Jamiyat | 19:00 / 12.03.2026
3956
2 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Toshkent davlat tibbiyot universitetining 8 ta magistratura yo‘nalishi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi

Akkreditatsiya jarayoni Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (World Federation for Medical Education - WFME) standartlari hamda Yevrosiyo davlatlari tibbiyot muassasalarini akkreditatsiya qilish va ta’lim sifatini ta’minlash markazi (ECAQA) talablari asosida amalga oshirildi.

Foto: Toshkent davlat tibbiyot universiteti

2025 yilning 3–8 noyabr kunlari ECAQA xalqaro ekspertlari tomonidan universitetda keng qamrovli baholash jarayonlari o‘tkazildi. Unda oliygohdagi magistratura ta’lim dasturlari mazmuni, o‘quv jarayoni tashkil etilishi, klinik tayyorgarlik darajasi, ilmiy faoliyat, professor-o‘qituvchilar salohiyati hamda ta’lim infratuzilmasi kabi qator mezonlar tahlil qilindi.

Shundan so‘ng quyidagi magistratura yo‘nalishlari xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi:

• Endokrinologiya

• Otorinolaringologiya

• Oftalmologiya

• Pediatriya

• Bolalar anesteziologiyasi va reanimatologiyasi

• Bolalar kardiologiyasi va revmatologiyasi

• Bolalar nevrologiyasi

• Bolalar va o‘smirlar ginekologiyasi

Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur akkreditatsiya ta’lim dasturlarining xalqaro standartlarga mosligini anglatadi. Bu esa oliy ta’lim muassasasining xalqaro akademik maydonda ishonchliligi va raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil hisoblanadi.

Shuningdek, bunday akkreditatsiya tibbiyot sohasida tayyorlanayotgan mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalari zamonaviy talablar hamda global standartlarga mos shakllantirilayotganini tasdiqlaydi.

Ma’lumot o‘rnida, xalqaro akkreditatsiya sertifikatlari WFME hamda ECAQA maslahatchisi Farida Nurmanbetova tomonidan sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov hamda Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodovga tantanali ravishda topshirildi.

Reklama huquqi asosida

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid