Jahon | 18:00 / 19.12.2019
95273
12 daqiqa o‘qiladi

Donald Trampga impichment e'lon qilindi. Endi nima bo‘ladi?

Donald Tramp AQSh tarixida Vakillar Palatasi tomonidan impichment e'lon qilingan uchinchi prezidentga aylandi. Endi Tramp o‘z lavozimida qolishi masalasini 2020 yilning yanvarida Senat hal qilishi kerak bo‘ladi.

Kongressda ikkita ovoz berish jarayoni o‘tkazildi - ikkita ayblov bo‘yicha.

Hokimiyat vakolatlarini suiiste'mol qilish bo‘yicha (Ukraina bilan munosabatlarda) moddaga kongressmenlarning 230 nafari ovoz berdi, 197 kishi qarshi bo‘ldi.

Kongress faoliyatiga to‘sqinlik qilish bo‘yicha ayblov moddasi esa impichment uchun 229 ovoz to‘pladi, 199 nafar kongressmen qarshi ovoz berdi.

Vakillar palatasidagi respublikachilarning birortasi impichmentni yoqlamadi. 2 nafar demokrat birinchi ayblovga, 3 nafar demokrat ikkinchi ayblovga qarshi ovoz berdi.

Impichment e'lon qilish uchun esa ikki ayblovdan birortasi 216 ovoz to‘plashi kifoya qilar edi.

Vakillar palatasidagi ovoz berish jarayonida demokratlar Donald Trampni hokimiyatdan chetlatish niyatidan qaytmasliklarini ta'kidlashdi. Lekin bu ovoz berish natijalari Qo‘shma shtatlar prezidenti o‘z lavozimini tark etishini anglatmaydi, rasman impichment e'lon qilinishi esa unga keyingi muddatga saylanishga to‘siq bo‘lolmaydi.

Haftaning dushanba kunida kongressdagi demokratlar 658 sahifadan iborat hisobotni nashr qilishgan, unda Tramp poraxo‘rlikda va Ukraina prezidentini AQShning sobiq vitse-prezidenti Jo Baydenga qarshi ish ochishga majburlashga urinishda ayblangan.

Impichment moddalari

Bunga qadar kongressning yuridik qo‘mitasi prezident impichmenti moddalarini tasdiqlagandi - hokimiyat vakolatlarini suiiste'mol qilish va kongress faoliyatiga to‘sqinlik qilish. 

Donald Trampga nisbatan hokimiyat mansabini suiiste'mol qilish bo‘yicha ayblov u joriy yilning 25 iyulida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiydan Jo Baydenning o‘g‘liga nisbatan tergov ochishga urinishlari ortidan e'lon qilingan — Barak Obama prezidentligi davrida uning vitse-prezidenti bo‘lgan Jo Bayden 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida Trampning asosiy raqibi sanaladi. 

Kongressdagi ovoz berish vaqtida Tramp Michiganga, o‘z tarafdorlari bilan Rojdestvo arafasidagi mitingga jo‘nab ketdi

Suhbat davomida AQSh prezidenti ukrainalik hamkasbidan Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Baydenga qarshi aksilkorrupsiyaviy ish bilan shug‘ullanishni so‘ragan. Tramp Ukrainaga moliyaviy yordam ajratilishi ushbu mamlakatda Xanter Baydenga qarshi aksilkorrupsiya ishi qayta boshlanishiga bog‘liqligiga ishora qilgan. Tramp suhbat davomida Baydenning familiyasini sakkiz marta tilga olgani haqida yozgan edi.

Xanter Bayden 2014 yildan 2019 yilgacha Ukrainadagi Burisma neftgaz kompaniyasi direktorlari kengashi a'zosi bo‘lgan, AQSh prezidentining tasdiqlashicha, u Ukrainadagi korrupsion sxemalarga aralashib qolgan.

O‘sha yillarda Jo Bayden AQSh prezidenti ma'muriyatida Ukraina masalalari bo‘yicha vakil lavozimida ishlagan, kongressdagi respublikachilarning fikricha, u Ukrainada o‘z o‘g‘liga qarshi korrupsion mojaro bo‘yicha tekshiruv ishlari boshlashga tayyorlangan huquq-tartibot organlari xodimlarining ishdan bo‘shatilishini ta'minlagan.

Demokratlar bu holatni xorijiy davlatni AQShdagi saylovlar jarayoniga aralashishga chorlash sifatida baholashdi.

Bundan tashqari, kongressdagi demokratlar AQSh prezidentini Vakillar palatasi faoliyatiga to‘sqinlik qilishda ayblashdi: Oq uy rahbari impichment jarayoni doirasida olib borilgan surishtiruv ishlarida prezident ma'muriyatining yuqori lavozimli amaldorlariga ishtirok etishini taqiqlab qo‘ygandi.

