Jahon | 14:00 / 04.06.2024
19056
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiya hududiga AQSh qurollarida zarba yo‘llashga ruxsat berildi. WP tafsilotlarni aniqladi

Muzokaralarga Xarkiv oblastidagi vaziyat ta’sir ko‘rsatgan.

Serhii Mykhalchuk / Global Images Ukraine / Getty Images

Rossiya qo‘shini yurish qilayotgan Xarkiv oblastidagi vaziyat AQShni ukrain harbiylariga Rossiya hududidagi nishonlarga Amerika qurollari bilan zarba yo‘llashga ruxsat berishga ishontirgan. Bu haqda yozgan The Washington Post nashri maqolasida Ukraina Oq uyni taqiqni bekor qilishga ko‘ndirish uchun 17 kun davomida qanday harakat qilgani tasvirlangan.

Mart oyidayoq mulozimlar RF qo‘shini Xarkiv yaqinidan o‘tgan Rossiya-Ukraina chegarasida qo‘shin to‘playotganini payqashgan. Mart oyi o‘rtalarida aviabombalar bilan Xarkiv oblasti shiddatli ravishda  o‘qqa tutila boshlangan, bu hujumlar oqibatida hududning energetika infratuzilmalariga jiddiy shikast yetkazilgan va oblastning katta qismi elektrsiz qolgan.

Maqolada aytilishicha, Ukraina rahbariyati o‘shandayoq vaziyatdan tashvishga tushgan, ammo o‘sha vaqtdagi qaltislikni ham anglab turgan, chunki o‘shanda AQSh kongressi Kiyevga 61 milliard dollarlik harbiy yordam ajratish masalasida hamon bahslashayotgandi. Shuning uchun o‘shanda Kiyev Amerika qurollarini RF hududidagi nishonlarga qo‘llash bo‘yicha taqiqni olib tashlashni talab qilmaslikka qaror qilgan, holbuki AQSh rasmiylari, The Washington Post nashri qayd etishicha, allaqachon frontdagi vaziyatni xavotir bilan kuzatayotgandi.

Xususan, mart oyida Kiyevga AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan tashrif buyurgan va ukrainalik rasmiylarni Xarkiv yaqinida chegara bo‘ylab mudofaa pozitsiyalarini tayyorlashga chaqirgan. Ammo, Ukraini qurolli kuchlari istehkomlar qurishga urinayotganida ularni Rossiya artilleriyasi o‘qqa tutib turgan. Shu tufayli ukrain harbiylari tun bo‘yi ishlashiga to‘g‘ri kelgan.

Aprel oyi oxirida AQSh Ukrainaga harbiy yordam haqidagi qonun loyihasini ma’qullaydi va qurol yetkazib berishni boshlaydi. Ammo bu juda kech ro‘y beradi va tayyorlangan yurishni to‘xtata olmaydi.

Gazeta savollariga javob qaytargan Ukraina qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari hisoblashicha, RF qo‘shini Xarkiv oblastiga yurishni ukrainlar g‘arb qurollarini qo‘llashga taqiq tufayli ularga xalal bera olmasligini bilgan holda rejalashtirgan va uyushtirgan. 10 may kuni Rossiya yurish boshlaganida, uning qo‘shini tezlik bilan Xarkiv yaqinida Ukrainaning shimoliy chegarasini kesib o‘tgan va shaharni okkupatsiya xavfi ostida qoldirgan.

Ukrainalik harbiylar Rossiya armiyasi yurishning dastlabki kunlarida amalda hech qanday qarshiliksiz Rossiya hududidan turib ularni o‘qqa tuta olganini aytishgan. Ammo, ularning so‘zlariga ko‘ra, agar Ukraina Amerika qurollaridan RF hududidagi nishonlarga zarba berishi mumkin bo‘lganida, buning oldini olish mumkin edi.

