O‘zbekiston | 10:06 / 08.09.2022
17012
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda quruvchi tashkilot to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqqa qaramay, 58 tup daraxtni kesib tashladi

Toshkentning Chilonzor ko‘chasidagi daraxtzor tag-tomiri bilan yo‘q qilindi. Kun.uz daraxtlar taqdiri xavf ostida ekani haqida shu yil boshida material tayyorlagan, o‘shanda hududni sotib olgan kompaniya rahbari birorta daraxtga zarar yetkazmaslikka va’da bergandi.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

7 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Chilonzor tumani Chilonzor ko‘chasida daraxtlar noqonuniy kesilishi bo‘yicha xabar tarqaldi. Davlat ekologiya qo‘mitasi holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari boshchiligida ishchi guruhi tuzilib, joyiga chiqib atroflicha o‘rganish ishlari olib borildi. 

O‘rganish natijasiga ko‘ra, bu hudud “Dream House Stroy” MChJga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan. Qurilish uchun ajratilgan hudud jami 0,20 gektar yer maydonidan iborat bo‘lib, shu yil 20 yanvarda ekologiya inspektorlari tomonidan daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, jami 58 dona har xil turdagi manzarali daraxtlar borligi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Mazkur hujjat bilan “Dream House Stroy” MChJga daraxtlarni kesmaslik va daraxtlarni saqlab qolish yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda ogohlantirish berilgan. Korxona vakillari esa daraxtlarga nisbatan noqonuniy harakatlarni amalga oshirmaslik yuzasidan 20 yanvarda kafolat xati taqdim etgan.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

17 fevralda esa kompaniya yagona darcha orqali hududdagi daraxtlarni kesish yuzasidan ariza bergan. Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi arizani rad etgan.

Maxsus ishchi guruh tomonidan bugun, 8 sentabr tunda olib borilgan o‘rganish ishlari jarayonida “Dream House Stroy” MChJga tegishli yer maydonidagi jami 58 dona har xil turdagi manzarali va mevali daraxtlar ildiz qismlari bilan birgalikda yo‘q qilingani aniqlangan.

Daraxtzor o‘rab olinishidan oldingi holat. 2022 yil, yanvar / Foto: Kun.uz
Daraxtzor o‘rab olinganidan keyingi holat. 2022 yil, yanvar / Foto: Kun.uz

Ekoqo‘mitaga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar jami 797 700 000 so‘mga baholangan.

“Davlat ekologiya inspektorlari qonuniy talablarini bajarmagani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-6-moddasi, Jinoyat kodeksi 198-moddasiga asosan tegishli shaxslarni javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan”, – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz bu yerdagi daraxtlar xavf ostida ekani haqida shu yil boshida yozib chiqqan edi.

O‘shanda quruvchi kompaniya daraxtzorni to‘siqlar bilan o‘rab olgan edi. O‘zini shu joyning egasi va investor deb tanishtirgan Umar G‘afforov birorta daraxtga ziyon yetkazilmaydi deya Kun.uz muxbiri va ekologlar qarshisida va’da bergan edi.

G‘afforov bu yerda biznes markaz va mehmonxona qurayotganini aytgandi.

Davlat reyestriga ko‘ra, “Dream House Stroy” MChJ 2017 yilda ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat yo‘nalishi sifatida “To‘qimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoati uchun texnikalar ulgurji savdosi” ko‘rsatilgan.

Kompaniyaning yagona ta’sischisi – To‘raboyev Kozimjon Gulamjon o‘g‘li (100%). Kompaniya rahbari sifatida Biyunova Svetlana Gennadevna ko‘rsatilgan.

Ochiq manbalarda Kozimjon To‘raboyevning yana qanday kompaniyalari borligiga doir boshqa ma’lumotlar yo‘q. Svetlana Biyunova esa 2017 yilda ro‘yxatga olingan “Capital Qurilishtamirlash Birlashmasi” MChJda ham rahbarlik qiladi. Bu korxonaning yagona ta’sischisi sifatida Israilova Nozima Abduvaliyevna ko‘rsatilgan (100%).

Mavzuga oid