Jahon | 18:33 / 29.06.2023
32562
2 daqiqa o‘qiladi

Gurbanguli Berdimuhamedovga tug‘ilgan kunida medal, orden va Arkadag‘ shahri sovg‘a qilindi 

Turkmanistonning sobiq prezidenti 66 yoshga to‘ldi. 

Foto: turkmenistan.gov.tm

Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 29 iyun kuni 66 yoshga to‘ldi. Bu sana mamlakatda keng miqyosda nishonlandi, jumladan, uning sharafiga nomlangan Arkadag‘ (Orqatog‘) shahrining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. 

Turkman davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, Arkadag‘ shahrining ochilish marosimida prezident Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdi. Bayram tantanalari Turkmaniston prezidentining Axalteke ot sporti majmuasiga tegishli Oqxon oti haykali yonida boshlandi. 

Qayd qilinishicha, Arkadag‘ — Axal viloyatining ma’muriy markazi bo‘lib, hozir faol qurilish bosqichida. Taxminan 70 ming kishi istiqomat qiladigan yangi ma’muriy markaz Ashxoboddan 30 km janubi-g‘arbda joylashgan 950 gektar maydonda qurilmoqda. 

Tantanalarda Gurbanguli Berdimuhamedov ko‘rinish bermadi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u tug‘ilgan kunida Makkani ziyorat qilish uchun Saudiya Arabistoniga ketgan. Uning samolyoti Jidda shahri aeroportida ekani aytilmoqda. 

Bir kun avval sobiq prezident Turk dunyosi muhandislar va arxitektorlar ittifoqi bosh kotibi Ilyos Demirchi bilan uchrashdi. Unga «Turk dunyosi oldidagi ulkan xizmatlari uchun» medali topshirildi. Shuningdek, Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSO‘Y) bosh kotibi Sulton Rayev Gurbanguli Berdimuhamedovni «TURKSO‘Y» ordeni bilan taqdirladi. 

Shu bilan birga, sobiq davlat rahbari tavallud kunida «Hayotimning ma’nosi» asarining davomi bo‘lgan «Hayotim mazmunining davomi» kitobini yozib tugatdi. Unda «Turkmaniston ichki va tashqi siyosatining asosiy jihatlari, jumladan, yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va ta’lim tizimini takomillashtirish» haqida so‘z boradi. 

Mavzuga oid