Jahon | 09:50 / 18.09.2021
28629
7 daqiqa o‘qiladi

Eron asosiy tarkibda, Putin ekrandan kuzatdi, Rahmon xavfsizlik kamari tashkil etishga chaqirdi. ShHT yig‘ilishi yakunlari

Tojikiston poytaxti Dushanbeda Shanhay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo mamlakatlar yetakchilari ishtirokidagi tashkilot faoliyat yurita boshlaganiga 20 yil to‘lgani munosabati bilan yubiley yig‘ilish o‘tkazildi. Bu a'zolarga Afg‘oniston muammosini muhokama qilish uchun yaxshi bahona bo‘ldi.

ShHTga a'zo mintaqaning ikki giganti Rossiya hamda Xitoy yig‘ilishda «ikkinchi tarkib bilan» qatnashdi. Shuningdek, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ham yig‘ilishda onlayn formatda ishtirok etdi. Putin videoaloqa orqali qatnashishi sababini atrofidagilarda koronavirus chiqqani bilan izohladi. Qolganlar esa nega Dushanbega bormaganini izohlab ham o‘tirmadi.

Tojikistonda o‘tadigan barcha tadbirlar kabi bu katta yig‘ilish ham dabdaba bilan o‘tkazildi. «Qasri millat» mahalliy meva va sabzavotlar bilan bezatildi. Norasmiy tadbirlarda bir qancha tafsilotlarni bilib olish mumkin bo‘ldi. Masalan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ovqatlanishga o‘g‘li Nikolay bilan birga bordi. Kolya otasining juda ko‘p xorijiy safarlarida hamrohlik qiladi.

Lukashenko bilan bog‘liq yana bir xabar. Tojikistonga safar vaqtida Belarus prezidentiga uning Umka laqabli iti ham hamrohlik qildi. Lukashenko haqidagi xabarlarni birinchi bo‘lib yozib boruvchi «Pul pervogo» telegram kanali itning suratini e'lon qildi va «Umka barchangizga salom yo‘llayapti», deb yozdi.

Bu surat bejiz qo‘yilmadi. Lukashenko xush ko‘rmaydigan mahalliy nashrlar uning sevimli iti nemis ovcharkasi bilan urishib, o‘lib qolgani haqida yozgandi. Kanal shu tariqa siyosiy hushyorlik ko‘rsatib bunday xabarlarga raddiya berdi.

«Dollardan voz kechish kerak»

Aleksandr Lukashenko ShHT yig‘ilishida tashkilotga a'zo davlatlar o‘zaro bitta valutaga ega bo‘lishi kerakligini va dollardan voz kechish vaqti kelganini aytdi.

«Oxirgi vaqtlarla sodir bo‘layotgan voqealar barchamiz biladigan bir valutaga bog‘langanlarning unga qaramligi oshayotganini ko‘rsatmoqda. Bu nafaqat bizga moliyaviy jihatdan ustunlik bermaydi, balki milliy xavfsizligimizga tahdid soladi. Undan (dollardan) tobora ko‘proq siyosiy maqsadlarda foydalanishmoqda», dedi Lukashenko. Belarus prezidenti ShHT banki va fondi tashkil etilishini olqishladi.

«Afg‘on aktivlarini qaytarish kerak»

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda bir necha takliflarni ilgari surdi. Xususan, Afg‘onistonning yangi hukumati bilan muloqotda bo‘lish kerakligini aytdi. «Bu borada muzlatilgan Afg‘oniston davlat aktivlarini qaytarish masalasini o‘ylash kerak», dedi Mirziyoyev.

Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidenti Afg‘oniston masalasida doimiy muloqot muhimligini ta'kidladi, Afg‘oniston – ShHT formati doirasidagi muloqotlardan birinchisini Toshkentda o‘tkazishni taklif qildi. Mirziyoyev xalqaro muloqot Afg‘onistondagi barcha millatlar va ayollar huquqi ta'minlanishi uchun muhimligini ta'kidladi.

