O‘zbekiston | 14:24 / 25.12.2023
29530
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda it yetaklab ketayotgan yigit kaltaklanib, umurtqasi sindirildi

Katta yoshli erkak hujumiga uchragan 18 yoshli yigitning yaqinlari Kun.uz'ga bog‘lanib, ichki ishlar organlarida tergov ishlari sust olib borilayotganidan shikoyat qilishdi.

Toshkentda 18 yoshli yigit katta yoshli erkak tomonidan kaltaklangan. Oqibatda yigitning umurtqa pog‘onasi sinib, shifoxonaga yotqizilgan. Mojaroga yigit yetaklab ketayotgan it sabab bo‘lgan.

Yigitning onasi ijtimoiy tarmoqlarda hodisani ko‘rganlardan guvohlikka o‘tishni so‘rab post qoldirgan. Unda shunday deyiladi:

Aziz yunusobodliklar. Voqea Yunusobod tumani 13-mavzeda, 246-maktabga yaqin joyda 17 dekabr yakshanba kuni soat taxminan 13:00 larda sodir bo‘lgan. 18 yoshli o‘smir o‘z iti bilan sayr qilib yurganda it o‘sha joydan o‘tib ketayotgan qizni hidlagan va tajovuz ko‘rsatmasdan undan uzoqlashgan. Shu payt qizning 40 yoshli otasi yugurib kelib, itni tepishni boshlagan. O‘smir erkakni itarib yuborgan. Shunda erkak uni urgan. Oqibatda o‘smirning umurtqa pog‘onasi singan va hozir u kasalxonada. Biz voqeani ko‘rgan guvohlarni qidiryapmiz. Agar kimdir hodisani ko‘rgan bo‘lsa, iltimos, javob yozing”.

Yigitning yaqinlariga ko‘ra, hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan badanga o‘rtacha og‘irlikdagi shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.

Yigitning yaqinlari tergov ishlari juda sust olib borilayotganini ta’kidladi.

Kun.uz hodisa tafsilotlari yuzasidan IIVga so‘rov yubordi.

Mavzuga oid