Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Svetoforlar “aqlli” tizimga ulanadi: transport oqimiga qarab avtomatik moslashadi
Toshkent shahrida zamonaviy intellektual transport tizimi joriy etilib, svetoforlar “aqlli” boshqaruvga ulanadi va transport oqimiga qarab avtomatik moslashadi. Videokuzatuv va sensorlar orqali yig‘ilgan ma’lumotlar asosida jamoat va maxsus transport harakatiga ustuvorlik berilishi ko‘zda tutilgan.
Foto: Kun.uz
Toshkent shahrida transport va yo‘l infratuzilmasini boshqarishni zamonaviy darajaga olib chiqish maqsadida axborot texnologiyalari bilan integratsiyalashgan intellektual transport tizimi ishlab chiqilmoqda. Bu prezidentning poytaxt transport tizimini takomillashtirishga oid qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Qarorga ko‘ra, intellektual transport tizimi doirasida videokuzatuv kameralari va turli sensorlar orqali transport, piyoda va yo‘lovchi oqimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi. Ushbu ma’lumotlar asosida harakat tahlil qilinib, svetoforlarni boshqarish, svetofor fazalarini real vaqt rejimida avtomatik moslashtirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, agar harakat jadvalidan chetga chiqish holatlari kuzatilsa, maxsus va jamoat transporti vositalari harakatiga ustuvorlik beriladi. Ya’ni “aqlli” tizim avtobuslar va maxsus texnikalarning belgilangan jadvalda harakatlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Intellektual tizim doirasida avtotransportlar, jumladan, maxsus texnikalar harakati doimiy monitoring qilinadi, qurilish va maxsus texnikalarning mexanizmlari ishi nazorat qilib boriladi. Shu bilan birga, yo‘l-transport hodisasi xavfi yuqori bo‘lgan hududlar aniqlanib, ularni kamaytirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur chora-tadbirlar Toshkent shahrida yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, tirbandliklarni qisqartirish va jamoat transportining samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Mavzuga oid
09:30
Toshkentda narkokurerga aylangan talabalar fosh etildi
21:26 / 07.12.2025
Toshkentda havoni ifloslantirayotgan korxona rahbariga chora ko‘rildi
21:38 / 06.12.2025
Toshkentda jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi
15:27 / 06.12.2025