Putin: «20 yilda erishishgani toliblarga qurol tashlab ketish bo‘ldi»

Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb mamlakatlari, xususan, Amerika Afg‘onistonda muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqida gapirdi. Putinning fikricha, Afg‘onistondagi holat turbulentlikni (samolyotni parvoz vaqti tebratib yuboradigan havo oqimi) eslatadi. Shuningdek, Putin AQSh va ittifoqchilarining Afg‘onistondan ketishini «qochish», deb atadi. Rossiya yetakchisi ShHTga a'zo davlatlarning ko‘pchiligi Afg‘oniston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri chegaraga ega ekani afg‘on inqirozi mintaqaga jiddiy xavf tug‘dirishini aytib o‘tdi.

Afg‘oniston atrofida xavfsizlik kamari

Yig‘ilish mezboni bo‘lmish Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon so‘zga chiqar ekan keskin fikrlarni bildirdi. Xususan, u mamlakat o‘z pozitsiyasida sobitqadam ekanini ta'kidladi. Imomali Rahmon Afg‘oniston atrofida xavfsizlik kamari tashkil qilish kerakligini aytdi. Unga ko‘ra bu ShHTga a'zo mamlakatlar hududiga terroristik guruhlar kirishining oldini oladi.

Shuningdek, Tojikiston yetakchisi afg‘on xalqi qiyin ijtimoiy inqiroz holatiga tushib qolganiga e'tibor qaratdi. Uning aytishicha, ayni damda afg‘onistonliklarning 90 foiziga ochlik xavf solmoqda. Shu sabab mamlakatga insonparvarlik yordami yuborish lozim. Rahmonning fikricha, toliblar qamalidan keyin ayniqsa Panjsherdagilar qiyin holatda qolgan va gumanitar yordamga muhtoj.

Tojikiston prezidenti Afg‘onistonda tuzilgan yangi hukumat talabga javob bermasligi va toliblar dunyo uchun begona bo‘lgan amirlik tuzmoqchi ekanini ta'kidlab o‘tdi. «Afg‘onistonda tuzilgan yangi hukumat kutilganidek bo‘lmadi va yetarlicha inklyuziv bo‘lmadi. Bayonotlariga qaralsa, toliblar zamonaviy dunyo uchun begona bo‘lgan islom amirligini tuzmoqchi, xolos», dedi u.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Afg‘onistonga gumanitar yordam yuborish uchun maxsus «hab» tashkil etishni taklif qildi.

Unga ko‘ra ShHT mamlakatlari birgalikda Afg‘oniston bilan muloqot o‘tkazishi kerak. Faqat shu yo‘l bilan toliblarning kelajak borasida real maqsadlarini bilish va shunga qarab ishlash mumkin bo‘ladi.

Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpin esa Afg‘onistonda hamma bilan barobar ishlaydigan siyosiy tizim tashkil etish kerakligini aytdi.

Xitoy yetakchisi Afg‘onistonning yangi siyosiy formatga «silliq o‘tishi» muhimligini ta'kidladi.

40 yilda ilk marta tinchlikni ta'minlash imkoni

Pokiston bosh vaziri Imron Xon Afg‘onistonda 40 yil deganda nihoyat tinchlik o‘rnatish imkoni paydo bo‘lganini va bu imkoniyani qo‘ldan boy bermaslik kerakligini ta'kidladi. Imron Xonga ko‘ra Pokiston qo‘shni Afg‘onistondagi urush sabab 80 ming fuqarosini va 150 milliard dollar mablag‘ini yo‘qotgan. Shuningdek, urush sabab Pokistonga 4 million afg‘onistonlik qochoqlar o‘tgan.

«Afg‘oniston terrorchilar uchun boshpana, narkotik sotiladigan hudud va qochoqlar makoni bo‘lmasligi kerak. Oldingi hukumat 75 foiz xalqaro hamjamiyat ko‘magi evaziga mavjud edi. Afg‘onistonga xalqaro gumanitar yordam berish jarayonini tizimlashtirish kerak», dedi Imron Xon.

Eron asosiy tarkibda

ShHTga Tojikistondagi yig‘ilishda navbatdagi a'zo qabul qilindi. Shu vaqtgacha kuzatuvchi maqomida bo‘lgan Eron endilikda ShHTning to‘laqonli a'zosiga aylandi. Eronning tashkilotga a'zo bo‘lib kirishi to‘g‘risidagi hujjat a'zo davlatlar tomonidan imzolandi.

Shuningdek, tashkilot a'zolari Saudiya, Qatar va Misr bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ham hujjat imzolashdi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Mavzuga oid