Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirg‘izistonning yangi saylangan prezidenti lavozimiga kirishadi
Foto: RIA «Novosti»
Qirg‘izistonning yangi saylangan prezidenti Sooronbay Jeenbekov bugun 24 noyabr kuni o‘z lavozimiga kirishadi. Tantanali inauguratsiya marosimiga 450 nafar mehmon taklif etilgan. Biroq ular orasida xorijiy davlatlar rahbarlari bo‘lmaydi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti prezident matbuot xizmati raisi Tolgonay Stamaliyevaga asoslangan holda.
Prezident saylovlari 15 oktabrda bo‘lib o‘tgan edi. Mamlakat rahbarligiga 11 nomzod kurash olib bordi. Saylovchilar ishtiroki 56 foizni tashkil etdi. MSK Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi nomzodi, sobiq bosh vazir Jeenbekov g‘alaba qozonganini e'lon qildi. U saylovchilarning 54 foizdan ortiq ovozini to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
Jeenbekov o‘zidan avvalgi davlat boshqaruvini davom ettirishga hamda jamiyatda o‘rnatilgan qoidalar va o‘zaro munosabatlarni o‘zgartirmaslikka va'da berdi.
Jeenbekov — respublikaning janubiy mintaqasi vakili bo‘lib, 1958 yil 16 noyabrda O‘sh viloyatida 11 farzandli qishloq oilasida dunyoga kelgan. 1983 yili qishloq xo‘jalik institutini "zooinjyener" mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Parlament deputati bo‘lgan, 2010 yili Kurmanbek Bakiyev ag‘darilganidan so‘ng, muvaqqat inqilobiy ma'muriyat tarkibida O‘sh viloyatini boshqargan. 2016 yili QSDP tashabbusi bilan Jeenbekov mamlakat bosh vazirligiga saylandi.
Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, Jeenbekov bir martalik 6 yil muddatga saylangan. U 2023 yil dekabrgacha prezidentlik vazifasini bajaradi.
Saylangan prezidentning lavozimiga rasmiy kirishish marosimi birinchi marta Bishkekdagi milliy filarmoniya binosida emas, "Ala-Archa" davlat qarorgohida bo‘lib o‘tadi.
Yangi prezident Qirg‘iziston xalqiga tantanali qasamyod qiladi, shundan so‘ng MSK unga prezident guvohnomasi, ko‘krak nishoni va shtandartni topshiradi.
Qayd etilishicha, qirg‘izistonlik zargarlar ushbu marosim uchun maxsus ko‘krak nishoni – bir metrga yaqin oltin va kumushdan tayyorlangan zanjir yasashdi. Unda Qirg‘izistonning zamonaviy timsollari o‘ymakorlik uslubida ishlangan. Bundan tashqari, zanjirga prezidentning ism-sharifi, lavozimiga kirishgan sanasi qayd etiladi.
Jeenbekov zanjirining namunasi Atamboyevga berilgan zanjir bilan bir xildir. Asqar Akayev va Bakiyevlarga berilgan zanjirlar brilliantlar bilan bezalgan edi.
MSKning ma'lum qilishicha, prezidentning shaxsiy shtandarti va ko‘krak nishoni har bir prezident uchun alohida ishlab chiqiladi va prezident vazifasini tark etganida, ularni o‘zi bilan olib ketadi.
Tantanali marosim tugagach, Bishkekda 3 marta artilleriya to‘plaridan otiladi.
Umuman, inauguratsiya marosimiga hukumat tomonidan 8,4 million som (122 ming dollar) mablag‘ ajratildi. Qayd etilishicha, Jeenbekovning vazifasiga kirishish tantanasi Atamboyevning inauguratsiyasidan birmuncha kamtarona bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
18:59 / 02.04.2026
Qirg‘izistonda Rossiya qiruvchi samolyotlarining mashg‘ulotlari to‘xtatildi
21:08 / 01.04.2026
Qirg‘izistonda Qamchibek Tashiyevning ukasi korrupsiyada gumon qilinib qo‘lga olindi
18:20 / 30.03.2026
Qirg‘iziston ilk bor o‘z milliy valutasini mustaqil chop etishni boshladi
15:56 / 25.03.2026