Jamiyat | 19:59 / 02.12.2025
8015
5 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva Toshkentda ekologiya bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishini o‘tkazdi

«Prezident har kuni mendan shu masalalar bo‘yicha hisobot so‘raydi», – dedi u.

Foto: Eco Info

O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva seshanba kuni kechqurun Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda komissiya telegram-kanali xabar berdi.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov va Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ma’ruza qilgan.

«Yurtimizdagi havo bilan bog‘liq holat shaxsan davlatimiz rahbarining doimiy nazorati ostida bo‘lib turibdi. Doimiy kuzatuv va ilmiy tahlillar olib borilmoqda, mahalliy mutaxassislar hamda xorijlik ekspertlar ham jalb qilingan, havo ifloslanishi bilan bog‘liq muammoni bartaraf etishga barcha say-harakatlar safarbar qilingan», – deyiladi xabarda.

Saida Mirziyoyeva Maxsus komissiya a’zolari oldiga aniq vazifalarni qo‘ydi: hozir qabul qilinayotgan chora-tadbirlar aniq muddatlarga ega bo‘lishi va ular tizimli bo‘lishi, kelgusi yilda bunday holat takrorlanmasligi kerakligi ta’kidlangan.

Yig‘ilipshda yirik yashil hududlar va bog‘lar tashkil qilish, tabiiy suv havzalari atrofini obodonlashtirish, sun’iy ko‘llar qurish haqida so‘z borgan.

«Taklif etilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar majmuasi ko‘rib chiqilgan: yashil o‘simliklarni ekish turlari va joylari, ariqlar tizimini qayta tiklash, issiqxonalar va sanoat korxonalari chiqindilarining oldini olish va havo bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash bo‘yicha boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan harakatlar», – deya yozadi yig‘ilishni yoritayotgan bloger Nikita Makarenko.

Prezident administratsiyasi rahbari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashil maydonlarni saqlash va ko‘paytirish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimlaridan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha muntazam hisobot berib borish talab qilingan.

«Prezidentimiz mendan har kuni bu masala bo‘yicha hisobot so‘rayaptilar. Xalqimizning salomatligi bilan bog‘liq masala bo‘lgan joyda hech birimizning sustkashlikka yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q», – degan Saida Shavkatovna.

Sanoat zonalari va issiqxonalardagi ekologik holatni qat’iy nazorat qilish bilan bir qatorda, belgilangan talab doirasida ishlashni xohlovchi tadbirkorlarga davlat tomonidan har tomonlama ko‘mak berish kerakligi ta’kidlandi.

Lekin o‘z navbatida, ekologiyani buzayotgan va qoidalarni pisand qilmaydigan har qanday sub’yektga nisbatan keskin qonuniy choralar ko‘rilishi, bunda hech kimga istisno qilinmasligi qayd etildi.

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, yig‘ilishda Farg‘onadagi havo ifloslanishi bilan bog‘liq muammoli holat ham muhokama qilingan. Mas’ullarning bu boradagi hisobotlari tinglangan.

Saida Mirziyoyeva Farg‘onada ham vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keskin choralar ko‘rish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar bergan.

Umuman olganda, ekologik vaziyat hamda uni yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar qandaydir bir martalik yoki vaqtinchalik aksiya emasligi, bundan keyin, garchi havo yaxshilangan taqdirda ham, mazkur yo‘nalishdagi ishlar to‘xtab qolmasligi, izchil hamda tizimli davom etishi, buni barcha bo‘g‘indagi rahbarlar to‘g‘ri anglashi kerakligi qat’iy ta’kidlangan.

«Eng asosiysi, prezidentimiz xohlayotgan va doim ta’kidlaydigan masala — qilayotgan ishlarimiz ilmga asoslanishi kerak. Olimlarni eshitishimiz, ilg‘or xorijiy ilmiy tajribalardan foydalanishimiz, yurtimizda ham ushbu sohadagi ilmiy maktabni yaratishimiz kerak», – deya ta’kidladi Saida Mirziyoyeva.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda atmosfera nazoratiga mo‘ljallangan katta ilmiy laboratoriya tashkil qilishga oid masala ham muhokama qilingan va bu bo‘yicha mas’ullar uchun qat’iy muddatlar belgilangan.

  • Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida havo ifloslanishi kuchayishi fonida bir hafta oldin, 24 noyabr kuni Saida Mirziyoyeva ma’muriyat va mas’ul idoralar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazib, vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni muhokama qilgandi. Shu kuni prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan ushbu chora-tadbirlar tasdiqlandi va maxsus komissiya tuzildi.

Mavzuga oid