O‘zbekiston | 18:08 / 18.01.2019
16331
5 daqiqa o‘qiladi

«Navoiy KMK» qayta tashkil etiladi

Foto: Navoiy KMK

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Kon-metallurgiya tarmog‘i korxonalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan kon-metallurgiya tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etilmoqda.

Quyidagilar Respublika komissiyasining (A.N.Aripov) asosiy vazifalari etib belgilandi:

a) 2019 yil 1 martga qadar “Navoiy KMK” DKni qayta tashkil etish va korporativ boshqarishning zamonaviy usullarini tatbiq etish, shuningdek mazkur qarorda nazarda tutilgan talablarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash;

b) kon-metallurgiya tarmog‘ining yirik korxonalarini rivojlantirish, modernizatsiya qilish va ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirishning uzoq muddatli dasturlarini jadal amalga oshirish bo‘yicha vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

v) 2019 yil 1 mayga qadar kon-metallurgiya tarmog‘ining yirik korxonalariga berilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqish va unifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

g) 2019 yil 1 iyulga qadar xalqaro moliya institutlari va konsalting tashkilotlarini jalb etgan holda quyidagilarning aksiyalarini mahalliy va xalqaro fond bozorlarida ommaviy ravishda birlamchi va ikkilamchi joylashtirish orqali investorlarni jalb etishni nazarda tutuvchi Kon-metallurgiya tarmog‘ining yirik korxonalarini isloh qilish va rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish:

“O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ - 2022 yilda;

“Olmaliq KMK” AJ - 2023 yilda;

aksiyadorlik jamiyati etib qayta tashkil etiladigan “Navoiy KMK” DK - 2023 yilda;

d) 2019 yil 1 dekabrga qadar “Navoiy KMK” DKni qayta tashkil etish bilan bog‘liq jarayonlarni yakunlash hamda yangi tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyatidagi davlat ulushini professional boshqaruv kompaniyalariga tanlov asosida ishonchli boshqaruvga berish bo‘yicha taklif kiritish.

Respublika komissiyasi a'zolariga mazkur qarorda belgilangan tadbirlarning samarali bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

“Navoiy KMK” DK Kuzatuv kengashi:

a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda:

bir oy muddatda xalqaro maslahatchi va ekspertlarni jalb etgan holda “Navoiy KMK” DK mulklarini inventarizatsiya qilish bo‘yicha komissiya va “Navoiy KMK” DK tizimiga kiruvchi alohida tarkibiy bo‘linmalar bo‘yicha ishchi guruhlarni shakllantirsin, ularning vazifalari sifatida “Navoiy KMK” DKning barcha aktiv va majburiyatlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish, shuningdek “Navoiy KMK” DK Kuzatuv kengashiga va Agentlikka 2019 yil 1 mayga qadar muddatda ishchi guruhlarning oraliq hisobotlarini hamda 2019 yil 1 iyulga qadar ishchi guruhlar va komissiyaning yakuniy hisobotini taqdim etishni belgilaydi;

inventarizatsiya yakunlari bo‘yicha ikki oy muddatda xalqaro amaliyotda umume'tirof etilgan uslublar asosida “Navoiy KMK” DKning ishlab chiqarish va boshqa aktivlari qiymatini baholash, shuningdek “Navoiy KMK” DK mehnat jamoasi yashashi uchun zarur sharoitlar yaratilishini va ularga xizmat ko‘rsatilishini ta'minlagan holda ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etmaydigan infratuzilma, ijtimoiy va boshqa ixtisoslashmagan obektlarni xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga sotish va ixtisoslashgan davlat tashkilotlariga topshirish orqali ulardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar kiritadi;

b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda 2019 yil 1 martga qadar xalqaro maslahatchi va ekspertlarni jalb qilgan holda “Navoiy KMK” DKning balansida bo‘lgan va zaxiralari Qidiruv natijalari, mineral resurslar va ruda zaxiralari hisoboti Avstraliya kodeksi (JORC Code) standartlariga muvofiq qayta baholanadigan konlar ro‘yxatini tasdiqlaydi;

v) 2019 yil 1 mayga qadar “Navoiy KMK” DKning Kuzatuv kengashi tarkibiga yetarli tajriba va malakaga ega bo‘lgan mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Mavzuga oid