O‘zbekiston | 00:07 / 10.09.2020
18979
10 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda renovatsiya dasturi e'lon qilindi. Vazirlik rasmiysi - ko‘zlangan maqsad va kutilayotgan «snos»lar haqida

2021 yildan O‘zbekistonda ko‘p qavatli uy-joy fondini yangilash ishlari boshlanadi. Renovatsiya dasturi deya nom olgan aksiya yuzlab ko‘p kvartirali uylarni qamrab oladi.

Bir necha kun oldin renovatsiya dasturiga oid hukumat qarori loyihasi e'lon qilindi. Qaror bilan, 2021-2022 yillarda eskirgan ko‘p kvartirali uylarni ta'mirlash dasturi (jami 260ta uy) hamda 2021-2023 yillarda avariya holatidagi ko‘p qavatli uylar o‘rnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish dasturi (193ta uy) tasdiqlanishi mumkin.

Biz mazkur dastur yuzasidan tug‘ilayotgan savollar bilan loyiha muallifi – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga murojaat qilib, vazirlik boshqarma boshlig‘i Laziz Hamidov bilan suhbatlashdik.

Laziz Hamidov

– Qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad nima?

– Bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha jami 37 272 ta ko‘p kvartirali uylar mavjud bo‘lib, shundan 30 667 tasi (82 foizi) 1991 yilgacha qurilgan.

Bilamizki, har bir bino-inshoot, jism vaqt o‘tgani sayin eskirishi yoki yemirilishi mumkin. Xuddi shunday, ko‘p kvartirali uylar ham yil o‘tgani sayin seysmik jihatdan zaifligi oshib boradi. Bu esa o‘z navbatida ushbu uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolarning hayotiga xavf tug‘diradi. Bilasiz, yurtimiz seysmik hududda joylashgan. Dasturni ishlab chiqishdan eng asosiy maqsad – bu fuqarolar xavfsizligini ta'minlash.

– Ko‘p qavatli uylarni ta'mirlash va yangilash qaysi mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi?

– Qaror loyihasida vazifalar kim tomonidan amalga oshirilishini alohida bandlar bilan ko‘rsatib o‘tganmiz. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzurida ko‘p xonadonli uylar, issiqlik ta'minoti obektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyalari bor. Davlat unitar korxonasi shaklidagi korxonalar har bir hududda xizmat ko‘rsatadi.

Dasturlar doirasida bosh loyihachi, bosh pudratchilar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tender asosida tanlab olinadi. Ishlar sifatini «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyalari buyurtmachi sifatida nazorat qilib boradi.

Moliyalash manbasiga kelsak, bular – mahalliy budjet mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa moliyaviy manbalardir.

– Uyi buzilishga yoki ta'mirlashga tushgan fuqarolar qayerlarga ko‘chiriladi?

– Har bir hududning maxsus komissiyasi bor. Ushbu komissiya orqali manzilli ishlar amalga oshiriladi. Vazirlar Mahkamasining 911-sonli «Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqi kafolatlarini ta'minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir chora tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror bilan alohida nizom belgilab berilgan. Unga asosan, buzilishga tushgan har qanday turar yoki noturar joy obektlari belgilangan tartibda mulkdorga kompensatsiya to‘langandan so‘ng buzishga ruxsat etiladi.

Ungacha – fuqaro o‘zi rozilik bermasa yoki buzishgacha bo‘lgan jarayonlar oxirigacha yetkazilmasa, bu holatda bino va inshootlarni buzish taqiqlangan.

Ta'mirlash va buzish masalasiga aniqlik kiritsam. Ta'mirlash deganda oddiy ta'mirlash emas, uyning asosiy konstruksiyalarini mustahkamlash hisobiga uyning xizmat ko‘rsatish davomiyligini saqlab qolish ko‘zda tutilgan. Asosiy konstruksiyani ta'mirlagan taqdirda ham saqlab qolish imkoni yo‘q bo‘lgan uylar buzish dasturiga kiritilgan. Shu nuqtayi nazardan, fuqarolarning xavfsizligi va ijtimoiy himoyasi masalasi asosiy o‘rin tutadi. Qarordan asosiy maqsad ana shu. Bu yerda tadbirkorlar yoki davlatning manfaati ko‘zda tutilmagan.

– Ta'mirlash va qayta qurish ishlari uchun fuqarolardan mablag‘ talab etilmaydimi?

– Yo‘q, fuqarolar xarajat qilmaydi.

– Qaror loyihasiga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan salbiy izohlar yetarlicha ko‘p. Bundan ko‘rish mumkinki, odamlarda yana hokimliklarning belgilangan tartibga amal qilmasligi natijasida odamlar ko‘chada qolib ketishi mumkin, degan xavotir yo‘q emas. Bu qanchalik asosli?

– Bu qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga joylashtirganimizdan maqsad – fuqarolarimizning fikrini o‘rganish, takliflarini bilish. Balki qarorni yanada takomillashtirish zarurdir. Bu – loyiha. Oxirgi qaror degani emas.

Biz kiritgan manzilli dasturlar – 2019 yilda aniqlangan holatlarga asoslangan. Ayrim mahalliy hokimliklarimiz oldinroq harakat qilib, ta'mirlanadigan uylar ro‘yxatiga tushgan uylarni ta'mirlagan, buziladigan uylarni belgilangan tartibda buzishga tushgan bo‘lishi mumkin. Shunday holatlarda manzilli ro‘yxatga o‘zgartirish kiritish mumkin.

