O‘zbekiston | 14:00 / 18.09.2025
1577
4 daqiqa o‘qiladi
Reklama

O‘zbekistonlik ayol tadbirkorlar WorldFood Istanbul 2025 ko‘rgazmasida ishtirok etishdi

2–5 sentabr kunlari Istanbulda o‘tkazilgan WorldFood Istanbul 2025 xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekistondan borgan ayol tadbirkorlar delegatsiyasi ishtirok etdi.

Foto: Coca-Cola

2025 yil 2–5 sentabr kunlari Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan 33-Xalqaro oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rgazmasi — WorldFood Istanbul 2025 tadbirida O‘zbekistonlik ayol tadbirkorlar delegatsiyasi ishtirok etdi. Ular «Hamroh» kompaniyasi, BMT Taraqqiyot dasturi (PROON) va Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida, Coca-Cola kompaniyasining ko‘magida amalga oshirilayotgan WESP — Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida mazkur xalqaro ko‘rgazmada qatnashdi.

WorldFood Istanbul — dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan ishlab chiqaruvchilar va soha mutaxassislarini jamlaydigan yetakchi tadbirlardan biri bo‘lib, ishtirokchilar uchun xalqaro bozorga chiqish va istiqbolli hamkorlar topishda muhim maydon hisoblanadi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidagi ayollar mamlakatning turli hududlarida non va shirinliklar ishlab chiqarish, meva-sabzavotni qayta ishlash, baliq yetishtirish va umumiy ovqatlanish kabi sohalarda faoliyat yuritadi. Ular ushbu ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etib, xalqaro oziq-ovqat bozoridagi tendensiyalar, mahsulot qo‘llash va ilg‘or marketing yondashuvlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Coca-Cola İçecek (CCI) kompaniyasining Chorlu shahridagi zavodiga tashrif buyurib, u yerda barqaror ishlab chiqarish, sifat nazorati, kadrlar tayyorlash va resurslarni tejashga qaratilgan amaliyotlar bilan tanishishdi. Zavodning 2020 yilda “Zero Waste” sertifikatiga erishgani va 2023 yilda shamol turbinasi orqali qayta tiklanuvchi energiya manbasini joriy etgani ham ishtirokchilar uchun katta qiziqish uyg‘otdi.

Bosh qarorgohi Istanbulda joylashgan CCI 12 mamlakatda faoliyat yuritadi va O‘zbekistonda to‘rtta zavod - Urganch, Samarqand, Toshkent va Namanganda yaqinda modernizatsiya qilingan zavodlariga ega. Kompaniya 2015 yildan buyon BMTning Ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish tamoyillari (WEPs) imzolovchisi hisoblanadi. 2023 yilda CCI o‘z faoliyat yuritayotgan barcha mamlakatlarda teng ish haqi to‘lash bo‘yicha majburiy sertifikatlashni joriy etdi va CCI O‘zbekiston mamlakatimizdagi ushbu sertifikatni olgan birinchi kompaniya bo‘ldi. Shu yilning o‘zida O‘zbekistonda ayollar uchun yanada keng qamrovli va xavfsiz ish muhitini yaratishga ko‘maklashuvchi CCI Women’s Network tashkil etildi.

Tashrifning yana bir ahamiyatli qismi — Coca-Cola fondi qo‘llab-quvvatlayotgan «My Sister Project» dasturi ishtirokchilari bilan uchrashuv bo‘ldi. Turkiyalik tadbirkor ayollar bilan tajriba almashish, jamiyatda ayollar rolini oshirish va biznesni kengaytirish bo‘yicha foydali muloqotlar olib borildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning Turkiyadagi Bosh konsulxonasining birinchi kotibi Sunnatilla Isomov ham ishtirok etdi.

Coca-Cola kompaniyasining Yevrosiyo va Yaqin Sharq mintaqasida barqaror rivojlanish bo‘yicha katta direktori Begum Yontar o‘zbek ayollarining kuchi ularni qoyil qoldirganini ta’kidladi:

Coca-Cola kompaniyasi ko‘p yillardan buyon butun dunyo bo‘ylab ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Turkiya va O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajribamizni o‘zbekistonlik tadbirkor ayollar bilan baham ko‘rish biz uchun sharaf bo‘ldi. Uchrashuvdagi samimiy va ilhomlantiruvchi muloqot bizni O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolaridan kam ruhlantirmadi. Bu ayollarning kuchiga qoyil qolamiz - ularning har biri nafaqat muvaffaqiyatli tadbirkor, ish o‘rinlari yaratuvchi, balki mehribon ona, g‘amxo‘r rafiqa, faol fuqarodir. Ammo eng qimmatlisi - bu ularning birdamligi va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash kuchidir, buni biz uchrashuv davomida his qildik”, - dedi u.

Mavzuga oid