Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyada kuchli zilzila: 100 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, qurbonlar soni oshmoqda
Turkiya janubi-sharqida, Suriya bilan chegara yaqinida kuchli zilzila yuz berdi. Turkiyada 76 kishi, qo‘shni Suriyada esa 50 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Qurbonlar soni to‘xtovsiz oshib bormoqda.
Foto: Getty Images
Mahalliy matbuot tarqatgan ma’lumotlarga qaraganda, kamida 22 ta aftershok qayd etilgan, eng kuchlisi 6,6 magnitudani tashkil qilgan. Xalqaro yordamni nazarda tutuvchi ogohlantirish darajasi e’lon qilindi.
AQSh Geologiya xizmati 7,8 magnitudali zilzila mahalliy vaqt bilan soat 04:17 da Gaziantep shahri yaqinida, 17,9 km chuqurlikda sodir bo‘lganini ma’lum qildi.
Bir qancha binolar qulagan, vayronalar ostida omon qolganlarni qidirish ishlari olib borilmoqda.
Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu 10 ta shahar jiddiy zarar ko‘rganini aytdi: Gaziantep, Qahramonmarash, Hatay, Usmoniya, Adiyaman, Malatya, Shanliurfa, Adana, Diyorbakir va Kilis.
TRT va Haberturk telekanallari Qahramonmarashda vayron bo‘lgan bino atrofida to‘plangan odamlarning tirik qolganlarni qidirayotgani aks etgan tasvirlarni tarqatdi.
BBC Turk xizmatining Diyorbakirdagi muxbiri shaharda savdo markazi qulab tushganini xabar qildi.
ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES
Yer silkinishlari poytaxt Anqara va Turkiyaning boshqa shaharlarida, shuningdek, butun mintaqada – Kipr, Livan va Suriyada sezilgan.
Suriya davlat matbuoti Halab viloyatida ko‘p sonli binolar qulaganini ma’lum qildi. Xamadagi davlat xizmatidagi manbaga ko‘ra, u yerda bir qancha binolar qulagan, deb xabar bermoqda Reuters.
«Uy devorlaridan hatto rasmlar tushib ketdi», dedi Damashqda yashovchi Samir Reuters agentligiga. «Men dahshatdan uyg‘onib ketdim. Hammamiz kiyinib, eshik oldida turibmiz».
Guvohlarning aytishicha, Damashqda, shuningdek, Livanning Bayrut va Tripoli shaharlarida odamlar uylari qulab tushishidan xavotirlanib, uni tark etish uchun ko‘chalarga chiqqan va mashinalarga o‘tirib olgan.
G‘azodagi BBC prodyuseri Rushdi Abualufning aytishicha, u yashagan uy taxminan 45 soniya davomida silkingan.
ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES
Turkiyalik seysmologlar zilzila kuchini 7,4 ball deb baholagan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bir necha daqiqadan so‘ng mintaqada ikkinchi yerosti silkinishi sodir bo‘lgan.
Turkiya Qizil Xoch tashkiloti rahbari jiddiy zarar ko‘rgan va vayron bo‘lgan binolar sababli jabrlangan hududga yordam berish uchun resurslarni safarbar qilayotganini aytdi va odamlarni vayron bo‘lgan uylardan evakuatsiya qilishga chaqirdi.
Turkiya dunyodagi eng faol seysmik zonalardan birida joylashgan.
1999 yilda mamlakat shimoli-g‘arbidagi Izmit mintaqasida qayd etilgan kuchli zilzila oqibatida 17 mingdan ortiq odam halok bo‘lgandi.
Mavzuga oid
18:16 / 21.01.2026
Erdo‘g‘an O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri va kuch tuzilmalari rahbarlarini qabul qildi
10:40 / 21.01.2026
Turkiyada qamoqdagi o‘zbeklar bilan konsullik suhbati o‘tkazildi
18:21 / 15.01.2026
Eron yiqilsa, nima bo‘ladi?
10:51 / 14.01.2026