«Ayblov punktlari shuni ko‘rsatmoqdaki, prezident Tramp o‘z shaxsiy va siyosiy manfaatlarini milliy xavfsizlik, halol va erkin saylovlarimizdan ustun qo‘ymoqda... U qonunbuzilishida ishtirok etgan, agar biz to‘xtatmasak bu jarayon davom etadi. Aynan shuning uchun prezident Tramp impichment qilinishi va hokimiyatdan ketkazilishi kerak», deyilgan kongressning yuridik qo‘mitasi hisobotida.

Seshanba kuni Vakillar palatasining nazorat qo‘mitasi impichment doirasida ovoz berish tartibini tasdiqladi.

Demokratlar orasida necha kishi ovoz berishdan bosh tortdi?

Impichment muhokamasidan avvalroq ham Demokratlar partiyasining kongressdagi ikki nafar vakili AQSh prezidentini hokimiyatdan chetlatish tashabbusini qo‘llamasligini bildirgandi.

Nyu-Jyersi shtati vakili Jyeff Van Dryu va Minnesot shtatidan bo‘lgan Kollin Piterson amaldagi prezidentga qarshi ayblovlarga qo‘shilmasligini aytgandi. Hafta boshida Amerikadagi nashrlar kongressmen Van Dryu iste'foga chiqish to‘g‘risida ariza bergani haqida yozishdi.

Respublikachilar orasida ham impichmentni qo‘llovchilar bormi?

Yig‘ilish boshlanishidan oldin, chorshanba kuni demokratlar yetakchilari AQShning amaldagi prezidenti impichmentini «vijdon ovozi» deb atashdi va buning ahamiyatini amerikalik askarlarni urushga jo‘natishdagi ovoz berish jarayoniga tenglashtirishdi.

2019 yilning noyabridagi oraliq saylovlarda demokratlar g‘alaba qozonib, Vakillar palatasida nazoratni qo‘lga olishgandi. Natijada Trampning muxoliflari avval respublikachilarga tegishli bo‘lgan 31ta saylov okrugini qo‘lga kiritishdi. Vakillar palatasida endi demokratlar 233, respublikachilar esa 197 o‘ringa ega. Yana bir o‘rinni mustaqil kongressmen band etgan, yana to‘rtta o‘rin bo‘sh qolmoqda.

Biror respublikachi impichmentni ma'qullamadi. Ovoz berish jarayonidan ikki kun oldin, dushanba kuniyoq kongressdagi respublikachilar yetakchisi Kevin Makkarti prezidentni qo‘llab-quvvatlashda davom etishi va uning tarafdorlaridan hech kim impichment uchun ovoz bermasligini ma'lum qilgandi.

Senat nimani hal qiladi?

AQShda impichment e'lon qilish huquqi Kongressda, uni amalga oshirish yoki oshirmaslikni hal qilish esa Senat ixtiyorida. Vakillar palatasidagi ovoz berish jarayonidan keyin qaror Senatga yuboriladi, senatorlar AQSh prezidenti taqdirini hal qilishadi, bu ish ko‘rilishiga AQSh Oliy sudi raisi rahbarlik qiladi, shu tufayli amalda Senat sud vakolatlarini bajaradi.

Dastlab Senatdagi eshituvlar bo‘lib o‘tadi. Bu bosqichda Senat ish bo‘yicha to‘laqonli eshituvlar bo‘ladigan sudga aylanadi: Vakillar palatasi delegatlari qoralovchilarga, prezidentning yuristlari advokatlarga, senatorlar esa maslahatchilar hay'ati rolini o‘ynaydi. Ayni vaqtda, oddiy sudlardan farqli o‘laroq, jarayon qanday kechishini Senatning o‘zi hal qiladi. Tramp bilan bog‘liq vaziyatda senatorlar, katta ehtimol bilan, prezidentning ustidan shikoyat qilgan razvedka xodimini yoki Xanter Baydenni ham ko‘rsatma berishga chaqirish kerakmi-yo‘qmi, deb uzoq tortishishi mumkin.

Yakuniy ovoz berishda ham hammasi oddiy: prezidentni chetlatish uchun Senat a'zolarining uchdan ikki qismi ma'qullab ovoz bersa kifoya. Shunday bo‘lsa, prezidentning vakolatlari yangi saylovlarga qadar AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens zimmasiga o‘tadi.

Konstitutsiyaga ko‘ra, kongressning impichment haqidagi qarori «imtiyozli» maqomga ega, yuqori palata boshqa barcha muhokamalarni bir chetga qo‘yib, bu tashabbusni birinchi navbatda ko‘rib chiqadi.

Hafta boshida kongressdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer Senatdagi respublikachilar raisi Mitch Makkonnellga murosaga kelish va impichment jarayonini ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishib olishni taklif qilgandi.