13 may kuni, yurish boshlanganidan uch kun o‘tganida, Ukraina rahbariyatining «yo‘qotadigan narsasi yo‘q» edi. Ukrainalik mulozimlar Amerika qurollarini Rossiya hududidagi nishonlar bo‘ylab zarbalar berishda foydalanishga ruxsat berishni so‘rab, rasman Vashingtonga murojaat etgan. The Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina vakillari 90 daqiqa davomida videoaloqa orqali AQShning xavfsizlik masalalari bo‘yicha yuqori martabali mulozimlarini (Jyeyk Sallivan, Pentagon rahbari Lloyd Ostin va Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, kichik Charlz Braun) Xarkib bosib olinishining oldini olish uchun Rossiya bilan chegara orqali javob zarbalar yo‘llashga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish zarurligiga ishontirishgan. Maqolada aytilishicha, ukrain rasmiylari boshqa narsalar qatori RF qo‘shini Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalari va tinch aholi vakillariga qanday emin-erkin zarba bera olayotgani haqida gapirishgan. Bu muloqotdan keyin amerikalik mulozimlar ukrainlarning iltimosini AQSh prezidenti Jo Baydenga yetkazishga va unga taqiqni yechishni maslahat solishga rozi bo‘lishgan.

15 may kuni Sallivan bilan gaplashganidan keyin Bayden cheklovlarni yumshatishga rozilik bergan, biroq shartlardagi o‘zgarishlarni batafsil tavsiflash va yangi siyosatni amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rishni so‘ragan. Bu jarayonga ikki hafta vaqt ketardi, ammo yaqinda Kiyevdan qaytgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken prezident bilan suhbatda frontdagi vaziyat jiddiyligini aytgan. Yakunda Oq uy yangi qoidalarni ishlab chiqqan va 30 may kunidan ular kuchga kirgan. Xususan, The Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, AQSh Ukraina qurolli kuchlariga RF hududidagi harbiy nishonlarga zarba berish uchun 50 mil atrofidagi (80 kilometrdan ortiq) masofaga harakatlanuvchi HIMARS reaktiv artilleriyasini qo‘llashga ruxsat bergan, ammo hozircha ATACMS kabi uzoq masofaga harakatlanuvchi qurollardan foydalanish bo‘yicha cheklovlarga o‘zgartirish kiritilmagan.

Moskvaning ogohlantirishi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq G‘arb mamlakatlari o‘z qurollaridan foydalanishga cheklov o‘rnatishi «nohaqlik» ekanini aytgan, shu bilan birga Ukraina o‘z hamkorlarining qo‘llab-quvvatlovini xavf ostiga qo‘ya olmasligini tan olgandi.

Rossiya g‘arb qurollari o‘z hududidagi nishonlarga qarshi qo‘llanishi ehtimoliga g‘azab bilan munosabat qilgan.

«NATO mamlakatlari vakillari, ayniqsa Yevropadagilar, ayniqsa kichik davlatlardagilar — ular umuman nima bilan o‘ynashayotgani haqida o‘zlariga hisob berishi kerak. Ular aholi tig‘iz yashaydigan kichik hududga ega davlat nimani anglatishini yodda tutishlari kerak. Bu Rossiya hududi ichkarisiga zarbalar berish haqida gapirishdan oldin yodda tutish kerak bo‘lgan faktor», — degandi o‘tgan haftada Vladimir Putin.

Rossiya rahbari zarbani ukrain kuchlari bergan taqdirda ham, uning mamlakati hududi ichkarisiga yo‘llangan har qanday zarba uchun javobgarlik g‘arblik yetkazib beruvchilar zimmasida ekanini qo‘shimcha qilgandi.

Kremldagilar Baydenning ruxsati haqida hech narsa ma’lum emasligini aytishgan. 

«Yo‘q, aynan shunday qaror haqida bizga hech narsa ma’lum emas. Bizga ma’lumki, Amerikada ishlab chiqarilgan qurollar allaqachon Rossiya hududiga zarba berishga urinib ko‘rgan. Biz uchun shuning o‘zi yetarli va bu AQShning ushbu mojarodagi ishtiroki darajasini yaqqol ifodalaydi», — degan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov brifingda jurnalistlarga.

Mavzuga oid