O‘zbekiston | 07:55 / 02.08.2021
6008
2 daqiqa o‘qiladi

Daraxtlarning noqonuniy kesilishi holatlari qaysi viloyatlarda eng ko‘p kuzatilgani aytildi

Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga doir masala yuzasidan axboroti eshitildi.

Noqonuniy harakatlar aksariyatining o‘z vaqtida oldini olish choralari mavjud bo‘lsa-da, bunga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, joylardagi sektor rahbarlari tomonidan jamoat tashkilotlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda olib borilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarga yetarli e'tibor qaratmaganligi oqibatida 2021 yilning 6 oyi davomida respublikada daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2 597 ta huquqbuzarlik sodir etilgan va o‘simlik dunyosiga 6,7 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. 

Aniqlangan huquqbuzarliklar natijasida 2 407 ta qimmatbaho navli daraxt, 2 109 ta kam qimmatli daraxt, 1744 m3 butalar noqonuniy kesilgan.

2021 yilning boshidan daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi va shikastlantirilishi bilan bog‘liq holatlar hududlar kesimida tahlil etilganda eng ko‘p Qoraqalpog‘iston Respublikasi 1 065 ta, Samarqand 609 ta, Qashqadaryo 534 ta, Navoiy 349 ta, Toshkent 344ta viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. 

Majlisda senatorlar tomonidan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishning oldini olish, atrof-muhit va ekologiyani asrab-avaylash, jamoatchilik e'tiroziga sabab bo‘luvchi bu holatlarning oldini olish maqsadida tizimli ishlarni tashkil etishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Mavzuga oid