O‘zbekiston | 15:38 / 26.12.2019
41178
6 daqiqa o‘qiladi

DTM abituriyentlar testlarini qanday tekshiradi? Maxsus binodan fotoreportaj

Ko‘pchilik abituriyentlarga kirish imtihonlari testlari qanaqa sharoitda va kimlar tomonidan tuzilishi, ular ishlagan testlar qanday tekshirilishi jarayoni qiziq bo‘lsa kerak.

Masalan, test tuzilishi jarayoniga bog‘liq holatlar va testologlar haqida nega hech qanaqa ma'lumot ochiqlanmasligi hammaga ham ma'lum emas.

Davlat test markazi tomonidan mazkur ma'lumotlar va jarayonni ochiqlash uchun ilk bor press-tur tashkil etildi.

«Bu binoga biz ham kirolmaymiz...»

DTMning testologlar ishlaydigan bo‘lmasi, bosmaxonasi, testlar saqlanuvchi xonalar alohida binoda joylashgan bo‘lib, unga faqat maxsus ruxsat etilgan xodimlar kirishlari mumkin xolos.

Bu obektga barmoq izi va yuzdan tanib oluvchi maxsus himoyalangan identifikator o‘rnatilgan bo‘lib, boshqa xodimlarning kirishi taqiqlanadi.

Hatto derazalari ham yopiq bu binoda telefon va internetdan foydalanish cheklangan, xodimlar bir-biri bilan ratsiya orqali bog‘lanadi.

«Testologlar maxsus talab asosida saralanadi...»

Tashkilot xodimlarning ma'lumotiga ko‘ra, testlar xavfsizligini ta'minlash uchun testologlar haqida ochiq ma'lumot berilmaydi.

Xodimlar tomonidan tuzilgan testlar maxsus serverga borib tushadi.

Umumta'lim fanlari bo‘yicha test topshiriqlarini shakllantirish bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Nurmanovning ta'kidlashicha, testologlar ariza bilan murojaat qilganlaridan so‘ng ular bir necha bosqichli sinovdan o‘tkaziladi.

«Ularga, eng avvalo, mutaxassisligi bo‘yicha test sinovlari beriladi. Ijobiy natija ko‘rsatganlar ikkinchi bosqichga o‘tadi, bunda ularga ekspertiza uchun savollar beriladi.

Oxirgi bosqichda esa 3ta qiyinlik darajasi bo‘yicha test tuzish topshirig‘i berilib, ularning bu bo‘yicha ko‘nikmalari aniqlanadi», – deydi Ulug‘bek Nurmanov.

Mazkur qutilarda 2020-2021 o‘quv yili uchun tuzilayotgan yangi testlar saqlanmoqda.

«Bu bazada bitta testning qo‘lyozma shaklidan boshlab to oxirgi variantga kelgungacha bo‘lgan holatdagi barcha hujjatlari saqlanadi.

Tayyor bo‘lgan testlar esa bazadagi kompyuterlarga kiritib boriladi», – deydi DTM boshqarma boshlig‘i Jambul Yusupov.

Savollar varaqasi qayerda chop etiladi?

«Agar bir yilda bir milliondan ko‘proq abituriyent hujjat topshirishini hisobga olsak, imtihon olinadigan muddat oralig‘ida kamida 8-10 million test kitobchalari mana shu bosmaxonadan chiqadi», – deya ma'lumot berdi DTMning boshqa bir boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Abdunazarov.

Maxsus printerlar qog‘ozlarni tikib berishga ham mo‘ljallangan. Bundan tashqari, favqulodda vaziyatlar (elektr toki bilan bog‘liq sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolar, texnik nosozlik) yuz berishi mumkin bo‘lgan holatlarda alohida uskunalarda chop etilgan varaqlar kitobcha holatiga keltiriladi.

Har bir savol muhrlangan holatda test o‘tkaziladigan hududlarga yuboriladi

Chop etib bo‘lingan test kitobchalari va javoblar varaqalari maxsus qutilarda test o‘tkaziladigan turli hududlarga muhrlangan holda maxsus qoplarda yuboriladi.

Qutining yuzasiga qaysi sanada va qaysi joyda o‘tkaziladigan imtihon uchun mo‘ljallangan savollar ekanligi yozib qo‘yiladi.

Test topshiriqlari DTMga yana muhrlangan holatda qaytishi uchun ularga maxsus qog‘ozlar qo‘shib jo‘natiladi.

Ishlatilgan test kitobchalari bir yarim-ikki yilgacha saqlab qo‘yiladi

Savollar kitobchalari alohida qutilarda qaytgach, hamma kitobchalar mavjudligi tekshirilgandan so‘ng maxsus omborxonaga yuboriladi. Bu yerda ular bir yarim-ikki yil muddatgacha saqlanadi. Shundan so‘ng yo‘q qilinishi mumkin.

Ma'lum qutilar faqat zarurat bo‘lgan holatlardagina, aytaylik, abituriyent apellyatsiya uchun ariza berganda ochilishi mumkin.

Bir soatda 30 ming javoblar varaqasi tekshiriladi

Javoblar varaqasini tekshirish uchun AQSh va Rossiya texnologiyasidan foydalaniladi. Ikki texnikaning natijalari bir-biridan farq qiladigan istisnoli holatlar bo‘lsa, bunday javoblar varaqasi qaytadan tekshiriladi.

Test sinovlarining kompyuter tahlili va axborotlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Eshniyozovning ma'lumotiga ko‘ra, bu 2 texnika soatiga 30 ming javoblar varaqasini tekshiradi.

Skanerlar birdaniga javoblar varaqasini skaner qilib oladi va ularni ro‘yxatga kiritib ketadi.

Bundan tashqari, mazkur xonada turli holatlarda tuzilgan dalolatnomalar elektron bazaga kiritiladi, abituriyentlar tomonidan test topshiriqlari kitobining kodi javoblar varaqasiga xato kiritilgan holatlar aniqlanib tekshiriladi.

30 kunlik «qamal»

Kirish imtihonlari arafasida qariyb 30 kunga yaqin DTMning bevosita test tuzish va chop etish jarayonida ishtirok etadigan xodimlari mazkur binoning o‘zida yashaydi, begonalar kirishi butunlay taqiqlanadi.

Bu jarayon oxirgi bosqichdagi testlar xavfsizligini ta'minlash uchun joriy etiladi.

Bundan tashqari, maxsus texnikalar – printer va skanerlardan kirish imtihonlari mavsumidan keyin boshqa imtihonlar, masalan, chet tili darajasini aniqlash bo‘yicha o‘tkaziladigan testlar uchun ham foydalaniladi.

Mavzuga oid