Jahon | 20:40 / 02.02.2026
13535
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda Birma mafiyasining yana to‘rt a’zosi qatl etildi

Bu bir hafta ichidagi ikkinchi guruh ustidan o‘lim jazosi ijro etilishi bo‘lmoqda.

Foto: CCTV

Xitoyda Bay mafiyasi oilasining to‘rt vakili qatl qilindi – bu Myanmadagi skam-markazlarni boshqargan eng taniqli jinoiy sulolalardan biridir. Bu so‘nggi bir hafta ichida jinoiy sindikat a’zolariga nisbatan chiqarilgan ikkinchi o‘lim hukmi bo‘ldi.

Oila a’zolari va uning sheriklaridan iborat jami 21 kishidan iborat guruh Guandun provinsiyasidagi sud tomonidan firibgarlik, qotillik, tan jarohati yetkazish va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topilgan.

O‘tgan yil noyabrida sud besh kishini, jumladan, klan rahbari Bay Suochenni o‘lim jazosiga hukm qilgandi, ammo u hukm e’lon qilinishidan ko‘p o‘tmay kasallik oqibatida vafot etgan.

O‘tgan haftada Janubi-Sharqiy Osiyodagi firibgarlik sxemalariga qarshi keng ko‘lamli kurash doirasida Min mafiyasi a’zolaridan 11 nafari o‘limga hukm qilingandi – xitoylik minglab kishilar bunday guruhlardan jabrlanib, ularning qo‘lida majburan qullikda ishlab kelgan.

Skam-markazlar – Janubi-Sharqiy Osiyoda jiddiy muammo hisoblanib, ko‘pincha xitoyliklar onlayn-firibgarliklar qurboniga aylanadi.

Ko‘p yillar mobaynida Bay, Min va boshqa bir necha klanlar Myanmaning Xitoy bilan chegaradagi Laukkay shahrini nazorat qilgan, ular bu yerda kazinolar, fohishaxonalar hamda kiberfiribgarlik markazlarini boshqargan.

Bunday klanlar orasida Bay oilasi «birinchi raqamlisi» hisoblangan.

Rasmiylarga ko‘ra, ixtiyorida qurolli tuzilma ham mavjud bo‘lgan Bay Suochen 41 ta yopiq kompleks qurgan, bu joylarda firibgarlik koll-markazlari hamda kazinolar joylashtirilgan. Bu komplekslar ichkarisida zo‘ravonlik madaniyati hukm surgan – kaltaklash va xo‘rlash odatiy amaliyotga aylangan.

Sud hukmida keltirilishicha, Bay oilasining jinoiy harakatlari Xitoyning olti nafar fuqarosi o‘limiga, bir kishi o‘z joniga qasd qilishiga, shuningdek, o‘nlab kishilar mayib-majruh bo‘lishiga olib kelgan.

Xitoy aralashuvi

Laukkay – Xitoy bilan chegaradagi Birma xitoylari istiqomat qiluvchi Kokan muxtoriyati markazi hisoblanadi.

Bay oilasi 2000-yillarda Laukkayda nazoratni o‘z qo‘liga olgan, o‘shanda shaharning oldingi qo‘mondoni Myanma generali, hozirda mamlakatdagi harbiy xuntani boshqarayotgan Min Aun Hlayng tomonidan ag‘darilgandi.

O‘shanda harbiy rahbariyatga sodiq va kelishish oson bo‘lgan ittifoqchi kerak edi va o‘shanda ag‘darilgan harbiy qo‘mondon o‘rinbosari bo‘lgan Bay Suochen bu rolga ideal darajada mos keladi.

Ammo bu oilalar imperiyasi 2023 yilda quladi, o‘shanda Pekin myanmalik harbiylarning sindikatlarga nisbatan harakatsizligidan norozilik bildiradi va bu hududdagi etnik isyonchilarning hujumini yashirincha qo‘llab-quvvatlaydi. Bu voqealar Myanmadagi fuqarolar urushidagi burilish nuqtasiga aylanadi.

Yakunda mafiya tuzilmalari fosh etilib, ularning a’zolari Xitoyga topshirildi.

Xitoyda ular haqida bir nechta hujjatli filmlar suratga olingan bo‘lib, ularda Xitoy rasmiylarining internetdagi firibgarlik tarmoqlarini butunlay yo‘q qilishga bo‘lgan qat’iyati ta’kidlangan.

So‘nggi qatllar ehtimoliy firibgarlar uchun ogohlantirish signali bo‘lishi mumkin.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, Myanma va Janubi-Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlarida yuz minglab odamlar qullikka sotilgan yoki onlayn firibgarlarning sxemalariga zo‘rlik bilan jalb qilingan.

Ular orasida Xitoyning minglab fuqarolari ham bor. Shuningdek, milliardlab dollarlarini sindikatlarga oldirgan jabrlanuvchilarning asosiy qismini xitoyliklar tashkil etadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid