Jahon | 23:23 / 25.11.2025
8186
6 daqiqa o‘qiladi

“Bosim va siyosiy kapitulyatsiya” - tahlilchilar AQShning rad etilgan rejasi haqida

Trampning jamoasi ilgari surgan, keyinchalik Yevropaning aralashuvi bilan o‘zgargan takliflarning birlamchi shakli “tinchlik rejasi” deb atalgan bo‘lsa-da, amalda Ukrainani harbiy va siyosiy zaiflashtirishga qaratilgan edi. Rejada xalqaro huquq butunlay chetga surib qo‘yilgan.

Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Tramp jamoasi ilgari surgan reja haqida so‘z yuritdi.

— Urush yakuni bo‘yicha Moskva qanday minimal natija xohlaydi? Ukraina-chi?

Kamoliddin Rabbimov: Moskvaning asosiy talablari – Ukrainaning harbiy salohiyatini keskin qisqartirish. Rejada Ukraina armiyasi maksimal 600 ming askardan oshmasligi kerakligi haqida band mavjud. Ukraina tinchlik davrida 200–400 minglik armiyaga ega bo‘lganini hisobga olsak, bu raqam paradoksal ko‘rinadi. Shu bilan birga, hujjatda Ukraina NATOga qo‘shilmasligi qat’iy belgilangan. Bu faqat Kiyev qonunchiligida emas, balki NATO ichki deklaratsiyalarida ham mustahkamlanishi taklif qilinmoqda. Bu band – Ukrainada eng og‘riqli qabul qilinayotgan masalalardan biri.

Moskvaning yana bir strategik maqsadi – Ukraina ustidan nazoratni tiklash va uni to‘laqonli mustaqil davlat sifatida zaiflashtirish. Kiyevning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga Rossiya keskin qarshi emas: unga ko‘ra, bu iqtisodiy jarayon, xavfsizlik bilan bog‘liq emas. Ammo NATO masalasiga kelsak, u yerda to‘sqinlik aniq ko‘rsatilgan.

Rejada rus tili va “rus dunyosi”ga oid band ham mavjud. U rasmiy davlat tili sifatida rus tilini kiritishni talab qilmaydi, lekin ruscha so‘zlovchi guruhlarning huquqlari ta’minlanishini Yevropa Ittifoqida qabul qilingan “etnik ozchiliklar himoyasi” modeli bilan tenglashtirish taklif qilinmoqda. Bu esa amalda Rossiya manfaatlariga xizmat qiluvchi yana bir mexanizm bo‘lishi mumkin.

Ekspertlar ta’kidlashicha, bandlarning ko‘pchiligi talqin qilishga ochiq, ya’ni ularni keyinchalik siyosiy bosim vositasi sifatida turlicha talqin qilish mumkin.

Yevropa Ittifoqiga ko‘ra, bu reja faqat Ukraina uchun emas, Yevropa uchun ham xavotirli. Ko‘plab yevropalik siyosatchilar, jumladan Germaniya ham keskin munosabat bildirib, ayrimlar “Uitkoff psixiatrga murojaat qilishi kerak”, deya ochiq tanqid qilishdi. Bu qadar keskin fikr ortida bir xavotir bor: Bu reja Rossiyani ruhlantiradi va unga keyingi tajovuzlar uchun vaqt, imkon va strategik ustunlik yaratadi.

Yevropaning asosiy savoli shunday: agar Rossiya o‘zini allaqachon “g‘olibdek ko‘rsatayotgan” bo‘lsa, nega keskin qurollanishni davom ettiryapti? Bu jarayon G‘arbda Rossiya uzoq muddatli yirik urushga tayyorlanmoqda degan xulosani kuchaytirdi.

Bu reja amalda ishlamaydi, chunki Yevropa Ittifoqi kamida to‘rtta band bo‘yicha keskin norozilik bildirgan. Hududlarni urush orqali o‘zgartirish qoidaga aylanishi mumkinligi – yangi bosqinchilik davriga eshik ochadi. Ukraina armiyasining sonini cheklash – Ukraina xavfsizlik kafolatlarini yo‘qqa chiqaradi. Rossiyaning bergan kafolatlarga ishonch yo‘q: Budapesht memorandumi buni isbotlagan, Moskva ikki marta Ukraina hududiga bostirib kirdi. Shuning uchun ham ko‘pchilik ekspertlar fikricha, bu hujjat amalda “murosa rejasi” emas, bosim va siyosiy kapitulyatsiya shakli.

Sherzod Ziyoyev: Avvalo shuni aytish kerakki, qo‘limizdagi bu 28 banddan iborat “tinchlik rejasi” real ma’noda diplomatik hujjatdan ko‘ra, AQShning geoiqtisodiy manfaatlarini aks ettiruvchi siyosiy loyiha bo‘lib ko‘rinyapti.

Matnda Ukrainaga oid bandlar juda kam, aksincha Rossiya va AQSh manfaatlari markazga qo‘yilgan. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bu rejadan eng ko‘p foyda ko‘ruvchi tomon – Rossiya ekani ochiq ko‘rinib turibdi. Holbuki, mojaroning asosiy jabrdiydasi – Ukraina. Shu bilan birga, rejada AQSh manfaatlari ham ochiq aks etgan.

Ammo bitta muhim nuqtani unutmaslik kerak: agar tinchlik rejasi xalqaro huquq, BMT rezolyutsiyalari va xalqaro tartibning asosiy tamoyillarini e’tiborsiz qoldirsa, u hujjat emas, shunchaki shaxsiy siyosiy manifest bo‘lib qoladi. Ayni paytda esa ushbu 28 bandning birortasida BMTning Ukraina bo‘yicha qabul qilgan rezolyutsiyalari tilga olinmagan. Xalqaro sud qarorlari ham inkor etilgan. Putin haqida chiqarilgan hibs orderining rejada mutlaqo tilga olinmasligi esa eng keskin savollardan biridir.

Shu bois, bu hujjatni “tinchlik rejasi” deb emas, balki muallifning sub’yektiv siyosiy qarashlari aks etgan, xalqaro huquqdan ajralgan tarzda yozilgan geosiyosiy deklaratsiya sifatida baholash mumkin.

Suhbatni batafsil YouTube platformasida tomosha qiling.

NormuhammadAli ABdurahmonov suhbatlashdi.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid