O‘zbekiston | 19:28 / 31.01.2023
14859
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda avtobuslar kechikmaydigan bo‘ladi

Toshkentdagi 73 ta asosiy ko‘chada avtobuslar uchun alohida yo‘lak ajratib, ularning o‘rtacha tezligini 1,5 barobarga oshirish, shu orqali kechikishlarni bartaraf etish ko‘zda tutilyapti. Boshqa shaharlarda ham jamoat transporti o‘zgaradi: prezident yirik shaharlarning transport bosh rejalarini ishlab chiqishga topshiriq berdi. Tadbirkorlarni avtobuslar parkini yangilashga rag‘batlantirish choralari belgilandi.

O‘zbekistonda yil yakuniga qadar barcha avtobus marshrutlari aholi ehtiyoji asosida qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 31 yanvar kuni jamoat transporti tizimini isloh qilish bo‘yicha yig‘ilishda topshiriq berdi.

Viloyatlar hokimlariga Transport vazirligi va Transport universiteti bilan birgalikda 1 iyulga qadar barcha viloyat markazlarining Transport bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi. Bunda aholi orasida alohida so‘rov o‘tkazib, ularning fikrlarini olish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Avtobuslar parkini kengaytirish uchun tashuvchi tadbirkorlarga avtobus parkini yangilashni rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi. Jumladan:

  • tashuvchilarni tanlashda avtobusning yangiligiga qarab, yo‘nalishda yo‘lovchi tashishning kafolatlangan muddatlari 7 yilgacha uzaytiriladi (10 yoshdan oshgan avtobuslar bo‘yicha shartnoma tuzilmaydi);
  • tadbirkorlar olib kelgan yangi avtobuslar bo‘yicha QQSni bo‘lib-bo‘lib to‘lashiga ruxsat beriladi;
  • avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha muddatga imtiyozli kredit beriladi.

Jamoat transporti yo‘nalishlari bo‘yicha ochiq tenderda avtobuslarning yangilik darajasi asosiy mezon etib belgilanadi. Tashuvchilarga to‘lanadigan mablag‘larni shakllantirishda har yili avtobuslarning 20 foizini yangilab borish xarajatlari ko‘zda tutiladi. 

Transport vaziri Ilhom Mahkamov / Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda yo‘llarda avtobuslar harakati uchun infratuzilma masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Toshkent shahridagi 73 ta asosiy ko‘chada avtobuslar uchun alohida yo‘lak tashkil etib, chorrahalar o‘tkazuvchanligini oshirish dasturi ishlab chiqildi.

Bu orqali, avtobuslar o‘rtacha tezligi 1,5 baravar oshib, kechikishlar bartaraf etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Viloyatlar hokimlariga o‘z hududida poytaxtdagidek kabi transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlab, amalga oshirishni boshlash topshirildi. Bunda yo‘l va chorrahalarda jamoat transportiga ustuvorlik berish, bekatlarda aholi va tadbirkorlarga sharoit yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyatlar hokimlariga Transport vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:

  • o‘z hududida transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlab, ishlarni boshlash;
  • namunaviy bekat loyihasini ishlab chiqib, tadbirkorlarga reklama va bankomat xizmatlarini tashkil qilish uchun vaqtinchalik foydalanishga berish tartibini kiritish topshirildi.

Yig‘ilishda hududlar rahbarlari va soha mutasaddilari berilgan topshiriqlar ijrosini qanday tashkil etishi yuzasidan axborot berdi.

Mavzuga oid