Sudyalar moddalarni qo‘llashda “aylanib o‘tyapti” - ekspertlar oiladagi zo‘ravonlikka qarshi qonun qanday ishlayotgani haqida
O‘zbekistonda ayollar va bolalar huquqlari himoyasiga qaratilgan qonun qabul qilinganiga bir yil to‘ldi. Qonun ustida ishlagan ekspertlar bilan suhbatda sudlarda bu qonunning qanday talqin qilinayotgani, qonun o‘rnida o‘tayotgan “rahbarlarning gapi” haqida so‘z boradi.
Qozog‘istonda xotini Saltanat Nukenovani qiynab o‘ldirgan sobiq amaldor Bishembayevning sud jarayonlarida bergan ko‘rsatmalari dunyo hamjamiyatini hayratga soldi. Ya’ni o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirishga beriladigan 20 yil yoki umrbod qamoqni ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish to‘g‘risidagi moddaga almashtirishga urinish. Shu kunlarda Namanganda 68 yoshli shaxsning 7 yashar qizchaga qilgan zo‘ravonligi uchun avvaliga jinoiy ish qo‘zg‘atildi, keyin esa qayta malakalanib u qamoqqa olindi. Har ikkala ishda ham “moddalar o‘yini”ni ko‘rish mumkin.
Saltanat o‘limi fonida Qozog‘istonda ham oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonun qabul qilindi. O‘zbekistonda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qiluvchi, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi jinoiy javobgarlik kuchaytirishni belgilab bergan qonun qabul qilinganiga 1 yil bo‘lyapti. Kun.uz mazkur qonunning qanday ishlayotganini tahlil qilish maqsadida jamoatchilik faollari va qonun ustida ish olib borgan ekspertlarni suhbatga tortdi.
Kamola Aliyeva, huquqshunos:
“Oilaviy zo‘ravonlikning jinoyat sifatida e’tirof etilib, ma’muriy va jinoiy kodeksga kiritilishi mamlakatimiz uchun juda katta yutuq bo‘lgan. Bunga bir yildan oshdi va shu davrda himoya orderlari bilan birga sud qarorlari ham qabul qilinmoqda.
Baho berish uchun bir yil ertadir balki. Lekin olib borilayotgan tadqiqotlar yuzasidan gapiradigan bo‘lsak,Toshkent davlat yuridik universitetining 2 nafar tadqiqotchilari tomonidan mana shu sud qarorlari ko‘rib chiqilib, tahlil qilindi. Tahlilga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlikda ayblanayotgan zo‘ravonni jazolash bilan bir vaqtning o‘zida shu ayollarning o‘zini ham jazolayotgani ma’lum bo‘lgan. Bunaqa paradoksal holat hech qaysi huquq tizimida yo‘q ekanini aytishgan.
Qonunni qo‘llashda sudyalar ayolga nisbatan shaxs sifatida emas, bo‘ysunuvchi xotin sifatida qarashayotganiga guvoh bo‘lamiz. Qonunning to‘g‘ri ishlashini ta’minlash uchun huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini buni to‘g‘ri tatbiq etishga o‘rgatish kerak. Undan keyin vaziyatga baho berish mumkin, ammo ayni paytda qonun ikki tarafga ishlayapti.
Sud qarorlarida ham bu holatni ko‘rishimiz mumkin. Sudyalar tomonidan ishlarda ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 59/2 moddasini qo‘llashda yarashtiruv bo‘lmaganligi sababli boshqa tarafdan aylanib o‘tib, 21-modda bilan, ya’ni ijtimoiy xavfliligi yuqori bo‘lmagan jinoyat ekanligiga urg‘u berib, oilaviy masala sifatida qarab ishlarni yopib yuborayotganliginiyam ko‘rishimiz mumkin.
Qonunning qabul qilinganligi yaxshi, biz bu kartinani ko‘rishimiz kerak edi. Chunki qayerda, qay tarafdan kelib ishlashimiz va bu muammoga qanday yondashishimizga “shparkalka” vazifasini o‘taydi.
Oliy sud matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilning
1-choragida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan 318 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 97 nafariga jarima jazosi, 221 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 4 343 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 2 344 nafariga jarima jazosi, 1 999 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.
Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 134 nafar shaxs sudlanib, ularning 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 83 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) bilan 40 nafar shaxs sudlanib, ularning 13 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 27 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Dilfuza Qurolova, huquqshunos:
“Qonun qabul qilinganida statistika ko‘p bo‘lishini aytgan edim. O‘ylashimcha, yil oxirida bundan ham ko‘p bo‘ladi. Keyingi yil ham ko‘p bo‘ladi. Chunki bundan avval bu statistika 0 bo‘lgan. Bunday malakalanuvchi oilaviy zo‘ravonlik degan jinoyat turi bizning qonunchilikda bo‘lmagan.
2023 yilning aprelidan kuchga kirdi va statistika 0dan yuqoriga qarab o‘sishni boshladi. Odamlar bu qonun haqida bilishlari, ma’lumotga ega bo‘lishlari uchun bu ro‘yxat ko‘tarilishi kerak. Oilaviy zo‘ravonlik hatto huquqbuzarlik hisoblanmagandan keyin odamlarning xayoliga kelmaydi bu. Asta-sekin bu statistika ko‘tarilgandan keyin ularda tushuncha paydo bo‘ladi: ursa jazolanishi yoki qamalishi mumkinligi haqida. Aholiga shunday fikr singganidan keyin bu statistika pasayadi. 4-5 yildan keyin bu statistika kamayishi kerak, deb o‘ylayman”.
Mazkur Qonun bilan 5 ta kodeks va 10 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan, oilaviy zo‘ravonlik, shilqimlik uchun javobgarlik belgilangan edi. Shu o‘rinda huquqshunos qonundagi yanada takomillashtirilishi kerak bo‘lgan o‘rinlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Agar oilaviy zo‘ravonlik sodir etilganda yarashtiruv bo‘lib, sud tugatilsa, hech kimga sudlov berilmaydi. Bu degani keyingi safar qaytib zo‘ravonlik sodir etilganda yana birinchi marta yuz berayotganday qabul qilinadi. Hali statistikani kuzatishda davom etamiz. Mana shu zo‘ravonlar necha marta huquqbuzarlik qilgan bo‘lsa ham agar unga jarima yoki boshqa jazo berilmagan bo‘lsa, u yana zo‘ravonlikni davom ettiraveradi. Qaysi bosqichda bo‘lmasin zo‘ravonga hech bo‘lmaganda “sudlangan” degan nom berilishi kerak. Yoki qayerdadir uni avval ham shu ishni sodir etganligini qayd etish kerak. Qayta sodir etaversa unga og‘irlashtiruvchi modda bo‘lishi kerak. Chunki mana 1 yil o‘tdi va shu vaqt ichida biz shu muammolarni ko‘rib chiqdik” deydi Qurolova.
Jamoatchilik faoli Aqida Mohirova ayrim holatlarda statistikani sun’iy kamaytirishga urinishlar haliyat borligini aytdi:
“Balki statistika bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Chunki butun respublikani bilmaymiz, ko‘p arizalar profilaktika inspektorlarining xonasida hal qilinishi mumkin. Eng kam murojaat Toshkentda, asosan hududlarda ko‘proq uchraydi. Zo‘ravonlikka uchragan, o‘zining va bolalarining hayoti xavf ostida qolgan ayollar uchastka nozirlari arizasini qabul qilmagandan keyin menga qo‘ng‘iroq qilishadi.
Bizda shunaqa tendensiya borki, qonunni o‘rniga yuqori turuvchi rahbarlarning gapi, ya’ni statistikani oshirmaslik nazarda tutiladi. Bu nafaqat zo‘ravonlik, jinoyatchilikda, suitsidda ham ko‘zga tashlanadi. Qaysi hududda bular ko‘payib ketsa, sariq, keyin esa qizil hududga aylanarkan. Va ularga xayfsan beriladi, yana takrorlansa ular ishidan ayrilishadi. Shuning uchun sun’iy ravishda statistikani tushirish ham uchraydi.
Qachonki jamiyatda ma’lum bir shaxslarning, rahbarlarning gapi emas - qonun ishlasagina natija bo‘lishi mumkin. Bu qonunning qabul qilingani judayam yaxshi. O‘rta Osiyoda O‘zbekiston birinchi bo‘lib qabul qildi bu qonunni. O‘shanda Qirg‘iziston va Qozog‘iston faollari shunday qonun qabul qilinishini talab qilib namoyishlar o‘tkazishgandi. Bugunga kelib Beshimbayev ortidan qabul qilindi.
Men bir amaliyotchi sifatida aytamanki, ko‘pincha jamoatchilik faollariga murojaat qilishadi va ular bu masalani ko‘targandan keyingina e’tibor qaratilyapti. Masalan, arizalarini qabul qilmaslik, himoya orderlarini bermaslik kabi. OAVga chiqqandan keyin 2 haftada berilmagan himoya orderi 2 soatda beriladi”.
Zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar IIBga “o‘z huquqini bilib murojaat qilish”lari, 80 %i shilqimlikka uchrayotgan, o‘zlari uchun kurashayotgan ayollar va boshqalar haqida suhbatning to‘liq shaklida tanishish mumkin.
Mavzuga oid
16:34
Bolalar ombudsmani yosh bolalar xivchin bilan savalangani aks etgan videoga munosabat bildirdi
16:55 / 15.11.2024
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun imzolandi
22:39 / 13.11.2024
Samarqandda maktab o‘quvchisini zo‘rlaganlikda gumonlanib 8 kishi ushlangan – Bosh prokuratura
12:03 / 13.11.2024