Konstitutsiyaga ko‘ra, Senat kongressda tasdiqlangan ayblovni ko‘rib chiqishi shart va bu jarayonda senatorlar sud hay'ati a'zolariga aylanishadi. O‘z navbatida, Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi prokuror va ayblov guvohlarini tayinlashi kerak, Oq uy esa eshituvga o‘z advokatlarini yuborishi mumkin.

Demokratlar kimni chaqirtirishmoqchi?

Dushanba kuni Chak Shumer Senatga noma yo‘lladi va to‘rt kishini - Oq uy ma'muriyati rahbari vazifasini bajaruvchi Mik Malveynini, prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Boltonni, budjet va boshqaruv ofisi xodimi Maykl Daffi hamda prezident ma'muriyati rahbari maslahatchisi Robert Bleyrni ayblov guvohi sifatida chaqirishni so‘radi.

Demokratlarning fikricha, ularning barchasi Ukrainaga mo‘ljallangan 391 million dollar miqdoridagi harbiy yordamning to‘xtatib qo‘yilishiga aloqadordir.

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Trampni demokratiya va AQSh milliy xavfsizligi uchun xavf deb atadi

Seshanba kuni Mitch Makkonnel demokratlarning taklifini rad etdi va yana bir bor o‘zining impichment doirasidagi barcha harakatlarini Oq uy huquqshunoslari bilan muvofiqlikda olib borishini ta'kidladi.

Qoidaga ko‘ra, AQSh Oliy sudi rahbari Jon Robers impichmentni ko‘rib chiqish jarayonini boshqarishi kerak. Ayni vaqtda bu jarayonga qancha vaqt ketishi aniq emas.

O‘tgan haftada Mitch Makkonnell Fox News telekanaliga bergan intervyusida qo‘shimcha guvohlarni chaqirmasligini aytib o‘tdi.

«Bilasizmi, agar siz yetarli miqdordagi ovozga ega bo‘lsangiz, ayblovlar minimal darajada ekaniga amin bo‘lsangiz, qisqa majlisni ma'qul ko‘rasiz», degan u jurnalist savoliga javob bera turib.

Prezident Trampning o‘zi ham muxbirlar bilan suhbatda Senatdagi ish imkon tezroq ko‘rib chiqilishi va tezroq bu jarayon yakunlanishini afzal ko‘rishini aytib o‘tdi.

«Men ular istayotgan barcha sharoitlarni muhayyo qilishga tayyorman, lekin bu hech narsani o‘zgartirmaydi. Men uzoq davom etadigan jarayonga ham roziman, chunki men firibgar informatorni (Ukraina prezidenti bilan muzokaralar haqida xabar bergan Oq uy xodimi) ko‘rishni istayman», degan u.

Bundan buyog‘iga nima bo‘ladi?

Senatda bu ishni ko‘rib chiqish 2020 yilning yanvariga mo‘ljallanmoqda. Vakillar palatasida demokratlar ko‘pchilikni tashkil qilgani tufayli impichment yetarli ovoz olishi tayin edi. 

Agar Senatdagi jarayonga Vakillar palatasiga ko‘rsatma berishdan bosh tortgan Oq uy amaldorlari kelsa, ularning ko‘rsatmalari vaziyatni o‘zgartirishi mumkin. Lekin impichment Senatdan o‘tishi ehtimoli juda kam. 

Senatda respublikachilar ko‘pchilikni tashkil etadi - respublikachilar 53, demokratlar 47 nafar. Impichment Senatning 2/3 qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlasagina o‘tadi va impichment amalga oshmasligi deyarli aniq.

Yana bir muammo. Tramp Senat tomonidan oqlangach, demokratlar Oq uy bilan qonunchilik tashabbuslarida hamkorlik qilishiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, impichment e'lon qilinishi Trampga 2020 yilgi saylovlarga nomzodini qo‘yishga va saylovoldi janglarida qatnashishiga to‘sqinlik qilmaydi.

Hozirda ular prezident bilan qanday hamkorlik qilishi hozircha noma'lum.

«Agar prezident javobgarlikka tortilmasa, agar Senatdagi hamkasblarim o‘z qasamyod majburiyatlarini bajarishmasa, bizning demokratiya xavf ostida qoladi», - degan Bi-bi-si bilan suhbatlashgan kongressmen Devid Sisillin.

Ma'lumot uchun, Tramp impichmenti Kongressning Vakillar palatasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan AQSh tarixidagi uchinchi prezidentga aylandi — bungacha bunday holat 1868 yilda Endryu Jonson va 1998 yilda Bill Klinton bilan yuz bergan. Jonson bilan bog‘liq holatda ham, Klintonning holatida ham Senat ularning foydasiga ovoz bergan va har ikkisi o‘z lavozimida qolgan. 1974 yilda esa «Uotergeyt ishi»dan keyin boshlangan jarayonda Richard Nikson Kongressdagi eshituvlar boshlanguniga qadar iste'foga chiqqandi.

Aziz Qarshiyev tayyorladi

Mavzuga oid