O‘zbekiston | 16:05 / 31.01.2026
5868
4 daqiqa o‘qiladi

 “Jiddiy ma’muriy islohotlar bo‘lmasa, muammo takrorlanadi” – Hamid Sodiq

Qonundan tashqari rotatsiyalar ham tizimdagi kuchni balanslaydi, ammo jarayon shaffof bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi siyosiy tahlilchi Hamid Sodiq. U kuni kecha prezident boshchiligida IIVda amalga oshirilgan lavozimlar almashinuvi bilan bog‘liq vaziyatning mohiyatini tushuntirishga urindi. “Mutlaq muhokama qilinmaydigan shunday bir tizim yaraldi, mana shundan voz kechilgani ijobiy holat bo‘ldi”, deydi u Kun.uzʼga bergan intervyusida.

Kun.uzʼning 27 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida poytaxtda xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi tahliliga bag‘ishlangan suhbatida siyosatshunos Hamid Sodiq ham ishtirok etib, kart-blanshlar bilan bog‘liq oldingi va bugungi vaziyatni tushuntirishga urindi. Ta’kidlanishicha, avvalgi kuchishlatar tizimlarning vakolati “o‘lim jazosi”ga ham qaror chiqarib, ijro etishiga olib kelgan.

“Hatto shunday darajaga yetdiki, bu tizimning ichidagi hozir o‘qishni bitirib kelgan leytenantning ham joylardagi qarori muhokama qilinmas edi. Ya’ni mutlaq muhokama qilinmaydigan shunday bir tizim yaratdi. Ha, 10-15 yil jinoyatchilikni kamaytirib, bir barqarorlikni vujudga keltirar, lekin bu tizim tizimlashganidan keyin hatto saroyga xavf sola boshlaganidan keyin ham to‘xtatib bo‘lmay qoladi. Va nafaqat, deylik, atrofdagilar, balki mana shu go‘shtqiymalagich o‘zining xodimlarini ham tortib ketganini ko‘rdik keyinchalik. O‘zining yaratgan go‘shtqiymalagichi o‘zlarini ham tortib ketdi va shuning uchun bu butun tizimni judayam yomon ahvolga olib kelib qo‘ydi, mana shundan voz kechilgani ijobiy holat bo‘ldi”, - deydi u.

Siyosiy tahlilchi bugungi holatda qonundan tashqari rotatsiyalar tizimni balansga keltirishini, masalan, kuchishlatar tizimlar kuchayib ketib qolmay, balki byurokratik boshqa tizimlar unga balans berayotganini, ammo bu jarayonlar shaffof bo‘lishi tarafdori ekanini qayd etdi.

“Parda ortida kechayotgani uchun bizda ma’lumot yo‘q hozir. Nima uchun olib tashlandi? O‘zi asli sababi nima edi? Nima uchun biz muhokama qila olmayapmiz, degan masalalar keyinchalik Abdurahmon akam aytmoqchi bo‘lgan narsa, judayam katta vakolatlar kimda to‘planadi? Agar bunday holat davom etadigan bo‘lsa, kuchishlatar tizimlarning qaysidir turi kuchayib ketadigan bo‘lsa, yana oldingi holatga kelishimiz mumkin. Shuning uchun bu mana shunaqa qat’iy bir qaror bilan jiddiy ma’muriy islohotlarni talab qiladigan jarayon hisoblanadi. Agar shuni amalga oshirmaydigan bo‘lsa, aynan bu jarayon men uch oy demagan bo‘lardim, olti oy, bir yilning ichida yana takrorlanishi mumkin”, - deydi Hamid Sodiq.

Shuningdek, intervyuda IIV tizimi borasida hukumatning keyingi qadamlari qanday bo‘lishi kerakligi, kadrlar siyosati, parlament kabi siyosiy institutlarni “tiriltirish” masalalari ham muhokama qilindi. Videoning to‘liq shaklini shu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid