Jahon | 18:18 / 06.11.2024
4904
3 daqiqa o‘qiladi

Shaharni salqinlatish uchun qancha daraxt kerak? Olimlar javob berdi

Daraxtlarning haroratga ta’siri hammaga ma’lum bo‘lsa-da, bu sohadagi avvalgi tadqiqotlarning aksariyati kichik hududlarga qaratilgan. Butun boshli shaharlar bo‘yicha yangi tadqiqot o‘tkazildi.

Foto: Getty Images

Xitoy Fanlar akademiyasi olimlari shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish rejalarini yanada aniqroq tuzish uchun yangi usul taklif qildi. Ko‘kalamzorlashtirish harorat ko‘tarilishi, shaharlardagi beton va asfalt tufayli oshayotgan issiqlikka qarshi kurash uchun zaruriy elementga aylanmoqda. Daraxtlarning haroratga ta’siri hammaga ma’lum bo‘lsa-da, bu sohada o‘tkazilgan avvalgi tadqiqotlarning aksariyati kichik hududlarga qaratilgan — ushbu ma’lumotlar asosida butun shaharni sovitish uchun qancha daraxt kerakligini aniqlash mushkul.

Yangi tadqiqot doirasida olimlar turli iqlim sharoitlariga ega to‘rtta shahar — Xitoyning Pekin va Shenjyen, AQShning Baltimor va Sakramento shaharlarini tahlil qilish uchun sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan va harorat ma’lumotlaridan foydalandi. Avvaliga ular har bir shaharni taxminan bitta mahalla kattaligidagi kichik piksellarga bo‘ldi va har bir piksel uchun yer yuzasi harorati hamda ko‘kalamzorlashtirish foizini qayd etdi. So‘ngra xuddi shunday hisob-kitoblarni kattaroq miqyosda: tuman darajasidan boshlab butun shahar darajasigacha amalga oshirdi.

Natijalar ko‘rsatishicha, tahlil maydoni kengaygani sari sovitish samaradorligi ham ortib boradi (lekin jarayon sekinroq kechadi). Misol uchun, Pekinda yashil maydonlarni 1 foizga ko‘paytirish haroratni mahalla miqyosida 0,06 foizga, butun shahar miqyosida esa 0,18 foizga pasaytiradi.

Ushbu ma’lumotlar shaharsozlarga butun shahar miqyosida daraxtlarning sovituvchi ta’sirini prognoz qilish imkonini beradi. Masalan, tadqiqotchilar hisob-kitoblariga ko‘ra, Baltimor shahrini ko‘kalamzorlashtirish hajmini 1 foizga oshirish orqali o‘rtacha haroratni 0,23 gradusga pasaytirish mumkin. Haroratni 1,5 gradusga tushirish uchun esa daraxtlar bilan qoplangan maydonni 6,39 foizga kengaytirish zarur.

Tadqiqot muallifi Veychi Jou buni turli iqlim hududlaridagi shaharlarga tatbiq etilishi mumkinligini ta’kidladi. Bunday usul butun dunyo bo‘ylab shaharlarda haroratni pasaytirish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish maqsadida ko‘kalamzorlashtirish rejalarini ishlab chiqishda foydali bo‘lishi mumkin.

Ushbu ma’lumotlar strategik rejalashtirish uchun muhim bo‘lsa-da, daraxtlarni aniq hududlar bo‘yicha taqsimlash uchun yetarli emas. Tadqiqotning keying bosqichlarida boshqa shaharlarning iqlim sharoitlarini o‘rganish va hozirgi natijalar, ayniqsa, yoz faslida ularga qanchalik mos kelishini aniqlash rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid