O‘zbekiston | 19:45 / 05.01.2026
9286
4 daqiqa o‘qiladi

“Vaziyat yaxshilanishiga ishonish – fantastika”: faollar Xabarovskda o‘lgan migrant voqeasi haqida

Kun.uz Rossiyaning Xabarovsk shahrida milliy gvardiya maxsus bo‘linmasi (OMON) kaltaklab o‘ldirgan o‘zbek mavzusi ortidan faollar bilan suhbat o‘tkazdi. Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha, bu Rossiyaning bugungi davlatchilik xarakterini tasvirlaydi. Ehtimoliy huquqbuzarliklar uchun ularni vahshiylarcha kaltaklash, qo‘rquvda ushlash savollarni ko‘paytirishi kerak. Biror vazir yoki elchining odami shunday xo‘rlanganda butunlay boshqacha reaksiya bo‘lardi, deydi suhbatda qatnashganlar.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Rossiyaning Xabarovsk shahrida kafelardan biridagi reyd chog‘ida kaltaklangan o‘zbeklardan ikkitasi komaga tushib qolgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston TIV vaziyat yuzasidan munosabatini e’lon qilgan, unga ko‘ra, Xabarovsk prokuraturasi va Rossiya TIVning Xabarovskdagi idorasiga nota yuborilgan. Biroq ayni dam marhumning jasadi Rossiyada qolmoqda va o‘rganish ishlari davom etyapti.

Kun.uz bilan gaplashgan O‘zbekiston TIV rasmiy vakiliga ko‘ra, jasadning hali-hanuz Rossiyada qolishiga sabab mazkur vaziyat yuzasidan o‘rganish ishlarining olib borilishi. Ya’ni marhum OMON zarbasidan halok bo‘lganmi yoki yo‘q – aniqlashtirilmoqda. Biroq voqea 12 dekabr kuni sodir bo‘lgan va yaqinda 1 oy bo‘ladi.

Suhbatda qatnashgan siyosatshunos Farhod Tolipovning fikricha, bu holat katta siyosatning bir qismi.

So‘nggi yillarda Rossiyaning ittifoqdan qolgan imperialistik siyosati qayta uyg‘ondi. Propagandistlar, davlat so‘zlovchilari, millatchilardan tashqari oddiy ruslar ham ishlashga borganlarga kelgindi deb qaraydi va sig‘ishtirmaydi. Bu bugungi Rossiya davlatining xarakterini tasvirlaydi”, deydi u.

Jamiyatshunos Mahmud Yo‘ldoshevning aytishicha esa hali-hanuz yoshi katta odamlarning Rossiyaga bo‘lgan simpatiyasi va bu davlatning ikkinchi uyidek ko‘rishi – migrantlar oqimi kamaymasligiga sabab bo‘lmoqda.

Bir odam o‘lib ketyapti, ikkinchisi esa o‘lar holatda yotibdi. Nega O‘zbekiston o‘z konstitutsiyasida yozilganidek, o‘z fuqarosini himoya qilishga shoshilmaydi? Biror advokat yuborish shunchalik qiyinmidi?” - deydi jamiyatshunos.

Migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert Botir Shermuhammadga ko‘ra, OAVda muhokama bo‘lgan holatlar yuzasidangina TIVning munosabati e’lon qilinishi, oradan 1 oy o‘tib ham jasadning Rossiyada qolib ketishi – diplomatik korpus passiv ishlashini ko‘rsatadi.

Avvalo statistikaga to‘xtalsak, bu manipulyatsiya. Negadir Rossiya bergan va O‘zbekiston ko‘rsatgan raqamlar bir-biriga mos kelmaydi. Biz migrantlar kamaydi deb ko‘rsatish uchun o‘zimizni aldaymiz. Men mahallamda, atrofda Rossiyaga boruvchilar kamayganini his etganim yo‘q. Oxirgi holatga kelsak, bu OAVda ko‘rganimiz, undan tashqari kunlik ezilayotganlar qancha? Qancha fuqaromiz bugun Rossiya qamoqxonalarida o‘tiribdi? TIV bu haqida bilmaymiz degan”, deydi Botir Shermuhammad.

Faollar fikricha, muhojirlarning xorijda ishlashni tanlashi – tizim xatosi. Aksariyat hollarda ular o‘z yurtida ish yoki qulay shart-sharoit topolmagani ortidan xorijga yo‘l olgan. Biroq bu yurtdoshlarimiz davlatning himoyasini his etib turishi kerak. Migrantlarga raqamlar emas, inson sifatida qarash boshlansagina ma’lum natija bo‘ladi, deydi faollar.

Suhbatni Kun.uz’ning YouTube dagi sahifasi, jonli efirlar bo‘limidan to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid