Sport | 22:37 / 22.04.2026
3953
7 daqiqa o‘qiladi

27 million mashmashasi: o‘zbek klublari budjetdan pul ola boshladi

Shu kunlarda o‘zbek futboli muxlislari orasida bir mavzu muhokama markazida: klublarga davlat budjetidan beriladigan pulning bir qismi berildi, lekin maosh to‘lashda limit bor ekan – bir kishiga 27 million so‘mdan ko‘p maosh berib bo‘lmaskan. Chindan shunaqa bo‘ldi, klublar hisobiga tarixda ilk marta to‘ppa-to‘g‘ri budjetdan milliardlab pul kelib tushdi, lekin nyuanslar bor.

Limit: eng ko‘pi 27 million!

Yangi tartibga ko‘ra, Superliga klublariga homiylik qilib kelgan yirik davlat korxonalari homiylik pullarini bir fondga tashlay boshladi. O‘FA nazorati ostida har bir yuqori divizion jamoasiga 35 milliard so‘m pul bo‘lib-bo‘lib tashlab beriladi. Birinchi partiya allaqachon klublar hisobiga o‘tkazildi. Bu pullarni qanday taqsimlash bo‘yicha O‘FA va PFL rahbariyati ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda aniq qilib aytilgan: davlat bergan puldan hech kimga 27 million so‘mdan ortiq maosh berib bo‘lmaydi. Soliqlarni hisobga olsa, futbolchilar eng ko‘pi bilan 23 million so‘m atrofida maosh olishi mumkin.

Shuningdek, klubdagi boshqa xodimlarga ham qanchadan pul berish mumkinligi belgilab berilgan. Masalan, bosh murabbiy 10 million so‘mdan kamroq maosh oladi. Bu talablar ba’zi klublarni shokka tushirdi. Chunki yil boshida futbolchilar bilan, xususan, sal maosh kechiksa, FIFAga yugurib borib yozishni yaxshi ko‘radigan legioner futbolchilar bilan shartnoma imzolab bo‘lingan, ular 23 millionga butsasining ipini ham bog‘lamasligi aniq. Bundan tashqari, hozir mahalliy futbolchilarning maoshi juda katta, klublar arzonroq tushadi deb legioner olib kelyapti.

Eshitishimcha, poytaxt klublaridan birida legioner futbolchilar bunaqa maoshni eshitib mashg‘ulotlarda qatnashishdan bosh tortibdi. Buni ham tushunish mumkin, ular ham futbol o‘ynab oila boqaman deb boshqa davlatga kelib yuribdi, musofirchilikda yeb-ichgandan tashqari oila uchun 3-4 so‘m topmasa bo‘lmaydi.

«Bunyodkor»ga o‘xshagan klublarda vaziyat yanada qiyin. Chunki «qaldirg‘ochlar» almisoqdan qolgan Rivaldo va Denilsonning qarzlarini to‘lashga majbur. Piar uchun olib kelingan bu futbolchilar, ishoning, o‘zbek futboliga hech nima bergani yo‘q, bermasligi aniq edi. Qarz ham oz emas, deyarli 9,5 million dollar! Bu so‘mda qancha bo‘lishini hisoblashga ham qo‘rqadi odam, kalkulyatorga sig‘may ketsa ham kerak.

Aytgancha, uzoq yillar «Bunyodkor», «Nasaf», «Buxoro», «Mash’al», «Sho‘rtan» kabi klublarni moliyalashtirib kelgan «O‘zbekneftgaz» vakilining aytishicha, tashkilot har yili futbol uchun 300 milliard atrofida pul berib kelgan. Bu 25 million dollar degani, adashmasam. Birgina tashkilot har yili shuncha sarflagan bo‘lsa, o‘n yillar davomida futbol klublariga davlat korxonalaridan qanaqa katta pullar berilganini hisoblab olavering.

Aslida futbol ichidagi odamlar uchun bu yangilik emas, oxirgi paytlardagi xabarlardan keyin ko‘pchilik futboldagi pullarni hisoblab qoldi va juda ko‘p vatandoshlarimiz futbolga qanaqa katta davlat pullari berilishini eshitib hayratdan yoqa ushlamoqda.

Endi yana 27 million masalasiga qaytsak. Klublar bir narsani to‘g‘ri tushunishi kerak, davlat hech kimga futbolchisining 10 ming, 20 ming, 30-40 ming dollarlik maoshini to‘lab berishni va’da qilayotgani yo‘q, bunga majbur ham emas. Davlat xarajatlarning bir qismini mayli, biz beramiz, qolganini o‘zingiz toping, kerak bo‘lsa, eshikma eshik homiy izlang, deyapti.

Klublarni ham to‘g‘ri tushunish kerak. Ular yil boshida futbolchilar bilan shartnoma imzolab qo‘ygan, futbolchilar kam pulga o‘ynamaydi, butun dunyoda shunaqa. Agar mavsum yakunlangach shunaqa tartib belgilansa, keyingi mavsum klublar ko‘rpasiga qarab oyoq uzatgan bo‘lardi.

27 million hozirgi katta futbolchilar uchun chindan kam pul, lekin o‘rinbosarlar jamoasida yugurib yurgan yosh yigitga buncha pul bersangiz, qanaqa ishtiyoq bilan futbol o‘ynashini tasavvur qilavering. Kechagina maktabni bitirgan, tushlik ovqatini uydan termosga solib olib yuradigan yigitcha o‘yini o‘xshab asosiy jamoaga tushib, uyiga har oy 2 ming dollar pul olib borsa, uning uyida bayram bo‘ladi. Lekin oyiga 10 ming olib yurgan professionalga 2 ming bersangiz, undan natija kutish befoyda.

Aslida davlat bo‘ldi, ertadan futbolga bir so‘m yo‘q, deyishi ham mumkin edi. Lekin «birdan kislorodni uzishni istamadi», har qancha og‘riqli bo‘lmasin, 2-3 yil klublarga oz-ozdan yordam berib turishga qaror qildi. Bu vaqt ichida klublar xususiylashib olishi, homiylar jalb qilishi kerak.

Ko‘pchilik yangi tartibni davlat endi budjetdan futbolga pul berarkan deb talqin qilgandi, lekin bunday emas, davlat o‘n yillardan buyon shundog‘am futbolga berilayotgan pul miqdorini keskin kamaytirdi. Buning ilk achchiq ta’sirini klublar hozirdan seza boshladi. Futbolimiz baribir bu kunlardan o‘tishi, qachondir davlat pullari futbolga emas, asfaltga, maktab, kasalxona qurishga ishlatilishi kerak edi.

Bizning futbol darajasi baland, ishonaman, bu qiyin kunlardan chiqib keta oladigan darajada baland. Hozirgi holatda har ikki tomonni to‘g‘ri tushunish kerak, klublarni, futbolchilarni qoralashga shoshilmang, vaziyatni tushunib olishga harakat qiling. Men hozir kimdir tomonda bo‘lishni istamayman, shunchaki vaziyat qanaqa ekanini tushuntirishga intildim. Futbolimiz yangi tartibni achchiq tajriba sifatida qabul qilib, yangi choralar izlashi kerak. Axir dori ham achchiq bo‘ladi, lekin keyin odamni tuzatadi...

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid