O‘zbekiston | 11:20 / 17.07.2024
4059
4 daqiqa o‘qiladi

6 oyda 12 mingdan ortiq haydovchi mast holatda transportni boshqargani uchun jazoga tortildi

12 867 nafar shaxsga nisbatan jarima, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish va ma’muriy qamoqqa olish kabi ma’muriy jazolar qo‘llandi.

Foto: Kun.uz

Joriy yilning birinchi yarmida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 342 109 nafar shaxsga nisbatan 285 651 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud xabar bermoqda.

222 101 nafar shaxsga nisbatan jarima, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilish, muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan mahrum etish, ma’muriy qamoqqa olish, chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish kabi ma’muriy jazolar qo‘llandi.

Yarashilganligi munosabati bilan 39 935 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikdan ozod etildi.

Ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning aksariyatini mayda bezorilik, avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, haqorat qilish, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi, elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish va yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar tashkil etadi.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha 18 403 nafar shaxsga nisbatan 17 982 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 11 568 nafar shaxsga nisbatan jarima va transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Shu bilan birga, transport vositalarini mast holda boshqarish hamda transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha 14 556 nafar shaxsga nisbatan 14 427 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 12 867 nafar shaxsga nisbatan jarima, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish va ma’muriy qamoqqa olish kabi ma’muriy jazolar qo‘llandi.

Apellyatsiya tartibida 5 417 nafar shaxsga nisbatan 4 448 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. 1 446 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 1 500 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.

Kassatsiya tartibida 2 394 nafar shaxsga nisbatan 2 183 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. 786 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 611 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.

Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 935 nafar shaxsga nisbatan 852 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. 187 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 226 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.

Mavzuga oid