To‘g‘ri, mahalliy hokimliklarga ishonchsizlik sifatida bildirilgan fikrlarni men ham o‘qidim. Aytishim lozimki, har bir hududning bosh rejasi bo‘ladi, shundan kelib chiqqan holda taklif kiritiladi. Bu dasturlarning amalga oshirilishi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan doimiy ravishda nazorat qilinadi.

Ta'mirlash ishlari 2021–2022 yillarga mo‘ljallangan. Buzish bilan bog‘liq masalalarni 2021–2023 yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.

– Qaror loyihasida 192ta uy buzilishi ko‘rsatilgan. Bu uylarning joylashuvi haqida ma'lumot bersangiz.

– Buzilishi lozim bo‘lgan uylarning 80 foizi chekka hududlarda, shahar markazidan olisroq joylarga to‘g‘ri keladi. Qolgan qismi shahar ichida.

Uylarning qurilgan yiliga e'tibor bersangiz ham, 1934 yildan boshlanib... 1950-60 yillardagi uylar. Ularning muddati o‘tib bo‘lgan, ekspluatatsiyasiga vaqtida yaxshi e'tibor berilmagani uchun shunday holga kelgan.

– O‘zbekistondagi ko‘p qavatli uylardan 30 mingdan ortig‘i mustaqillikdan oldin qurilganini aytib o‘tdingiz. Shulardan 453tasi renovatsiya dasturiga kiritilgan. 30 mingta uydan 453tasi qaysi mezonlar asosida tanlab olindi?

– Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 noyabdagi 1017-F sonli farmoyishi asosida respublikamizdagi barcha ko‘p qavatli uylar avariya alomatlarini aniqlash bo‘yicha yalpi xatlovdan o‘tkazilib, vizual o‘rganish davomida avariya alomatlari mavjud bo‘lgan 455 ta ko‘p kvartirali uylar aniqlangan. Mazkur uylar tegishli loyiha tashkilotlari tomonidan maxsus asbob-uskunalar yordamida intrumental tekshirilganda, ularning 263 tasini ta'mirlash va 192 tasini buzish lozimligi to‘g‘risidagi xulosalar taqdim etilgan.

– Toshkent shahri Uchtepa tumanida 2013 yilda qurilgan 12 qavatli uy, Samarqand shahrida 2013 yilda qurilgan 4 qavatli uy ham ta'mirlash dasturiga kiritilibdi. Shu masalada izoh bersangiz.

– O‘rganish davomida qurilgan yilidan qat'i nazar, avariya alomatlari bor uylar instrumental o‘rganish davomida aniqlangan va ta'mirlash uchun tanlab olingan.

Ta'mirlash ko‘zda tutilgan uylarning fasadi, tomi, yerto‘lasi yoki kommunikatsiya tarmoqlarini ta'mirlash bilan umuman bog‘liqlik jixati yo‘q. Ushbu dasturda ta'mirlash ishlari asosan uylarning poydevori, tayanch devor va  konstruksiyalarida vujudga kelgan fizik eskirish, yemirilish yoki boshqa tashqi ta'sir natijasida yuzaga kelgan omillar bilan bog‘liq nuqsonlarni bartaraf qilib, uy-joy fondidan foydalanish xavfsizligi va davomiyligini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.

– Buziladigan uylar ro‘yxatida 1991 yilda qurilgan Sergelidagi, 1982 yilda qurilgan Yunusoboddagi uy ham bor. Axir ularning qurilganiga hali 40 yil ham bo‘lmagan-ku?

– Yunusobod tumani D.Obidova ko‘chasidagi 127-uy instrumental tekshiruv natijasi bo‘yicha ta'mirlash maqsadga muvofiq emas, deb topilgan.

Aksariyat uylarda 40 yil to‘lmagan bo‘lsa ham uyning ekspluatatsiya qilinishi noto‘g‘ri olib borilgan bo‘lishi yoki boshqa sabablarga ko‘ra tayanch konstruksiyalaridagi yemirilish jarayoni tezlashgan bo‘lishi mumkin.

– Suhbatimiz so‘ngida, xulosa o‘rnida hamyurtlarimizga renovatsiya dasturi haqida nimalarni ta'kidlab o‘tgan bo‘lardingiz?

– Fuqarolarimizda uyg‘onayotgan savollardan kelib chiqib, bir nechta jihatlarga e'tibor qaratishlarini so‘ragan bo‘lardim. Birinchidan, aholimizga ushbu dastur bilan buzilishi ko‘zda tutilayotgan ko‘p kvartirali uylar davlat yoki jamoat extiyoji uchun olib qo‘yish maqsadida emas, aksincha yuqorida aytib o‘tilganidek, ushbu qarorning asosiy maqsadi – avariya holatidagi ko‘p kvartirali uylarda yashayotgan fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash va ularga yashash uchun yetarli bo‘lgan shart-sharoitlarini yaxshilashdir.

Ikkinchidan, buziladigan uylarning barchasi tegishli loyihalash tashkilotlari tomonidan instrumental tekshiruvdan o‘tkazilgan bo‘lib, ularni ta'mirlash orqali foydalanish maqsadga muvofiq emas deb topilgan va bu borada asoslantiruvchi xulosalar taqdim etilgan.

Uchinchidan, mazkur qaror loyihasi – yakuniy versiya emas. Chunki bugungi kunda ko‘plab viloyatlarimizda bu borada amaliy ishlar boshlab yuborilgan bo‘lib, hozirda ko‘plab uylarda ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar hamda aholidan kelib tushgan taklif va mulohazalar asosida qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish imkoniyatlari mavjud.

Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.

Mavzuga oid