Jahon | 22:33 / 09.01.2026
6152
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putinga sabr-toqati tugayotgani haqida signallar yubormoqda – OAV

Rossiya bayrog‘i ostidagi neft tankerining qo‘lga olinishi va sanksiyalar to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasining qo‘llab-quvvatlanishi Putinga urushni to‘xtatish vaqti kelgani haqidagi signallar ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putindan tobora ko‘proq hafsalasi pir bo‘lmoqda va uni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiydan ko‘ra Ukrainadagi tinchlik uchun katta to‘siq deb hisoblamoqda. Bu haqda The Telegraph manbalarga tayanib yozdi.

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Rossiya bayrog‘i ostidagi neft tankerining qo‘lga olinishi va sanksiyalar to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasining qo‘llab-quvvatlanishi Putinga urushni to‘xtatish vaqti kelgani haqidagi signallardir.

«U qamchi va shirin kulcha prinsipi bo‘yicha harakat qiladi. O‘ylashimcha, unda shirin kulcha umuman qolmadi», dedi AQSh prezidentining yaqin atrofidagi manba.

Yana bir manbaning qo‘shimcha qilishicha, Trampni Rossiyaning muzokaralardagi «ikki qadam oldinga - bir qadam orqaga» taktikasi tobora ko‘proq g‘azablantirmoqda.

«Rossiyaliklarning «ikki qadam oldinga - bir qadam orqaga» taktikasini qo‘llashi ma’muriyatni charchatdi: ular kelishuvlarga tayyor ko‘rinadi, keyin esa biz kutgan savollar paydo bo‘lganda yo vaziyatni keskinlashtiradi yoki umuman suhbatni to‘xtatadi», deb tushuntirdi AQSh rasmiylaridan biri.

AQSh amaldagi va sobiq amaldorlari jurnalistlarga Tramp ma’muriyatining pozitsiyasi Yevropa bilan tobora yaqinlashib borayotganini aytdi: Putin shunchaki vaqtni cho‘zmoqda.

«Putinning doimiy shafqatsizligi, makkor xatti-harakatlari va manipulyatsiyalari ma’muriyat e’tiboridan chetda qolmayapti», dedi u.

Avvalroq, Tramp Putin ham, Zelenskiy ham hozir tinchlik bitimi tuzishni xohlayotganini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar jarayoni ikki tomonning pozitsiyalari tufayli bir necha bor boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Shu bilan birga, Amerika yetakchisining fikricha, ikkala tomon ham kelishuvlarga erishishdan manfaatdor bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, u urush tugashi mumkin bo‘lgan har qanday muddatni aytishdan bosh tortdi va tinchlikka erishish uchun muddatlarni oshkora e’lon qilish odatidan voz kechdi.

Mavzuga oid