O‘zbekiston | 18:09 / 05.07.2021
10306
4 daqiqa o‘qiladi

Xorij tajribasi, tibbiy madaniyat va tibbiy sug‘urta - namanganlik xalqaro neyrojarroh bilan suhbat

Saydullo Sharifboyev AQSh neyroxirurglar assotsiatsiyasi va Yevropa neyroxirurglar jamiyati a'zosi hisoblanadi. U tibbiyot sohasidagi xalqaro tajriba, tibbiy xizmatni rivojlantirishda sug‘urta tizimining o‘rni, tibbiy madaniyat, til o‘rganishga e'tibor va ko‘plab masalalar haqida so‘zlab berdi.  

Saydullo Namangan shahrida, shifokorlar oilasida tug‘ildi. Andijon davlat tibbiyot institutida tahsil olgan. 2002 yilda institutni muvaffaqiyatli tamomlab, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining «Shoshilinch neyroxirurgiya» bo‘limida klinik ordinaturani o‘tagan.

So‘ng besh yil mobaynida vrach-ordinator bo‘lib ishlaydi. 2009 yildan buyon mazkur markazning Namangan filiali «Neyroxirurgiya bo‘limi»da mehnat qilib kelmoqda.

Chet el tajribasi

Neyrojarrohlik bo‘yicha respublikada hamda xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan bir necha xalqaro tadbirlar ishtirokchisi bo‘lmish Saydullo Sharifboyev Amerika neyroxirurglar assotsiatsiyasi hamda Yevropa neyroxirurglar jamiyati a'zosidir.

U Yaponiya va boshqa mamlakatlarda olgan bilimlari va o‘zlashtirgan tajribalari bilan to‘xtab qolishni istamagan. 2018 yilning avgust-sentabr oylarida Buyuk Britaniyaning Sheffild shahridagi «Hellamsher Qirollik shifoxonasi»da (Royal Hellamshare Hospital) malaka oshirish kurslarini o‘tagan.

«Til o‘rganishga otam turtki bo‘lgan»

Chet tilini bilmasdan turib xalqaro tajribani o‘rganishning imkoni yo‘q. Qahramonimiz ham maktab davridan boshlab xorijiy tillarni o‘rganishga astoydil bel bog‘lagan. Suhbatdoshimiz ingliz tilini o‘rganishni boshlashida otasining o‘rni alohida ekanini aytib o‘tdi.

«90-yillar boshi edi. Shunda otam uyga inglizcha kitob olib keldi va ingliz tilini o‘rganmasak bo‘lmas ekan, degan edi», — deya eslaydi u.

Tibbiy madaniyat

Saydullo Sharifboyev suhbat davomida tibbiy madaniyatni shakllantirish haqida, Buyuk Britaniyadagi faoliyati davomida guvoh bo‘lgan tizim haqida gapirib berdi. Uning aytishicha, bemorlar onlayn tizim orqali navbat belgilanadi va belgilangan kunda shifokor oldiga kelishadi. Shifokor ham o‘sha kuni necha kishi navbatda borligini oldindan aniq biladi.

Bundan tashqari, keladigan bemorlar ham kasallikning ilk belgilari yuzaga kelgan paytda shifokorga murojaat qilishi ham aytib o‘tildi. Eng qizig‘i, shifoxonaga kelib navbat talashadigan va kutish zallarida to‘polon ko‘taradiganlarning aksari aynan sobiq ittifoq davlatlaridan kelgan insonlar bo‘lishini ham ta'kidladi.

Uning aytishicha, hozirda o‘zimizda ham sekin-asta tibbiy madaniyat, kasallikning ilk belgilari sezilganda shifokorga murojaat qilish shakllanib bormoqda.

Tibbiy sug‘urta orqali sohani rivojlantirish

Qahramonimiz bu masalaga ham alohida fikr bildirib o‘tdi, sug‘urta tizimi bemorga sifatli xizmatni kafolatlashini ta'kidladi. U bu holat bo‘yicha Janubiy Koreyada kuzatgan holatini aytib berdi.

«Bir keksa onaxonni operatsiya qiladigan bo‘ldik. Operatsiya narxi esa 80 ming dollar atrofida edi. Menda savol tug‘ildi: onaxon shuncha pulni qayerdan oladi? Shunda hamkasblarim sug‘urta tizimi sabab onaxon bemalol operatsiya qilinishi mumkinligini aytishganda bu tizimning samardorligini tushunganman», deydi Saydullo Sharifboyev.

Qahramonimiz shifokorlar har tomonlama ilmga ega bo‘lishi kerakligini aytib o‘tdi. Shu bilan birga, o‘z kasbini sevishi, o‘z ustida doimo ishlashi kerakligini ta'kidladi.

Tohirjon Tursunov suhbatlashdi.
Operator va montaj ustasi: Boymirza Xalilov.

Mavzuga oid