O‘zbekiston | 17:57 / 24.05.2021
81825
2 daqiqa o‘qiladi

Angrendagi YTHda halok bo‘lganlar soni 7 kishiga yetdi. Holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Angrenda 8ta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgan edi. IIV huzuridagi Tergov departamenti hodisa bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlarni ma'lum qildi.

2021 yil 24 may kuni soat 09:00larda fuqaro 40 yoshli M.U. boshqaruvida bo‘lgan tirkamali “MAN” rusumli yuk mashinasida Toshkent viloyati, Angren shahar hududidan o‘tgan A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘li bo‘ylab O‘sh shahar yo‘nalishidan Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha kelayotgan bo‘lgan.

U ushbu yo‘lning 183-kilometrida rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib ketayotgan temir yo‘l kesishmasiga yetmasdan to‘xtab turgan fuqaro 43 yoshli I.O. boshqaruvida bo‘lgan “Lacetti”, 30 yoshli K.R. boshqaruvida bo‘lgan “Nexia-2”, 44 yoshli E.M. boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli, 46 yoshli I.O. boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli, 45 yoshli M.Z. boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli, 39 yoshli K.M. boshqaruvidagi “Nexia-3” rusumli va “Matiz” rusumli avtomashinalar bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

“Natijada, jami 7 nafar shaxslar hodisa joyida vafot etgan va 14 nafar shaxslar olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga murojaat qilganlar”, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyat IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid