Ta’lim | 10:20 / 15.07.2025
8832
3 daqiqa o‘qiladi

“Huquq savollari darslikdan tushmadi” – abituriyentlar. Imtihonning birinchi kuni qanday o‘tdi?

Bu yilgi test sinovlarida 671 397 nafar abituriyent ishtirok etishi kutilmoqda. Kun.uz muxbiri poytaxtdagi bir nechta test topshirish manzillarida bo‘lib, abituriyentlarga mikrofon tutdi. Ularning aksariyati huquq fanidan tushgan savollarga e’tiroz bildirdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Dastlab “Yoshlik” sport majmuasida yurisprudensiya yo‘nalishi bo‘yicha test topshirgan abituriyentlar bilan suhbatlashdik. Ularning so‘zlariga ko‘ra, huquq fani test savollari kodeks va qonunlardan olingan.

“Bugungi test jarayoni juda qiyin bo‘ldi. Umuman kitobda, dasturda yo‘q narsa tushdi. Asosan, to‘liq kodeks va qonun. Majburiy fanlardan matematikada faqat geometriya tushdi, umuman algebra tushirishgani yo‘q. Nimaga unaqa qilishadi, o‘shani tushunmayman. O‘tgan yili ancha osonroq edi. Bir yil o‘qigan bo‘lsam ham, o‘zimga ishonchsiz bo‘lib chiqdim. Chunki men o‘qigan dasturdan tushgani yo‘q”, deydi abituriyentlardan biri.

Ba’zi talabalarning fikricha, huquq fanidan tushgan savollar darsliklardan olinmagan, ayrimlari takrorlangan.

“Qo‘shimchalaridan ham bor, yo‘q emas. Kodekslardan bor, har xil qonunchiliklardan bor. Lekin u narsani ham eplasa bo‘ladi. Endi huquqni o‘rtachadan sal qiyinroq desa bo‘ladi”, deydi boshqa bir abituriyent.

“Juda qiyin tushgani yo‘q, lekin kitobdan kam chiqdi savol. Asosan qonunlardan chiqdi. Tsitatalar deyarli yo‘q. Tarix, matematika, rus tili maktab fanidan tushdi, chunki buni o‘tganmiz yaqinda. O‘tgan yili ko‘proq Jinoyat kodeksidan tushgan. Bu yili ham shunaqa bo‘ladi deb o‘ylagandik. Jinoyat kodeksiga rosa ko‘p tayyorlangan edim, lekin undan atigi 2-3 ta savol tushdi”, deydi yana bir abituriyent.

“O'zekspomarkaz”da test topshirgan abituriyentlar ham huquq fanidagi savollar birmuncha qiyin kelganini ta’kidlashdi. Bundan tashqari, kimyo va fizika fanlaridan tuzilgan savollar qo‘shimcha adabiyotlardan olingan.

Mavzuga oid