Jamiyat | 19:14 / 19.04.2022
42112
2 daqiqa o‘qiladi

SSV Toshkent tumanida sher tishlab olgan 3 yoshli bolaning ahvoli haqida ma’lumot berdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent tumanida sher tishlab olgan bolaning ahvoli qoniqarli ekani, muolajalar reja asosida davom ettirilayotganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bolaning ahvoli qoniqarli, muolajalar reja asosida davom ettirilmoqda.

«Travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limida shoshilinch ravishda barcha kerakli muolajalar o‘tkazildi. Jumladan, quturishga qarshi antirabik vaksina qo‘llanib, jarohatlarga birlamchi jarrohlik ishlovlari berildi», deydi Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 2-son bolalar jarrohlik klinik shifoxonasi bosh shifokori D.Sobirov.

Bemor muassasaga olib kelingan vaqtda umumiy ahvoli o‘rta og‘irlikda baholangan. Hushi joyida bo‘lsa-da, bezovta va qo‘rquv alomatlari ko‘zga tashlangan. Bosh sohasi rentgen va MSKT tekshiruvlaridan o‘tkazilgan. Patologik sinish alomatlari kuzatilmagan. Yosh bemor neyroxirurg, nevropatolog va pediatr kabi qator mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilingan.

Shuningdek, unda qo‘shimcha tarzda yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi belgilari bo‘lgani uchun ko‘krak qafasining rentgenografiyasi tekshiruvi o‘tkazilgan. Pediatr tomonidan o‘tkir respirator infeksiya, faringobronxit tashxisi qo‘yilib, davolashni davom ettirish va jarohatlarini nazorat qilib turish maqsadida torakal jarrohlik bo‘limiga o‘tkazilgan.

Hozir bolakayning umumiy ahvoli nisbatan qoniqarli. Davo muolajalari reja asosida davom ettirilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bemorning ahvolini nazoratga olgan. 2-sonli klinik shifoxonaning travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limi boshlig‘i Ismat Nig‘matov hamda Respublika bosh rabiologi Saidvoris G‘aniyev tomonidan bemorning holati muntazam tarzda tekshirib borilmoqda.

Bundan avvalroq Toshkent viloyati Toshkent tumanida 7 aprel kuni xonadonlardan birida noqonuniy boqilayotgan sher 3 yoshli qizchani tishlab olgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid