Jamiyat | 11:31 / 09.06.2024
78605
9 daqiqa o‘qiladi

“Tillachi”ning hiylasi – Toshkentdagi mudhish qotillik tafsiloti

Toshkent shahri markazida, “Novza” metro bekati yonida Ichki ishlar vazirligi JQBB tezkor vakili o‘z xizmat mashinasida bo‘g‘ib o‘ldiriladi. So‘ngra uning murdasi Bo‘stonliq tumaniga olib borilib, yoqilgan hamda tanib bo‘lmas darajaga kelgach, Chirchiq daryosiga tashlab yuborilgan. Qotillar kim edi? Tezkor vakil qanday ishlarga aralashib qolgandi? Avvaliga bu qotillik qasd olish yoki dushmanlik bilan bog‘liq, degan farazlar tug‘iladi. Ammo jinoyat fosh etilganida uning sabablari mutlaqo boshqacha bo‘lib chiqadi.

2022 yilning sentabr oyida Toshkent shahrida mudhish qotillik jinoyati sodir etilgan. Qurbon IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi katta tezkor vakili edi. Qotillik haqida eshitganlar bunday muhim joyda faoliyat yuritgan shaxsning dahshatli tarzda o‘ldirilishi dushmanlik bilan bog‘liq, degan o‘yga boradi. Sababi, marhum tirikligida tezkor tadbirlar o‘tkazib, korrupsiya bilan bog‘liq ko‘plab jinoyatlarni fosh qilgandi.

Qotillik aslida ham dushmanlik sabab yuz berganmidi? Yo‘q.

Bir ko‘rgan tanish, ikki ko‘rgan qadrdon

Odatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlovchi tezkor vakillar duch kelgan inson bilan tanishib, qadrdon bo‘lib ketavermaydi. Ular bu borada o‘ziga xos tarzda atrofida “muhofaza zonasi”ni ushlaydi. 

Ammo IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi katta tezkor vakili negadir Jasur (maqoladagi barcha ismlar o‘zgartirilgan) bilan tanishib, qisqa fursatda qadrdonga aylanib qoldi. Albatta, bu tezkor xodimning ehtiyotkorsizligi emas, ko‘proq Jasurning mahorati edi. Sababi, Jasur tezkor vakil bilan yanada yaqinroq bo‘lish, uning ishonchiga kirish uchun tinmay harakat qilar, turli ziyofatlar uyushtirardi.

Shu tariqa ular ikkisi qadrdon bo‘lib qolishdi. Ammo qilni qirq yoradigan tezkor vakil negadir Jasurning asl maqsadini sezmagandi.

Soxta tilla savdogari

Jasur tezkor vakilga o‘zini tilla buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi ishonchli tadbirkor sifatida ko‘rsatgandi. U har uchrashganida tezkor vakilni ko‘proq va oson pul topishga qiziqtira boradi.

Navbatdagi ziyofatlarning birida Jasur maqsadga o‘tib, “qarmoq tashlaydi”. Ularning suhbati quyidagicha bo‘ladi:

— Sizlarga tezkor tadbirlarda foydalanish uchun banklardan qaytarib berish sharti bilan pul olish vakolati berilgan ekan a?

— Ha.

— Mana shundan yaxshigina pul qilsak bo‘ladi-da.

— Qanday?

— Oddiy. Menga ko‘p miqdorda pul olib bersangiz, o‘z biznesimga bir necha kunga “oborot”ga qo‘yaman. Daromaddan siz ham yaxshigina ulush olasiz.

Jasur tezkor vakilni shu tariqa aldaydi. Uni tilla buyumlar savdogari deb biladigan tezkor vakil shu tariqa “xo‘rak”ka ilingandi.

Bankdan olingan 600 mln so‘m

Hamma ish pishgan, faqat bankdan pul olish qolgandi. Tezkor vakil IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasining rasmiy blankasiga go‘yoki u ishlayotgan boshqarma tomonidan o‘tkazilishi ko‘zda tutilayotgan, amalda esa umuman rejalashtirilmagan tezkor tadbir uchun 600 mln so‘m pul ajratishni so‘rab soxta so‘rov xati yozadi.

2022 yil 25 iyulda yozilgan 16/2-2639-sonli soxta so‘rov xatiga asosan ATIB «Ipoteka bank» Mehnat filialidan 600 mln so‘m naqd pul oladi va uni “tillachi”ning qo‘liga tutqazadi. 

Albatta, bu aldovning umri qisqa edi. Oradan bir necha kun o‘tgach tezkor vakil pulni bankka qaytarish kerakligini aytib, o‘z ulushini so‘ray boshlaydi. Biroq Jasur 600 mln so‘m pulni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgandi. Shu sababli, avvaliga turli bahonalar qilib, vaqtni cho‘zib yuradi. Keyinchalik esa u pulni qaytarmaslikni maqsad qiladi hamda tezkor vakilni o‘ldirish rejasi haqida o‘ylay boshlaydi.

Yollangan “killer”

Jasur tezkor vakilni bir o‘zi “gumdon” qilolmasligini tushunib turgandi. Shuning uchun u o‘ziga sherik izlashga tushadi.  Shunda Mahmud ismli zargar tanishi pul evaziga bu ishni qiladigan odam borligini aytdi. Bu muqaddam 5 marta sudlangan, xavfli retsidivist hisoblangan 40 yoshli Komil edi.

Jasur va Komilning tanishuvi shu tariqa bo‘ladi. Ular 2022 yil sentabr oyi boshlarida Toshkent shahar, Yashnobod tumanida joylashgan «Temir Food» kafesida uchrashib, gaplashib olishadi. Jasur tezkor vakilni o‘ldirishda yordamlashsa, unga pul berishni va’da qiladi. Komil uning taklifiga rozi bo‘ladi.

Kelishuvdan so‘ng buyurtmachi qotilga kuzatuvni boshlash uchun tezkor vakilning surati va u haqdagi ma’lumotlarni beradi.

Shahar markazidagi qotillik

Tezkor vakil 2022 yil 29 sentabr kuni kechga yaqin bankdan olingan 600 mln so‘m pul va o‘z ulushini olish maqsadida xizmat mashinasida Jasurning ish joyi hisoblangan Chilonzor tumani, “Novza” metro bekati yonidagi “Oltin markazi” savdo majmuasiga boradi. U majmuaning orqa tomonida joylashgan ko‘p qavatli uylarning oldiga kelib kutib turadi. Soat 21:10lar atrofida Jasur va Komil keladi. Jasur mashinaning orqa o‘rindig‘iga, Komil esa old yo‘lovchi o‘rindig‘iga o‘tiradi. Ular tezkor vakilni chalg‘itish uchun go‘yoki pulni olib kelganday qora paket ushlab olgandi.

Jasur kutilmaganda oldindan tayyorlab qo‘ygan va o‘zi bilan olib kelgan qora rangli sintetik matodan to‘qilgan sumkaning tasmasini tezkor vakil bo‘yniga tashlab, uni bo‘g‘a boshlaydi. Undan bunday harakatni kutmagan tezkor vakil o‘z jonini saqlab qolish maqsadida oyoq va qo‘llari bilan harakat qila boshlaydi. Shunda Komil uning harakatlarini cheklash uchun qo‘l va oyoqlarini bosib turadi.

Shu tariqa gavjum shaharning markazida jinoyatlarga qarshi kurashib kelgan tezkor vakilning o‘zi jinoyat qurboni bo‘ladi: u bo‘g‘ib o‘ldiriladi.

Murdani yashirishga urinish

Qotillar o‘zlari tomonidan sodir etilgan jinoyat izini yashirish haqida o‘ylay boshlashadi. Albatta, bu oson ish emasdi.

Komil Jasurning topshirig‘i bilan tezkor vakilga tegishli bo‘lgan Samsung Galaxy S22 va Samsung Gusto telefonlarini Yangihayot tumani hududidan oqib o‘tuvchi Salar kanaliga tashlab yuboradi. Murdani esa Jasur tomonidan oldindan belgilab berilgan Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining bo‘yiga olib borib, benzin yordamida yoqadi. Murda tanib bo‘lmas darajada kuyganidan so‘ng uni daryoga tashlab yuboradi.

Shuningdek, Komil tezkor vakilga biriktirilgan xizmat mashinasini Bektemir tumani, Bektemir shohko‘chasiga boshqarib keladi. So‘ngra yo‘l ustida to‘xtab, mashinadagi barmoq izlarini to‘liq artib chiqadi hamda uni qulflagan holda kalitni shu hududdan oqib o‘tuvchi Chirchiq kanaliga tashlab yuboradi.

Jazo

Jinoyatchilar barchasini xamirdan qil sug‘urgandek oson bitkazdik, endi bizni topa olishmaydi, deb o‘ylagandi. Biroq unday bo‘lmadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining tezkor sa’y-harakatlari bilan mazkur jinoyat “izi sovimasidan” fosh etildi. Jinoyatchilarning qilmishi ko‘plab guvohlarning ko‘rsatmalari, bir nechta ekspertiza xulosalari va boshqa dalillar bilan o‘z isbotini topgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2023 yil 4 apreldagi hukmi bilan Komilga 24 yil 1 oy, Mahmud va Jasurga 23 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Bankdan olingan 600 mln so‘m pul mablag‘i esa Jasurdan undirilib, bankka yetkazilgan moddiy zarar qoplangan.

Ruslan Saburov,
Kun.uz
Sud materiallari asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid