O‘zbekiston | 18:22 / 26.04.2018
97638
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi barcha tuman hokimlarini qattiq ogohlantirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda. Bu haqda KUN.UZ muxbiri xabar berdi.

“Toshkent shahri hokimi etib kimni tayinlaganimizdan xulosa qilinglar. Munosib odamlar ko‘p, oddiy, vatanparvar, hisob-kitobni biladigan, yangilikka intiladigan... Bitta kafolat – xalqimizni rozi qilish. Qanday qilib? Har kuni tashabbus, izlanish, intilish kerak. O‘tirib, ko‘zbo‘yamachilik uchun qilingan ishlar kerak emas. 

Toshkent shahridagi tumanlar hokimlari, rahbarlar xorijdan 1 mln dollardan investitsiya olib kelmasa, menga undaylar kerak emas. Hammani bo‘shataman. Yana 6 oy ko‘ramiz, bo‘lmasa Toshkentda bitta shahar hokimi qoladi, 11 yordamchi bo‘ladi. Soliq, militsiya, prokuror, hammasini qisqartirib tashlayman. Yana bir marta aytaman: olti oy chidayman. Olti oyni ichida o‘zgarish bo‘lmasa, hammasini yopamiz, bitta Toshkent shahar hokimi va 11 yordamchisi bo‘ladi. IIB ham, prokuror ham, soliq ham bo‘lmaydi. Bu o‘zgarishlar bekorga bo‘lmayapti. Aravani torta olmayapsizlar, hozirgi zamonga munosib bo‘la olmayapsizlar.

Toshkent shahridagi hamma rahbarlar bilsin: hammangizlar Xorazmga o‘xshab vaqtinchalik ishlayotganlar. Shuncha vaqtdan beri Toshkent bo‘yicha chidadim, lekin endi chiday olmayman. Toshkentning bunday toshbaqa qadamlari bilan shahar xalqini munosib turmush darajasiga ko‘tara olmaymiz. Shuning uchun bunday o‘zgarishlarni qilishga majbur bo‘ldim”, - degan Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid