Jamiyat | 20:00 / 14.01.2019
40398
10 daqiqa o‘qiladi

«Biz ham kursdoshlarimiz kabi rag‘batni istaymiz»​. O‘zbek OTMlarida tahsil olayotgan xorij talabalari nimadan norozi?

Foto: Sputnik

O‘zbekistonda tahsil olayotgan xorijiy talabalar juda kam: 2017 yil holatiga ko‘ra, atigi 709 nafarni tashkil etgan. Hozirda ko‘rsatkich uzog‘i 1000 nafarga yetgan bo‘lsa kerak. Qo‘shni mamlakat – Qozog‘iston oliy ta'lim dargohlarida chet elliklarning salmog‘i qariyb 14 mingni (15.02.2018 ga ko‘ra) tashkil etadi. 2020 yilga borib, ushbu ko‘rsatkich, 50 ming nafar xorijiy talabani qamrab olgan holda, yana yuqorilashi kutilmoqda. Buning ustiga, qo‘shni respublikada oliy ta'lim sifati nisbatan yuqori. Demak, har bir universitet obro‘sini, jumladan unda tahsil olayotgan xalqaro talabalarning soni ham omil sifatida belgilab beradi.

Xo‘sh, O‘zbekiston oliy ta'lim tizimida nega bu ko‘rsatkich bunchalik past? Qidirsak, sabablar son mingta. To‘g‘ri, so‘nggi 2 yil ichida dunyo reytingiga kirishga harakatlar sezilyapti. Qabul kvotalari erkinlashtirilishi, qo‘shma fakultetlar, iqtisodiy mustaqillik va boshqalar misol bo‘la oladi. Lekin baribir ham bu tizimda davlatning yillar davomida yakka monopol bo‘lib kelgani, natijada islohotlarni erkin tarzda amalga oshirishga to‘sqinlik qilinayotgani, ayniqsa, OTM rektorlariga juda ham bilinsa kerak, chunki «mustaqil» qaror qabul qilayotganda, albatta, vazirlik bilan maslahatlashiladi. 

Kun.uz'ga murojaat qilgan xorijlik talabaning aytishicha, u xorij fuqarosi bo‘lgani uchun kontrakt to‘lovini mahalliy talabalar uchun belgilangan miqdordan deyarli 3 baravar ko‘p to‘laydi. Shuningdek, u barcha mahalliy talabalar singari stipendiya olmaydi. Masalani chuqurroq tahlil qilish uchun soha vakillariga yuzlanib, ikkita muhim savol bilan murojaat qildik: xorij talabalari kontrakt summasini nima sababdan oshirilgan summada to‘lashadi va nima uchun stipendiya berilmaydi?

Moliya vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, vazirlik Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi belgilab bergan summani faqatgina hisoblab berarkan (masalan, nima uchun aynan 3 baravar qimmatroq, degan savol ularni qiziqtirmaydi yoki ularda bunday ma'lumot yo‘q). 

Moliya vazirligi 2008 yilning 4 avgustidagi Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan ish ko‘radi. Unda to‘lov miqdorini real xarajatlardan kelib chiqib, 2 ming AQSh dollaridan 4 ming AQSh dollarigacha belgilash nazarda tutilgan.

Lekin real xarajatlar qaysi mezon bilan aniqlanadi, degan savolga qarorda yakdil javob yo‘q. 

Stipendiya belgilash bo‘yicha savolga keladigan bo‘lsak,  Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 17 avgustdagi «Oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiyalar to‘lash tartibi va miqdori to‘g‘risida»gi qarorida to‘lov-kontrakt va davlat grantlari asosida kunduzgi ta'lim shaklida o‘qiyotgan talabalar (xorijiy mamlakat talabalaridan tashqari) stipendiya bilan ta'minlanishi aytilgan.

Oliy ta'lim sifatini oshirish, to‘g‘ri boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, ko‘p hollarda, rektorlarga bog‘liq. Shu maqsadda O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti rektori G‘anisher Rahimov mulohazalarini ham keltirib o‘tamiz:

«Xorij talabalari uchun kontrakt to‘lovi miqdori Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan belgilangan. Bu summa xalqaro shartnomalarga muvofiq, 2000 – 4000 AQSh dollari deb tasdiqlangan.

E'tibor bersangiz, hech qaysi davlatda xorij fuqarosiga oliy ta'lim muassasasida stipendiya berilmaydi, balki o‘qishda yaxshi natija ko‘rsatgan iqtidorli talabalarga grant ajratib beriladi. Shu orqali universitetlar xorijliklarni o‘ziga jalb etadi. O‘zbekiston OTMlarida xorijliklar uchun kontrakt-to‘loviga keladigan bo‘lsak, bunda ularga yengilliklar berilgan. Xorij fuqarosini 2 xil: xorijda doimiy yashash pasportiga ega bo‘lgan va respublikada doimiy yashash uchun guvohnomasi bo‘lgan xorij fuqarosi toifasiga ajratiladi. Bunda ikkinchi toifadagi xorij fuqarosining kontrakt to‘lovi mahalliy summaga biroz yaqinroq bo‘ladi. Xorijda doimiy yashaydigan, O‘zbekistonga faqat o‘qish uchun kelganlar uchun esa yuqoridagi narx (yo‘nalishga qarab) belgilanadi.

Stipendiya haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, bu talabalarning ijtimoiy himoyasi hisoblanadi va ayni paytda bu tizim ko‘p muammolarni ham keltirib chiqaryapti. Jumladan, talaba va o‘qituvchi munosabati keskinlashuviga, o‘qish sifatining tushishiga, yoshlarda boqimandalik kayfiyati kuchayishiga olib keldi. Taklifim shundan iboratki, xorijdagi oliy ta'lim muassasalari kabi stipendiyalar faqat iqtidorli talabalar uchun ajratilsin. Shunda talabalar o‘rtasida raqobat kuchayadi, ta'lim sifati birmuncha oshadi va stipendiyaga nisbatan ijtimoiy himoya emas, balki rag‘bat degan qarash yuzaga keladi»​.

Xorijlik talabalar qanday fikrda?

Toshkent Davlat stomatologiya instituti talabasi, Tojikiston fuqarosi shunday deydi:

«Ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonda yashayman. Shu yerda ulg‘aydim va ta'lim olmoqdaman. Universitetda to‘lov-shartnoma asosida tahsil olaman. Har yili 3 baravar oshirilgan summadagi shartnoma puli to‘layman. Bunisiga roziman, lekin biz kabi chet el fuqarolariga stipendiya berilmasligi juda qiziq holat. Biz ham kursdoshlarimiz (O‘zbekiston fuqarolari) kabi teng huquqli talabamiz va bir xil shaklda ta'lim olamiz. Stipendiya biz uchun nafaqat ijtimoiy yordam, balki rag‘bat ham-ku? Bizda sal bo‘lsa-da umid paydo bo‘larmidi? 

Ota-onam Rossiyada ishlaydi. Ulardan kundalik xarajatlar uchun hadeb pul so‘rayverish noqulay. Ishlay desam, o‘qishdan ortolmayman (tibbiyot sohasida mas'uliyatli bo‘lish shart). Stipendiya masalasi qayta ko‘rib chiqilsa, chet ellik talabalar soni ham ortadi. Bu esa davlat budjetiga katta foyda keltirishi hech kimga sir emas»​.

Toshkent Tibbiyot institutiga xorijiy fuqarolik pasporti bilan, to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan boshqa talaba ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

«To‘lov-shartnoma qimmatroq. Stipendiya esa umuman berilmaydi. Bu masalada dekanatga murojaat qilganimda, hech qanday asosli javob berishmagan. Hozirda yiliga 20 mln. so‘m kontrakt to‘layman. Ota-onam ham qiynalishmoqda. Men kabi xorijlik talabalar uchun nega bunday tizim qo‘llanilmoqda?»​.

Guliston Davlat universiteti xorijiy talabasi esa hozirgi vaziyatni Qozog‘iston bilan solishtirgan.

«Men qozog‘istonlikman. Kursdoshlarimga o‘xshab stipendiya olib o‘qishni istayman. Bu yerda kontrakt asosida o‘qiyman, chunki biz uchun davlat granti ajratilmagan. O‘z yurtimda xorij talabalariga turli grantlar ajratilgan. Ularni universitetlarga jalb qilish uchun har xil dasturlar ishlab chiqilgan. Turli davlat fuqarolari bo‘lsak-da, biz, yoshlar, teng huquqlimiz. Shuni unutmaslik lozim. Har oyda kursdoshlarim stipendiya olganida,  o‘zimni ulardan ajralib qolganday his qilaman. Bu, qaysidir ma'noda, diskriminatsiyani ham vujudga keltiradi, deb o‘ylayman»​.

Oliy ta'lim vazirligi tomonidan tayyorlanib, loyiha sifatida keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan «Oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»​​gi Prezident qarorining 10-bandida 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalari rektorlariga (filiallar direktorlari) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda, xorijiy fuqarolarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini tegishli ta'lim yo‘nalishi yoki mutaxassislik bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan to‘lov miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda, mustaqil belgilash vakolati beriladi, deb aytilgan.

Bundan xulosa qilish mumkinki, rektorlar xorij talabalari uchun to‘lov-shartnomani hozirgi narxidan oshirishi yoki pasaytirishi mumkin. 

Ushbu bandda esa stipendiya joriy etish masalasi ko‘rsatib o‘tilmagan. Demak, bu hali reallikda bo‘lmaydi. 2018 yilning 17 dekabrida muhokamaga qo‘yilib, 2019 yil 1 yanvarda tugallanishi rejalashtirilgan qaror loyihasi tez orada qabul qilinishi kutilmoqda. 

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning Kun.uz muxbiriga bildirishicha, kelgusida O‘zbekiston Markaziy Osiyo ta'lim xabiga aylanishi lozim. Ushbu tashabbusning ijobiy jihatlari shundaki, kelajakda O‘zbekiston siyosatiga sadoqatli, mamlakat haqida yetarli ma'lumotga ega xorijdagi yosh kadrlar alma mater bilan aloqalarni rivojlantirishga intiladi. Eng kamida – mintaqada sifatli ta'lim sharoiti va raqobat muhitini yaratishga yordam beradi.

O‘ylaymizki, qaror loyihasi kutilganidek, xorijiy talabalarni ham xursand etuvchi bandlar bilan qabul qilinadi. ​

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid