Ta’lim | 10:56 / 23.10.2025
1671
3 daqiqa o‘qiladi

OTB O‘zbekistonda STEM ta’limini qo‘llab-quvvatlash uchun 100 mln dollar ajratdi

Osiyo taraqqiyot banki (ADB) O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’limda fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) sifatini oshirishga qaratilgan loyiha uchun 100 mln dollar imtiyozli kreditni ma’qulladi. Loyiha 200 maktabni resurs markaziga aylantirish, o‘qituvchilarni tayyorlash va qizlarning STEM sohalariga qiziqishini kuchaytirishni nazarda tutadi.

Foto: OTB

Loyiha — “Umumiy o‘rta ta’limda STEM” — yoshlarni innovatsiyaga asoslangan zamonaviy ko‘nikmalar bilan ta’minlash orqali 2030 yilga qadar yuqori o‘rta daromadli mamlakat maqsadiga hissa qo‘shishni ko‘zlaydi. ADB’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Arayyaga ko‘ra, “ushbu tashabbus inson kapitaliga sarmoya va yoshlarni quvvatlashga bo‘lgan qat’iyatni aks ettiradi, inklyuziv va raqobatbardosh kelajak uchun poydevor yaratadi”.

Loyiha doirasida respublika bo‘ylab 200 ta maktabda o‘quv muhiti yangilanib, qo‘shni ta’lim muassasalari uchun resurs markazlari sifatida xizmat qiladi. Yangilanishlar tarkibiga zamonaviy laboratoriyalar, AKT infratuzilmasi, quyosh energiyasi tizimlari, shuningdek nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun inklyuziv sharoitlar kiradi.

Tashabbus mamlakat miqyosida oltita STEM fan yo‘nalishi bo‘yicha o‘qituvchilarni qayta tayyorlashni, ta’lim texnologiyalari asosida STEM ta’limini rivojlantirishni ham qamrab oladi. Qizlarning STEM'ga qiziqishini oshirish uchun maqsadli axborot-targ‘ibot kampaniyalari va moslashtirilgan kasbiy konsalting dasturlari amalga oshiriladi.

Loyiha O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasiga hamda ADB’ning “Strategiya 2030” ustuvor yo‘nalishlariga — raqamli transformatsiya, gender tengligi va iqlim barqarorligiga — mos keladi. Shu bilan birga, ADB’ning mamlakatdagi kengroq inson kapitali tashabbuslarini, jumladan “yashil iqtisod” uchun kasbiy ta’limga bo‘lajak sarmoyalarni to‘ldiradi.

Joriy yil ADB va O‘zbekiston hamkorligining 30 yilligi qayd etilmoqda. 1995 yildan buyon bank mamlakatga jamoat sektori kreditlari, grantlar va texnik ko‘mak ko‘rinishida jami 14,6 mlrd dollar ajratdi.

ADB — Osiyo va Tinch okeani mintaqasida inklyuziv, bardoshli va barqaror o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydigan yetakchi ko‘p tomonlama moliya instituti. 1966 yilda ta’sis etilgan bank 69 a’zoga (shundan 50 tasi mintaqada) ega bo‘lib, innovatsion moliyaviy vositalar va strategik sherikliklar orqali hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Mavzuga oid