Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin Sochidagi Olimpiada ochilishi kuni yo‘lovchi samolyotni urib tushirish qarorini qabul qilganini esladi
Foto: Aleksey Nikolskiy / RIA Novosti
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2014 yili Sochidagi qishki Olimpiya o‘yinlari ochilishi kuni samolyotni urib tushirish to‘g‘risida qaror qabul qilgani haqida esladi. U bu haqda Andrey Kondrashovning «Putin» filmida gapirgan.
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbarlari bilan birga «Fisht» stadioniga yo‘l olganida, Olimpiada xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha operativ shtab tomonidan Xarkovdan Istanbulga uchgan turklar samolyoti garovga olingani va u Sochi tomon yo‘naltirilishi mumkinligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Xabarda samolyot terrorchilar tomonidan garovga olingani va unda bomba borligi aytilgandi.
«Bizda Olimpiya o‘yinlaridan oldin qabul bor edi. Biz Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari bilan avtobusda stadion tomon ketayotgandik. Yo‘l yarmiga yetganimizda operativ shtab rahbarlaridan biri qo‘ng‘iroq qildi. U Ukrainadan Istanbulga uchgan samolyot garovga olingani, garovga oluvchilar samolyotni Sochiga qo‘ndirishni talab qilishayotganini aytdi», deydi Putin.
FSB direktori Aleksandr Bortnikov filmda aytishicha, turklarning Pegasus aviakompaniyasi layneri uchuvchilari yo‘lovchilardan birida bomba borligi, u samolyotni Sochiga qo‘ndirishni talab qilayotgani haqida xabardor qilgan. Shundan so‘ng, havoga harbiy aviatsiya chiqarilgan.
«Men ulardan nima taklif qilishlarini so‘radim. Ular kutilgan javobni qaytarishdi. Ular rejaga ko‘ra, bunday vaziyatlarda samolyotni urib tushirish belgilanganini aytishdi. Men unda reja bo‘yicha harakat qilinglar dedim. Avtobusdagilarga esa hammasi joyida ekanini aytdim. Biz stadionga yetib qolgandik», — degan Rossiya prezidenti.
Keyinroq samolyotda mast kishi vahima ko‘targani ma'lum bo‘lgan.
«Men ularga keyin ham hech narsa demaganman. 5 daqiqa, balki, 7 daqiqa o‘tib ikkinchi qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Operativ shtab vakili bu mast yo‘lovchi bo‘lgani, hozirda samolyot Turkiyaga uchishda davom etayotganini ma'lum qildi», — deya qo‘shimcha qilgan Putin.
Mavzuga oid
22:26 / 15.01.2026
Putin Maduroni ag‘dargan Trampni tanqid qilishga jur’at etolmadi
15:51 / 15.01.2026
Bloomberg: Trampning maxsus vakillari Putin bilan uchrashishi mumkin
09:50 / 15.01.2026
Tramp: Putin tinchlikni istayapti, kelishuvga Zelenskiy to‘sqinlik qilyapti
22:33 / 09.01.2026