O‘zbekiston | 08:55 / 05.07.2019
9623
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi institutga qabul tartibi liberallashtiriladi

Foto: Norma.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 4 maydagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutiga tinglovchilarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi. 

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 4 maydagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutiga tinglovchilarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar:

13-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldiriladi:

“Institutga o‘qishga tavsiya etishda nomzodlarning o‘ziga va ularning hujjatlariga nisbatan qo‘yilgan talablarga qat'iy rioya etish, hujjatlarning haqqoniyligi va to‘g‘riligi bo‘yicha mas'uliyat tavsiya etayotgan tashkilot rahbarlari va Yoshlar ittifoqining Hududiy Kengashlari raislari zimmasiga yuklanadi.”.

19-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“19. Test sinovi savollari O‘zbekiston tarixi, iqtisodiyot nazariyasi va huquqshunoslik fanlaridan Davlat test markazi tomonidan belgilangan talablar asosida Institut tomonidan tuziladi.

Har bir fan bo‘yicha 20 tadan savol tuziladi. Bunda, O‘zbekiston tarixi fanidan 1,5 ball, iqtisodiyot nazariyasi fanidan 1,6 ball va huquqshunoslik fanidan 1,4 ballardan har bir savolning to‘g‘ri javobi uchun belgilanadi.

Test sinovi uchun 90 daqiqa vaqt ajratiladi.

Test sinovi natijalari bo‘yicha 49,5 (55 foiz) ball va undan yuqori ball olgan nomzodlar suhbatdan o‘tishga tavsiya etiladi.

Test sinovidan o‘tganlar soni kvota bo‘yicha ajratilgan tinglovchilar soniga teng yoki undan kam bo‘lganda suhbat o‘tkazilmaydi.”.

23-bandda:

a) “Suhbatda eng yuqori ball — 60 ball etib belgilanadi.” so‘zlari “Suhbatda eng yuqori ball — 110 ball etib belgilanadi.” so‘zlari bilan almashtiriladi;

b) to‘rtinchi xatboshi chiqarib tashlanadi.

Beshinchi va oltinchi xatboshilar tegishlicha to‘rtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblanadi.

Mavzuga oid