O‘zbekiston | 20:35 / 24.04.2018
30461
6 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy mamlakatlardan keltirilgan yangi baliq turlari O‘zbekiston iqlimiga moslashtirilmoqda

So‘nggi yillarda O‘zbekistonga xorijiy mamlakatlardan 4 xil yangi baliq turi - osyotr, Afrika laqqasi, losos, telyapa olib kirildi. Bugunga kelib ular O‘zbekiston iqlimiga moslashtirildi va juda yaxshi natijalar bermoqda. “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Ruhulla Qurbonov Xalqaro Press-klub sessiyasi doirasida KUN.UZ muxbiriga bergan intervyusida shunday bayonot qildi.

"Yangi yo‘nalishlarimizdan biri - har qanday yangi baliq turini olib kirganimizdan keyin uning O‘zbekistonga moslashuvchanligi, uning biologik xususiyatlari, qolaversa uning qay darajada urchishi, uning parametrlari, hosildorligini o‘rganish eng katta vazifa hisoblanadi. Bu yo‘nalish bo‘yicha ilmiy izlanishlarni olib kiradigan bo‘limlar bo‘lib berildi, ya'ni bu sovuq suv baliqlari bo‘ladigan bo‘lsa, forel, losos, laqqa baliqlari, miksus kabi baliq turlari borki, bular faqat sovuq suvda yetishtiriladi. Mana shu baliqlar O‘zbekistonning yoz mavsumini qay darajada ko‘taradi, jaziramada ularni qanday boqish mumkin va saqlash mumkinligiga doir masalalarni hal qilish uchun ilmiy izlanishlar zarurdir.

Ikkinchi yo‘nalish - tropik baliqlar. Hozirgi kunda ularga doir aniq vazifa belgilab berilgan, ya'ni O‘zbekistonning o‘ta issiq yozida tropik baliqlarni yetishtirish uchun qulay imkoniyatlar bor, lekin ularni qishda qanday saqlash mumkin? Qishda misol uchun yopiq suv aylanma tizimida saqlash, ulardan avlod olish va ulardan ma'lum bir miqdorda ochiq suv havzalariga chiqquniga qadar chavoqlarni yetkazib berish kerak. Masalan, tropik mamlakatlarda baliq bir yilda 2-3 marta hosil beradi, chunki ularning iqlimi mo‘'tadil, sharoiti bir xil. Biroq bizning sharoitimizda bu mumkin emas.

“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Ruhulla Qurbonov

Shuning uchun biz o‘ta issiq yozimizda imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida mahalliy baliqlarning o‘zini oladigan bo‘lsak, ikki yillik tizimga o‘tib ketib qolamiz. Lekin qishda bulardan avlod olib, ma'lum chavoqlarini saqlab turib, may oyida o‘zimizning ochiq havzalarga olib chiqadigan bo‘lsak, o‘stirish siklini kamida bir yilga kamaytirgan bo‘lamiz, bu esa tuproq havzalarining hosildorligini oshirishga xizmat qiladi. Bu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar kerak.

Fermerlarimizning inkubatsiya sexlarida baliqlardan avlod olish yo‘nalishlarini tayyorlab beradigan mexanizmni faqat olimlarimiz yaratib berishi mumkin. Ilmiy izlanishlar natijasidagina shu natijalarga erisha olamiz", - deydi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda shu yo‘nalishlar bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda. "Afrika laqqa baliqlarini keng ommaviy yoyishga sabab shu yerda 4 yil davomida ilmiy izlanishlar olib borildi va uning natijalari fermerlarimizga kitobcha shaklida yetkazildi. Bir-ikki mahorat darslari o‘tkazganimizdan keyin Afrika laqqa baliqlarini ikra olishgacha bo‘lgan imkoniyatlari joriy etildi. Xuddi shu yo‘nalishda biz osyotr va losos baliqlariga doir izlanishlarni ham boshlaganmiz. Kelgusida oldimizda telyapa, miksus va boshqa baliq turlarini ham iqlimlashtirish vazifalari turibdi", - qo‘shimcha qiladi mutaxassis.

Ruhulla Qurbonovning KUN.UZ'ga ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda oxirgi 6-7 yil ichida Malayziya, Norvegiya va Rossiyadan 4 xil yangi baliq turi - osyotr, Afrika laqqasi, losos, telyapa olib kirildi va bu juda yaxshi natija ko‘rsatmoqda. Hozircha faqat telyapa baliqlarida biroz qiyinchilik mavjud, lekin qolgan baliqlarning umumiy urug‘ olish metodologiyasi o‘rganilib, olimlarimiz tomonidan shunga doir kitoblar chop etildi.

Endi esa baliq zotlarini yaxshilash masalalari mavjud. Ular bo‘yicha esa Vengriya, Vetnamdan karp baliqlari olib kirilyapti. Hozirgi kunda ularning O‘zbekiston iqlimiga  moslashuvchanligini o‘rganib, ularning o‘sish parametrlarini aniqlash ishlari hozirgi kunda davom ettirilmoqda.

"So‘nggi yillarda baliqchilik sohasini rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi olimlar barmoq bilan sanarli darajaga yetgan. Asosiysi yoshlarni sohaga tezroq jalb qilib, ularga ilmiy izlanishlarni davom ettirish uchun imkoniyatlar yaratib berishimiz kerak", - deydi Qurbonov.

Darvoqe, 2018-2019 o‘quv yilidan oliy ta'lim muassasalarida baliqchilik sohasiga bakalavr yo‘nalishida qabul kvotalari ikki borabarga ko‘paytiriladigan bo‘ldi. Toshkent Davlat agrar universiteti esa kelgusi o‘quv yilidan 6 nafardan magistr tayyorlashni boshlaydi. Arnasoy qishloq xo‘jalik va transport hamda Quyichirchiq agro-iqtisodiyot kasb-hunar kollejlarida esa baliqchilik sohasida faoliyat yurituvchi kadrlarni qayta o‘qitish kurslari ochiladi.

Bundan tashqari, tadbirda Astraxan davlat texnika universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolangani ma'lum qilindi. Kelgusida Toshkentda ushbu universitetning filialini ochish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid