O‘zbekiston | 09:09 / 05.11.2021
7451
6 daqiqa o‘qiladi

Teatr tomoshabin bilan barhayot: Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri bu borada nimalar qilyapti?

Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri so‘nggi yillar davomida nafaqat respublikamiz, balki jahon sahnalarida ham ijodiy ishlar bilan ishtirok etib, katta yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Birgina so‘nggi uch yilda erishilgan yutuqlar salmog‘i ham kishini quvontiradi.

Foto: Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri

Jumladan, teatr jamoasi 2019 yilning 25 iyul-2 avgust kunlari Rossiyaning Samara viloyatida o‘tkazilgan “Rus. Epoxi ob'yedineniya” festivalida ishtirok etdi. Shuningdek, 11-15 sentyabr kunlari Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan ikkinchi xalqaro festivalda X.Xursandovning “Bobomning orzusi” spektakli namoyish etildi. Ushbu festivalda jamoa “Eng yaxshi spektakl libosi” nominatsiyasi bilan taqdirlandi. Teatr direktori O‘.Mahmatqulovga festivalning “Teatr rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun” maxsus diplomi topshirildi.

Foto: Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri
Foto: Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri

2020 yilning 22-25 fevral kunlari Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo xalqaro teatrlar assotsiatsiyasi kengashi yig‘ilishida teatr direktori O‘.Mahmatqulov hamda san'atshunos Oybek Kapadze ham ishtirok etdi.  

Turkiyaning teatr sohasidagi eng nufuzli “TIYATRO” gazeta-jurnalida Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri tarixi, buguni va istiqboli xususida “Yangi O‘zbekistonda Qashqadaryo teatri”, “O‘zbekistondan salomlar” kabi bir nechta maqolalar chop etildi.

Foto: Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri

Teatrimiz nafaqat mahalliy, balki xorijiy davlatlarga ham ijodiy gastrol faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. Joriy mavsumda Istanbul-Maltepa teatrining bosh rejissyori Kubulay Yerdelikara va Adam Tosun tomonidan Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrida “Davlat buyurtmasi” asosida N.Gogolning “Tentakning yozmalari” asari sahnalashtirildi. Ushbu spektakl 12 may kuni keng jamoatchilikka namoyish etildi va alohida e'tirof etildi.

5-9 avgust kunlari Yevrosiyo xalqlari teatrlari assotsiatsiyasining ilk yig‘ilishida Turkiya, O‘zbekiston, Ozarboyjon, Ukraina, Gurjiston, Serbiya, Ispaniya, Portugaliya, Polsha, Kosova, Fransiya, Bolgariya va Qozog‘istondan kelgan teatr ijodkorlari va mutasaddilari ishtirok etishdi. Ahamiyatli tomoni, ular orasida san'atshunos Oybek Veysal o‘g‘li Kopadze va Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri direktori O‘tkir Mahmatqulov ham bor.

Yevrosiyo xalqaro teatrlari assotsiatsiyasiga Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri ham a'zo sifatida qabul qilindi.

Foto: Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri
Foto: Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri

Teatr ijodiy jamoasi 7-10 oktyabr kunlari Turkiya davlatining Maltepa shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro teatrlar festivalida N.Gogolning “Tentakning yozmalari” spektakli bilan ishtirok etib, xalqaro festivalning Gran-pri mukofoti bilan taqdirlandi. Ushbu spektaklda bosh qahramon Popreshchin obrazini mahoratli aktyor G‘ayrat Husayinov ijro etdi.

Foto: Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri

So‘nggi yillarda teatr jamoasi tomonidan bir qator spektakllar muvaffaqiyatli sahnalashtirildi. Xususan, “Qo‘ng‘iroqli aldoqchi”, “Yurt qadri”, “Najot darvozasi”, “Layli va Majnun”, “Bobomning orzusi”, “Orol bobo”, “Advokatlik osonmu?”, “Jannatga yo‘l”, “Oq kema” va “Xush vaqt” kabi spektakllar tomoshabinlar e'tirofiga sazovor bo‘ldi.

Oxirgi yillarda teatr ijodiy faoliyatini yanada yaxshilash, zamonaviy ruh olib kirish hamda aktyorlarning yangi qirralarini ochish maqsadida taniqli ustoz rejissyorlar bilan hamkorlik aloqalari kuchaydi. Jumladan, O‘zbekiston san'at arboblari Bahodir Yo‘ldoshev, Olimjon Salimov, Mansur Ravshanov, Karim Yo‘ldoshev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari Bahodir Nazarov, Abdurahmon Abdunazarov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar Mirza Azizov, Marat Azimov, Nodira Mahmudova, tajribali rejissyor Avliyoquli Xo‘jaquliyev, O‘zbek Milliy akademik drama teatrining bosh rejissyori Asqar Xolmo‘minov teatr repertuaridan o‘rin olgan eng sara o‘zbek va jahon asarlari durdonasi bo‘lgan spektakllarni sahnalashtirishgani fikrimiz isbotidir.

Bundan tashqari, Madaniyat vazirligi tomonidan 2022 yilda klassik asar sahnalashtirish uchun teatrimizga 300 million so‘m mablag‘ ajratilgani ham jamoamizning yutug‘i, albatta.

Foto: Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri

Yurtimizdagi musiqali teatr san'atining rivojlanishida Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrining o‘rni nihoyatda katta. Bu shunchaki, balandparvoz gaplar emas. Mashhur san'at ustalari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san'at arboblari Raimjon Komiljonov, Sadriddin Salimov, O‘zbekiston xalq artistlari Farog‘at Rahmatova, Ikroma Boltayeva, Sharif Qobilov, Sur'at Po‘latov, Muhtarama Nosirova, Omon Beganjiyev, Husan Amirqulov va yana ko‘plab O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Bahrom Kamolov, Jamil Ashurov, Majit Mamatov, Hayit Mustafaqulov, Hamida Ibragimova, Nazira Vohidova, Lola Xoliqova, Yoqub Rajabov, Aliqul Tulayev, Muhiddin Majidov, Tojiddin Murodov, Haqberdi Amirqulov, Odiljon Ismoilov va yana ko‘plab madaniyat xodimlarining faoliyatini eslash o‘rinli.

Teatrda bugungi kunda taniqli aktyor va xonandalar Hurriyat Isroilova, Halovat Ostonova, Pirimqul Rustamov, Abduvali Hushshiyev, Sur'at Ahmedov, Bahodir Maksimov kabi ustozlar samarali ijod qilib kelmoqda, an'analarni ular davom ettirishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, teatr jamoasi tom ma'noda tomoshabinlarni teatrga qaytarish, betakror san'at asarlaridan bahramand etish yo‘lida bor g‘ayratini ishga solmoqda.

Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri Ⓣ