Mazkur markazlarda karp va sovuq suv baliqlari bo‘yicha naslni yangilash, hosildorlikni oshirish va sohada shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan yangi tizimlar joriy etiladi. Chetdan nasldor ona baliq olib kelish xarajatining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Shuningdek, baliqchilik xo‘jaliklari uchun inkubatsiya va laboratoriya uskunalari, yopiq suv aylanma tizimlarini import qilishda bojxona bojidan ozod qilish tartibi joriy etiladi. Intensiv baliqchilikni yo‘lga qo‘ygan xo‘jaliklar uchun yer va mol-mulk solig‘i 2 barobarga kamaytiriladi.

Ayni paytda intensiv usulga o‘tmagan, ko‘l va suv havzalaridan samarasiz foydalanayotgan korxonalarga nisbatan esa aksincha, yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llanishi belgilangan. Bu choralar orqali baliqchilik tarmog‘ida samaradorlikni oshirish va ichki bozorni sifatli baliq mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.