Jamiyat | 08:44 / 23.02.2026
15391
2 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘onda hibsxonada saqlangan fuqaro vafot etdi, IIV rasmiy izoh berdi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida tergov hibsxonasida saqlanayotgan 35 yoshli fuqaro vafot etdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, u sog‘lig‘i yomonlashgani sababli shifoxonaga olib borilayotganda hayotdan ko‘z yumgan.

Foto: Kun.uz 

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, hodisa 21 fevral kuni soat 17:35 atrofida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 7-sonli tergov hibsxonasida sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro X.Q. prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28-, 211-moddalari 1-qismi bilan ayblanib qamoqqa olingan bo‘lgan.

Uning ahvoli keskin yomonlashgani sababli tibbiyot muassasasiga olib borish vaqtida, soat 18:00 larda vafot etgan. Birlamchi sud-tibbiy xulosaga ko‘ra, o‘lim sababi “2-tip qandli diabetning og‘ir asoratlari” deb ko‘rsatilgan va tanasida jarohat izlari aniqlanmagan.

Shuningdek, vazirlik ma’lumotida ta’kidlanishicha, 18 fevral kuni ayblanuvchi kasalligi sababli shifoxonaga olib chiqilgan, qarindoshlariga xabar berilgan va u yerda uchrashuv tashkil etilgan. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra ahvoli qoniqarli deb topilgach, 20 fevral kuni hibsxonaga qaytarilgan.

Hozirda holat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid