga ko‘ra, yer va boshqa tabiiy resurslar “umummilliy boylik” ekanidan tashqari, ular “davlat mulkida bo‘ladi”. Shu bilan birga, “yer qonunda nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda xususiy mulk ham bo‘lishi mumkin”.
“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar, o‘rmon fondi davlatga tegishli bo‘lib, tadbirkorlik sub’yektlariga ijara shartnomalari asosida ajratiladi”, degan normani ham mazkur moddaga kiritish taklif etilmoqda.
Amaldagi Konstitutsiyaning 53-moddasida O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi yozilgan. Bu ta’rif yerni xususiylashtirish va unga xususiy mulk sifatida egalik qilishga to‘sqinlik qilmaydi. Konstitutsiyani yer va boshqa tabiiy zaxiralar respublika mulki bo‘lishi mumkinligini belgilovchi Fuqarolik kodeksi to‘ldiradi. Shunday qilib, amaldagi Konstitutsiya qishloq xo‘jaligi yerlarini xususiylashtirishni istisno etmaydi.
Biz Konstitutsiyadagi moddalar qishloq xo‘jaligi yerlarining xususiylashtirilishiga yo‘l beruvchi talqinda qolishini muhim deb hisoblaymiz. Birinchidan, bu Konstitutsiyaning moslanuvchanligi va barqarorligini ta’minlaydi. Unutmaslik kerakki, bugungi kunda qishloq xo‘jaligi yerlariga xususiy mulk shaklida egalik qilish huquqining rad etilishiga asos bo‘ladigan dastaklar yaqin kelajakda o‘z kuchini yo‘qotishi mumkin.
Ikkinchidan, yuqoridagi kabi ta’rif barcha bog‘ va ekinzorlarning zudlik bilan xususiylashtirilishini anglatmaydi. Va eng asosiysi – O‘zbekiston tarixida qishloq xo‘jaligi yerlari azaldan yirik tovar ishlab chiqarish hamda mayda tovar ishlab chiqaruvchi (oilaviy va individual) yerlarga bo‘linadi. Bozor sharoitida bu kabi bo‘linish turli guruhlarning obektiv farqlanishini hamda korporativ shaxslar va individual xo‘jalik yuritish sub’yektlarining guruh manfaatlari va imkoniyatlarini aks ettiradi.
O‘rta va yirik-tovar ishlab chiqarish vakillari zayom moliyalashtirishning katta imkoniyatlariga ega bo‘lib, ancha zamonaviyroq texnologiyalardan va jihozlardan foydalana oladi, chunki ularning baland narxi xo‘jalik ko‘lamining kengligi bilan o‘zini oqlaydi. Yakka tartibdagi ishlab chiqarish esa o‘lchamlari kichik bo‘lgani, kreditorlarni qiziqtira oladigan aktivlar yo‘qligi bois zayom olishda cheklangan imkoniyatlarga ega. Holbuki, aynan mayda xo‘jaliklar ommaviyligi bois aholi bandligi yuqori darajaga ko‘tarilishiga va barqaror ichki talab-ehtiyojlarning shakllanishini ta’minlay oladi.
Mayda yer uchastkalari ijara huquqining likvidligi albatta yirik yer uchastkalarining ijara huquqi likvidligiga teng bo‘la olmaydi. Shuning uchun ham har qanday qishloq xo‘jaligi yeriga egalik huquqini kamsitmagan holda biz uning mayda agrar ishlab chiqarishning rivojlanishi uchun ayniqsa muhimligini qayd etmoqchimiz. Yirik tovar ishlab chiqarishning ijtimoiy ahamiyatga egaligini e’tiborga olgan holda davlat bunaqa yerlarni xususiylashtirish borasida ehtiyotkor bo‘layotganini tushunish mumkin. Biroq dehqon xo‘jaliklarining yerlarini xususiylashtirish bunaqangi ijtimoiy tahlikalardan xoli bo‘lgani uchun bu ishlarni amalga oshirishga talab bor.
Mulkka egalik huquqidan farqli o‘laroq, ijara munosabatlari qishloq xo‘jaligi yerlarining to‘laqonli oborotini sezilarli tarzda cheklab qo‘yadi. Yer ijarasi huquqi qarz majburiyatining ijrosini ta’minlovchi chora sifatida yerga egalik huquqiga raqobat qila olmaydi. Yerdan foydalanish sohasida xususiy mulk maqomidagina yer avval ham, hozir ham eng qadrli bo‘lgan va shunday bo‘lib qolaveradi. Agrar sektorda xususiy mulk maqomidagina yer avval ham, hozir ham eng serxaridor va qadrli bo‘lgan va shunday bo‘lib qolaveradi.
Agar qishloq xo‘jaligi yerlariga xususiy mulk maqomi berilmasa, qishloq xo‘jaligi sektorini moliyalashtirish, shu jumladan, zayom hisobiga moliyalashtirish sustligicha qolaveradi. Natijada yer unumdorligi muammosi yechilmaydi.
Masalan, prezidentning 2021 yil 13 apreldan kuchga kirgan 6207-sonli “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, korporativ va zayomli moliyalashtirish vositalarining joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Shunaqangi moliyalashtirish uslublaridan biri sukuk deya ataluvchi Islom obligatsiyalari bo‘lib, olingan zayom qaytarilishining kafolati sifatida ko‘chmas mulkdan foydalanishni ko‘zda tutadi. Agar qishloq xo‘jaligi yerlari xususiylashtirilmasa, qishloq xo‘jaligi sektorida Islomiy moliyalashtiruv jiddiy cheklovlar ostida qoladi, negaki sukuk uchun garovga qo‘yilgan aktivlarning likvidligi juda muhim sanaladi.
Ilhom Azizov,
Umida Haqnazar
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.
Mavzuga oid
15:09
Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi va bo‘limi boshlig‘i lavozimi tugatiladi
19:02 / 28.11.2024
«Shok» usulida muzlatish, ozuqa qo‘shimchasi tayyorlash bo‘yicha 100 million dollarlik loyihalar ishga tushiriladi
18:58 / 28.11.2024
Har bir mahallada kamida 100 ta xonadonga limon, uzum ko‘chati tarqatiladi
13:12 / 28.11.2024