Jahon | 16:34 / 03.07.2025
21097
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada o‘yinchoq qurol bilan raqsga tushgan o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi

19 yoshli yigit bezorilik jinoyatini sodir etgan deb topildi.

Foto: Videodan kadr

Sankt-Peterburgning Smolninskiy tuman sudi shaharning tarixiy markazida o‘yinchoq qurol bilan raqsga tushgan o‘zbekistonlik Javohir Sagdullayevni besh oylik qamoq jazosiga hukm qildi.

Uning jazo muddati tergov hibsxonasida bo‘lgan vaqtini hisobga olgan holda o‘talgan hisoblanadi, deb xabar qildi Sankt-Peterburg sudlarining birlashgan matbuot xizmati.

Mart oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligining hududiy bosh boshqarmasi Sankt-Peterburg markazidagi «Galereya» savdo markazi yaqinida bir guruh yoshlar qurshovida o‘yinchoq qurol bilan raqsga tushayotgan 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingani va bezorilik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edi.

«Sud Sagdullayevning qilmishini Rossiya Jinoyat kodeksining 213-moddasi 1-qismi «a» bandi bilan kvalifikatsiya qildi va uni besh oy muddatga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qildi», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, sudlanuvchi raqs vaqtida «o‘yinchoq qurolni atayin ko‘rsatgan», bu esa boshqalarga psixologik ta’sir ko‘rsatish va jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish sifatida baholanadi. Ta’kidlanishicha, Sagdullayev o‘z aybiga iqror bo‘lib, tavba qilgan.

«Hibsxonada o‘tkazilgan vaqt hisobga olindi, shuning uchun jazo o‘talgan hisoblanadi», deb qo‘shimcha qildi matbuot xizmati. Sagdullayev sud zalida hibsdan ozod etildi.

Mavzuga oid