O‘zbekiston | 19:59 / 08.07.2020
9976
3 daqiqa o‘qiladi

Maktablarda «Odobnoma» va «Vatan tuyg‘usi» kabi fanlar o‘rniga «Tarbiya» fani joriy etiladi - Hukumat qarori

Vazirlar Mahkamasining «Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida «Tarbiya» fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Foto: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Hukumat qarorida qayd etilishicha, umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida «Odobnoma», «Vatan tuyg‘usi», «Milliy istiqlol g‘oyasi va ma'naviyat asoslari» hamda «Dunyo dinlari tarixi» fanlarini birlashtirgan holda yagona «Tarbiya» fani:

1–9-sinflarda — 2020/21 o‘quv yilidan;

10–11-sinflarda — 2021/22 o‘quv yilidan boshlab fanlarga ajratilgan umumiy soatlar doirasida bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.

Xalq ta'limi vazirligi:

– 2020 yil 10 iyulga qadar 2020/21 o‘quv yiliga umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 1–9-sinflari uchun hamda 1 dekabrga qadar 2021/22 o‘quv yiliga 10–11-sinflar uchun mo‘ljallangan «Tarbiya» fani buyicha darsliklar va o‘quv-metodik majmualarga buyurtmalarni shakllantiradi;

– 15 iyulga kadar 1–9-sinflar hamda 2021 yil 1 mayga qadar 10–11-sinflar uchun mo‘ljallangan «Tarbiya» fani bo‘yicha darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni chop etish bo‘yicha istisno tariqasida deklaratsiya qilingan narxlar asosida davlat va xususiy nashriyot-matbaa tashkilotlari bilan shartnomalar tuzadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Xalq ta'limi vazirligi 2020–202Z yillarda respublika oliy ta'lim muassasalarining «Boshlang‘ich ta'lim», «Tarix» (mamlakatlar va mintaqalar bo‘yicha), «Tarix o‘qitish metodikasi», «Filologiya va tillarni o‘qitish: O‘zbek tili», «O‘zbek tili va adabiyoti», «Milliy g‘oya, ma'naviyat asoslari va huquq ta'limi», «Pedagogika va psixologiya», «Dinshunoslik» va «Islomshunoslik (Islom tarixi va manbashunosligi)», «Psixologiya (Din sotsiopsixologiyasi)» ta'lim yo‘nalishlari bitiruvchilariga umumiy o‘rta ta'lim maktablarida «Tarbiya» fanini o‘qitish huquqi berilishi yuzasidan zarur choralarni ko‘rishi va mazkur ta'lim yo‘nalishlari o‘quv rejalariga 2020/21 o‘quv yilidan boshlab tegishli o‘zgartirishlar kiritishi belgilab qo‘yildi.

Mavzuga oid